Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sobiq davlat xizmatchisi qanday qilib 3D-printerlar ishlab chiqaruvchi startapga asos solgani haqida

Sobiq davlat xizmatchisi qanday qilib 3D-printerlar ishlab chiqaruvchi startapga asos solgani haqida

Foto: «Spot»

«Greencode Lazer» hamasoschisi Nurmat Xudanov davlat xizmatidan ketdi va 3D-printerlar qurilmasini o‘rganib, mamlakatda birinchi bo‘lib uning davomiy ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘ydi. Bu haqida mutaxassis «Spot.uz»ga hikoya qilib berdi.

«Yosh texnik»dan 3D-chop etishga

Uzoq vaqt davlat tizimlari va ishlab chiqarish kompaniyalarida ishladim, boshqaruv asoslari va biznesni yuritishni yaxshi o‘rgandim. Shaxsiy ishimni ochishga tayyorligimni his qildim va 2013-yili hamkasblarim bilan shtansforma va suvenirlar ishlab chiqarish bo‘yicha «Greencode Lazer» korxonasini ishga tushirdik.

Sanoat uskunalarini Xitoydan sotib oldik, lekin ularning ko‘pini o‘zimizda ham ishlab chiqarish mumkinligi e’tiborimni tortdi. Shu tarzda ushbu yo‘nalishni o‘rganish ishtiyoqi tug‘ildi va men mustaqil o‘rganishni boshladim.

Texnikani bolalikdan yoqtiraman. «Fan va turmush», «O‘zing bajar», «Yosh texnik» jurnallariga obuna bo‘lardim, ularga qarab o‘yinchoq va qurilmalar yasardim. Uyda unchalik katta bo‘lmagan ustaxonamiz bor edi, otam uskuna va ashyolar sotib olishga yordam berardi.

Keyinchalik dasturlash bilan shug‘ullandim, 2016-yildan robottexnika asoslarini o‘rgana boshladim, shunda 3D-printerlarga ham qiziqib qoldim. Qiyinchiliklar bo‘ldi, ammo menga ularni hal qilish yoqadi. Tarkibiy qismlar bilan bog‘liq muammolar chiqib, ayrim detallarni o‘zim yasashimga to‘g‘ri keldi. Internetda printerni yig‘ish bo‘yicha ko‘plab variantlar bor, har bir ehtiyoj uchun qo‘shimcha kiritish bilan ularga asoslanish mumkin.

Foto: «Spot»

Ishga tushirish: birinchi prototip 1000 dollarga

2017-yil birinchi prototipni yig‘dim. Birinchisi doim qimmat bo‘ladi, qariyb 1000 dollar sarfladim. 3D-printerni yig‘ishga ikki hafta ketdi, tarkibiy qismlar Xitoydan bir oy ichida keldi. Ikkinchi prototipda osonroq bo‘ldi, uni bir haftada yig‘dim.

Hozir biz uch turdagi 3D-printerni ishlab chiqarishni o‘zlashtirdik: delta-printer, H-bot va ikki bosma golovkali printer. Delta-printer oddiy foydalanuvchi uchun murakkab, u ancha aniq hisob-kitob, sozlash va kalibrlashni talab qiladi. Uni o‘zim uchun yiqqanman, shunchaki qiziqish tufayli. Foydalanuvchilarga esa H-bot to‘g‘ri keladi, uni oson o‘zlashtirish mumkin, shuning uchun bu model keng tarqalgan.

Printerlarni yig‘ish bilan to‘rt kishi shug‘ullanadi, hozir to‘rtta ishlaydigan prototip yasadik. Bir oyda 100 tagacha shunday qurilma yig‘ishni rejalashtirayapmiz.

3D-printer modelining bazaviy o‘lchamlari — 20×20×30 sm. Yirik predmetlarni modullarga ajratib chop etish mumkin.

Bizning printer 3,5 mln so‘m (427 dollar) turadi. Import variantlari narxi bilan solishtiring: 350-500 dollar + yetkazib berish uchun yana 250 dollar.

Yana uning buzilishi mumkinligi va ehtiyot qismlarini uzoq kutish kerakligini hisobga olish lozim. Biz esa nafaqat printerlarni yig‘amiz, balki ularga to‘liq xizmat ko‘rsata olamiz. Shuningdek, printerni qayta to‘ldirish uchun xomashyolar sotuvini yo‘lga qo‘yishniyam rejalashtirayapmiz.

Foto: «Spot»

Sarmoya: 280 million so‘m

2017-yili ishlab chiqarishga 150 mln so‘m sarmoya kiritilgandi, mablag‘ binoni ta’mirlash, qurilmalar, uskunalar xarid qilishga sarflandi. 2017-yilning aprelida Yakkasaroy kichik sanoat hududidan 350 m2 joyni ijaraga oldik. 2018-yilda yana 130 mln so‘mlik sarmoya kiritmoqchimiz.

Loyihaning o‘zini-o‘zi qoplashiga ikki-uch yilcha ketsa kerak deb o‘ylayman. Chunki bu hali yangi soha, odamlar 3D-printerlar imkoniyatlarini tushunib yetishlari uchun vaqt kerak. Bu biznesning rentabelligi — 20-30 foiz.

Olinadigan foyda yanada kengayishimiz, yangi modellar ishlab chiqishimiz uchun qayta investitsiya qilinadi. Asosiy biznesimiz(shtansforma va suvenirlar ishlab chiqarish)dan tushadigan daromadniyam 3D-printerlar loyihasiga yo‘naltiramiz.

2017-yilning avgustida biz «Yashnobod» innovatsion texnoparki rezidentiga aylangan edik, chunki O‘zbekistonda 3D-printerlar yig‘ish — yangi yo‘nalish. Bu yerda davomiy ishlab chiqaruvchilar yo‘q: printerlarni yoki import qilishadi, yoki shunchaki qiziqish uchun shaxsiy foydalanishga yig‘ishadi.

Printerni qayta to‘ldirish uchun xomashyolar ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar bor. Mahalliy mahsulotning bir kilogrammi o‘rtacha 120 ming so‘m (qariyb 15 dollar), import material esa 23 dollar turadi. Albatta, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning assortimenti unchalik keng emas, biroq kim izlasa, o‘sha topadi.

Foto: «Spot»

3D-printerni qayerda ishlatsa bo‘ladi?

O‘zbekistonda 3D-chop etishni robottexnika detallari tayyorlashda, o‘yinchoq va suvenirlar, quymalar uchun detallar, zargarlik buyumlari uchun shakllar yasashda foydalanish mumkin. Imkoniyatlar faqat sizning tasavvuringiz va printernning texnik imkoniyatlari bilan cheklanadi. Agar 3D-printerni tijoriy maqsadda xarid qilsangiz, o‘rta hisobda yarim yilda o‘zini qoplaydi.

Mustafo Mingboyev birinchi mijozlarimizdan hisoblanadi. Uning «Mingbaev’s Academy of Robotics» kompaniyasi 3D-chop etish yordamida inson a’zolarining bionik protezlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Biz Mustafo bilan 2017-yilning mayida Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida tanishgan edi. Shunda u menga printer buyurtma qilgandi, yaqinda u yana birini sotib oldi.

Printer bilan ishlashni o‘zlashtirish uchun o‘nlab nyuanslarni o‘rganish lozim. Birinchi bosqichda men ekstruder (chop etish golovkasi) ichida plastik blokirovkasi, yopishishiga duch kelganman. Bu normal holat, yangi qurilmani o‘rganishda muammo doim yuzaga keladi — asosiysi tajriba to‘planadi.

Mening 3D-printerlarimni xarid qilishni istovchilar bilan doim shu tajribalarimni o‘rtoqlashaman. Jamlanmaga shuningdek o‘quv materiallari, chop etish namunalari, manbalari ham kiradi. Bu birinchi bosqichda foydalanuvchi qurilmani o‘rganishga ko‘p vaqt sarflamasdan, darhol ishga kirishishiga ko‘maklashadi.

Foto: «Spot»

Har bir uyda 3D-printer

O‘zbekistonda o‘z ehtiyojlari uchun printerlar yig‘uvchi qiziquvchan insonlar ko‘p. Men ular bilan muloqot qilaman, materillar, tajribalar almashaman.

Raqobatdan cho‘chimaslik kerak, chunki bu takomillashish, hamkorlik hisoblanadi. Misol keltiraman: printer yig‘ishni endi boshlagan paytimda detalni buzib qo‘yganman. Yangisini chetdan keltirish uchun bir oy kutish  — vaqt va sarmoyani yo‘qotish demakdir. Shunda seximizda bu muammoni yechishga yordam beradigan hamkasblar topildi.

Agar raqobat bo‘lsa, demak, mahsulotga talab bor, soha esa rivojlanayapti. Uning yoramida mahsulotni o‘rganish, biznesni rivojlantirishning yangi yo‘nalishlarini topish mumkin.

2018 yilda loyihani to‘liq ishga tushirishdan umidvorman, shu bilan birga, bu sohani harakatlantiradigan hamfikrlar soni o‘sishini istayman. Albatta, eksportni ham yo‘lga qo‘yish qiziqarli, ammo birinchi maqsad — O‘zbekistonda jadal rivojlanish.

Uch yil avval 3D-printer 13 million so‘m turardi, bugun esa — 3 million.

Texnologiyalar arzonlashayapti va bu kishini xursand qiladi — demak, bu ish bilan qattiq shug‘ullanishning ayni vaqti. Umid qilamanki, yaqin vaqtlar ichida 3D-printerlar oddiy printerlar qatorida keng tarqala boshlaydi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring