2 yillik «sud ishi»dan so‘ng «O‘zbekiston pochtasi» aybsiz deb topildi
Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi hamda «O‘zbekiston pochtasi» AJ (UzPost) o‘rtasida davom etgan sud ishlarining navbatdagisi kompaniya foydasiga hal bo‘ldi.
2025-yilning oktyabrida «Xabar.uz» ikki idora o‘rtasida davom etib kelgan mojaroni yoritgan va unda Toshkent shahar ma’muriy sudining taftish instansiyasi inspeksiya foidasiga qaror qabul qilgani, biroq sud qarorida ayrim savollar ochiq qolganini aytgan edi.
Joriy yil 26-yanvar kuni Oliy sudning Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati arizachi tomon – «O‘zbekiston pochtasi» AJning javobgar Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi foydasiga chiqarilgan 2025-yil 26-sentyabrdagi qarorni bekor qilish haqidagi ishni ko‘rib chiqdi.
2 yildan ortiq muddatdan buyon davom etib kelayotgan sud ishlarining qisqacha xronologiyasi shunday: Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining 2025-yil 1-iyuldagi hal qiluv qarori bilan «O‘zbekiston pochtasi» AJning arizasi qanoatlantirilgan hamda Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi zimmasiga jamiyatda o‘tkazilgan soliq auditi tekshirish materiallarini qaytadan ko‘rib chiqish va qonunda belgilangan tartibda qaror qabul qilish majburiyati yuklatilgan.
Toshkent shahar ma’muriy sudi apellyasiya instansiyasining 2025-yil 6-avgustdagi qarori bilan hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan. Toshkent shahar ma’muriy sudi taftish instansiyasining 2025-yil 26-sentyabrdagi qarori bilan esa birinchi va apellyasiya instansiyasi sudining qarorlari bekor qilinib, yangi qaror bilan arizani qanoatlantirish rad etilgan.
Eslatib o‘tamiz, bu yerda gap Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi tomonidan korxonada o‘tkazilgan tekshirishdan so‘ng qo‘shimcha hisoblangan 26,3 mlrd so‘m haqida ketmoqda.
Oliy sudning Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sud majlisida hozir bo‘lgan ishda ishtirok etuvchi shaxslar vakillarining tushuntirishlarini tinglab, taftish tartibidagi shikoyatda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, o‘z xulosasini berdi.
Unga ko‘ra, soliq inspeksiyasi tomonidan jamiyatga qo‘shimcha soliqlar hisoblanishiga Litva (2 ta), Niderlandiya va BAA davlatlari kompaniyalari bilan tuzilgan xizmat ko‘rsatish shartnomalari bo‘yicha rasmiylashtirilgan xizmatlar O‘zbekiston hududida amalga oshirilgan deb bayon qilinganligi asos qilib keltirilgan.
Biroq, Soliq auditi dalolatnomasida ko‘rsatilgan xizmatning batafsil tavsifi aks ettirilmagan. Jumladan, qayerda va qanday xizmat ko‘rsatilganligi asoslantirilmagan.
Shartnomalarga asosan tuzilgan pochta xizmatihisob-kitoblarida pochta soni, og‘irligi, tarifi va summasi keltirilgan. Unda muayyan xizmat ko‘rsatilganligi yoki tashish xizmatlari amalga oshirilganligi nazarda tutilmagan.
Bundan tashqari, dalolatnomada ko‘rsatib o‘tilgan chet el kompaniyalariga jamiyat tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar jo‘natish punkti va (yoki) belgilangan punkt O‘ zbekiston hududida joylashganligi sababli ushbu ko‘rsatilgan xizmatlar miqdori tekshiruv natijasida nol stavka bo‘yicha soliqqa tortiladigan aylanmalar miqdoridan olinib, QQS bo‘yicha soliqqa tortiladigan aylanmalar tarkibiga qo‘shilib qo‘shimcha soliq hisoblangan.
Biroq, soliq tekshiruvi materiallari xizmatlar jo‘natish punkti va (yoki) belgilangan punkt O‘zbekiston ekanligi faktlar bilan asoslantirilmagan.
Soliq kodeksi 238-moddasi 1-qismining 1-bandida realizatsiya qilish joyi O‘zbekiston bo‘lgan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma (QQS) soliq solish ob’yekti ekanligi belgilangan.
Shuningdek, Soliq kodeksi 263-moddasining 3-bandida tashishlar yagona xalqaro tashish hujjatlari asosida rasmyilashtirilgan taqdirda, basharti yo‘lovchilarni, pochtani va bagajni jo‘natish punkti yoki belgilangan punkti O‘zbekiston hududidan tashqarida joylashgan bo‘lsa, yo‘lovchilarni, pochtani va bagajni tashish bo‘yicha xizmatlarni realizatsiya qilish chog‘ida nol stavka bo‘yicha soliq solish amalga oshirilishi belgilangan.
Sudlov hay’ati, o‘z navbatida, ushbu holatlarni tekshirish, haqiqiy holatni aniqlash maqsadida ishga Bojxona qo‘mitasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi mutaxassislarini ham jalb qilgan va ularning xulosalarini olgan.
Yuqorida qayd etilgan qonun normalari va bayon etilgan asoslarga ko‘ra, sudlov hay’ati soliq inspeksiyasi tomonidan qo‘shimcha hisoblangan soliqlar yetarlicha asoslantirilmagan, shartnomalar bo‘yicha amalga oshirilgan xizmatlar to‘liq tekshirilmagan deb topdi.
Shu tariqa Oliy sudning Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati mazkur ish yuzasidan Toshkent shahar ma’muriy sudi taftish instansiyasining 2025-yil 26-sentyabrdagi qarorini bekor qildi. Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining 2025-yil 1-iyuldagi hal qiluv qarori hamda Toshkent shahar ma’muriy sudi apellyasiya instansiyasining 2025-yil 6-avgustdagi qarorlarini o‘z kuchida qoldirdi.
Shuningdek, javobgar Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasidan «O‘zbekiston pochtasi» AJ foydasiga 1 mln 916,2 ming so‘m sud xarajatlarini undirish belgilandi.
Elbek,
Xabar.uz muxbiri


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter