Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1-iyuldan «Ochiqlik indeksi»ning yangi uslubiga o‘tiladi

1-iyuldan «Ochiqlik indeksi»ning yangi uslubiga o‘tiladi

Foto: «Uz24.Uz»

Poytaxtimizdagi «Ko‘rgazma savdo markazi» majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari qo‘mitasining «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash» mavzuidagi seminari tashkil etildi, deb xabar bermoqda «O‘zA».

O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 5-maydagi «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonuni fuqarolarning ijtimoiy ahamiyatga molik axborotlardan foydalanishini huquqiy kafolatlash bilan bir qatorda davlat organlari faoliyati ochiqligini ta’minlashning shakl va uslublari, davlat organlari va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro axborot almashishning aniq mexanizmlarini belgilab berdi.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish bo‘yicha jamoatchilik kengashi shakllantirildi. Kengash ishlab chiqqan metodika hamda reglament asosida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligining monitoringi olib borilmoqda. Monitoring natijalari har yili ikki marotaba (1-yanvar va 1-iyul holatiga) e’lon qilinadi.

Seminar ishtirokchilari jamoatchilik kengashi faoliyati, kengash tomonidan amalga oshirilayotgan davlat organlarining «ochiqlik indeksi»ni baholash va monitoringini o‘tkazish natijalari bilan tanishdi. Ta’kidlanganidek, kengash tomonidan amalga oshirilayotgan davlat organlarining «ochiqlik indeksi»ni baholash va monitoringini o‘tkazish yaxshi samara bermoqda.

Tadbir davomida davlat idoralari faoliyati ochiqligini ta’minlashning yangi uslubini joriy etish bo‘yicha fikr yuritildi. Hozirgacha davlat organlari faoliyati ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha yo‘lga qo‘ygan ishlari asosida baholangan bo‘lsa, endilikda bu ishlarning sifati va soni, uning samaradorligini baholash mexanizmi joriy etiladi. Bunda, eng avvalo, davlat organlari rahbariyatining keng auditoriya bilan muloqoti nazarda tutilmoqda. Bu uslub joriy yilning 1-iyulidan qo‘llaniladi.

Tadbirda davlat organlarining ochiqligini ta’minlash, ishonchli va dolzarb axborotni jamoatchilikka yetkazishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishdagi ilg‘or tajribalar o‘rtoqlashildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring