Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bobur Oqilxonov: «AQSh investorlari O‘zbekiston bilan jiddiy qiziqishayapti!»

Bobur Oqilxonov: «AQSh investorlari O‘zbekiston bilan jiddiy qiziqishayapti!»

Bobur Oqilxonov — «Plov.com» investori, «BlockCrunch.com», «Missed.com», «Therealstart.com» loyihalari asoschisi, bir nechta yirik kompaniyalarning AKT bo‘yicha maslahatchisi.

Foto: «Xabar.uz»

Qisqacha ma’lumot:

Bu galgi suhbatdoshim — AKT bo‘yicha dunyodagi eng yetakchi mutaxassislardan biri, ayni paytda Amerika Qo‘shma Shtatlarida faoliyat olib boruvchi Bobur Oqilxonov. U 1983-yili Toshkent shahrida tavallud topgan. 17-o‘rta maktab hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro maktabda tahsil olgan. 2000-yili ta’lim olish uchun Avstraliyaga borgan va axborot texnologiyalari kollejida o‘qigan. 2004-yili Sidneydagi Charlz Styort universiteti (Charles Sturt University)ni tamomlagan. U — «Plov.com» investori, «BlockCrunch.com», «Missed.com», «Therealstart.com» loyihalari asoschisi. Bir nechta yirik kompaniyalarning AKT bo‘yicha maslahatchisi. Oilali, 2 nafar farzandi bor.

Shaxsiy veb-sayti www.bobir.com

Bobur Oqilxonov oilasi bilan.
Foto: «Xabar.uz»

Diplomat bo‘lishni orzu qilganman

— Siz IT texnologiyalar sohasidagi yutuqlaringiz bilan o‘zbekistonliklar, ayniqsa shu yo‘nalishda o‘qiyotgan, ishlayotganlar orasida ancha mashhursiz. Bolaligingizda ham shu kasbni orzu qilganmisiz?

— Yo‘q, men diplomat bo‘lishni orzu qilganman. Ota-onam ham diplomat bo‘lishimga ishonishardi. 8-9-sinflarda o‘qib yurgan paytim kompyuterga juda qiziqib qoldim. Uyimizda internetga ulangan kompyuter bor edi. Ko‘pchilik yaxshi eslasa kerak, o‘sha paytlari internetning tezligi juda past edi, hatto bitta brauzerni ochish uchun bir necha daqiqa sarflardim. Lekin bu meni maqsadimdan qaytara olmadi. Mana 17 yildirki, informatsion texnologiyalar sohasidaman. Shu sohada o‘qidim va ishlab kelmoqdaman.

21 yoshimda Avstraliyada ijtimoiy tarmoq yaratganman

— 17 yil oz muddat emas. Inson bu davrda tanlagan kasbining past-balandi, issiq-sovug‘ini ko‘rishga ulguradi.

— Ha, bugungacha umrimning teng yarmi axborot texnologiyalari sohasida o‘tdi. Jiddiy loyihalarni Avstraliyada bo‘lgan paytimdayoq boshlagandim. Bir nechta startapni dadillik bilan hayotga tatbiq eta oldim. 2005 yilda «Facebook»ka o‘xshagan ijtimoiy tarmoq ishlab chiqdim va 1 million dollar investitsiya jalb eta oldim. O‘sha paytda 21 yoshda edim va bu yutug‘imni faxr bilan tilga olaman. 2006 yilda Avstraliyadagi jurnallardan birida «Yosh o‘zbek tadbirkori ijtimoiy tarmoq yaratdi!» deb butun boshli sahifani menga bag‘ishlashgan.

Amalga oshirgan loyihalarim ko‘p, ba’zan siz kutgan natija bo‘lmasligi mumkin. Meni tinchlantiradigan kuch – o‘zimga ishonch. Inson o‘z ishiga ishonmasa, natijaga erisha olmaydi.

— Siz yaratgan ijtimoiy tarmoqning keyingi taqdiri nima bo‘ldi?

— 2007-yilda yopishga to‘g‘ri keldi. Chunki men uni ingliz tilida so‘zlashuvchi mamlakatda yaratdim. Bunday davlatlarda esa «Facebook» shiddat bilan rivojlanayotgan edi. Mening asosiy xatom shunda bo‘ldi. Agar ijtimoiy tarmoqni Rossiya yoki Xitoyda yaratganimda, loyiham 100 foiz muvaffaqiyatli bo‘lar edi.

Xatomni tushunib, Rossiyada ijtimoiy tarmoq ochmoqchi bo‘ldim. U paytda «Odnoklassniki» hali kichik kompaniya edi, «VKontakte» endi ish boshlayotgandi. Pavel Durov bilan shaxsan gaplashganman. Sankt-Peterburgdagi muzokaramizda investor sifatida mablag‘ kiritishim evaziga kompaniyaning 20 foizlik ulushini taklif qilgandi. O‘sha paytda bu ulush 100 ming AQSh dollariga baholangan edi. Navbatdagi xatomiz shu yerda bo‘ldiki, investitsiya kiritish evaziga 51 foiz aksiyani so‘radik. Shu sababli muzokara oxiriga yetmay qoldi.

Ta’kidlash joizki, «Vkontakte»ga video qo‘shishni men taklif qilganman. Chunki o‘sha paytda ijtimoiy tarmoq bo‘yicha mening yaxshigina tajribam bor edi.

Foto: «Xabar.uz»

Amerikaga qaytib kelishimni bilardim

— Avstraliyada yutuqlarga erishayotgan yosh iqtidorni Amerikaga nima chorladi?

AQShga birinchi marta 1997-yilda buvim bilan turist bo‘lib kelganmiz. Pochcham va ammam shu yerda yashashardi. O‘sha payt menga bu ulkan mamlakat yoqib qoldi. Amerikaga albatta qaytib kelaman deb astoydil niyat qilgan edim. Qaytdim, faqat 2016-yilda. Ungacha Avstraliyada 10 yil (2000—2010-yillarda), Rossiyada 6 yil (2010—2016-yillarda) yashab, o‘qib ishladim. 2013-yildan boshlab har uch-olti oyda AQShga forum va sammitlarda ishtirok etish uchun kelardim. 2016-yilda butunlay ko‘chib keldim.

— Amerikada biznes ochishga qiynalmadingizmi? Raqobat muhiti qanday?

— Yo‘q, bu narsa qiyinchilik tug‘dirmadi. Avstraliyada ham qariyb shunday edi. AQShda biznes qilish juda oson, davlat ro‘yxatidan o‘tish, buxgalteriya, hisob-raqam ochishga kunlar emas, soatlar ketadi.

Biroq bu yerda haqiqiy raqobatni ko‘rasiz. Boshqalardan o‘zib ketish uchun har kuni yangilik izlab topishga, innovatsiyalar kiritishga majbursiz. Hech kim sizga o‘z o‘rnini osonlikcha bo‘shatib bermaydi.

Bobur Oqilxonov
Foto: «Xabar.uz»

— Natijalar qanday?

— Ha, Amerikada ham rejamdagi natijalarga erishayapman deya olaman. Mening asosiy ishim internet sohasida biznesni tuzish, IT kompaniyalarga konsalting xizmatini ko‘rsatish va IT loyihalarga investorlik qilish. Bugungi kunda 3 ta mamlakatda xodimlarim bor — O‘zbekiston, Rossiya va Isroilda dasturchilar, mahsulot yaratuvchilar va dizaynerlar ishlab kelishmoqda. Turli darajadagi kompaniyalarga IT bo‘yicha maslahat beramiz, zaruriy dasturlarni yaratamiz.

Keng miqyosda hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Dunyoga mashhur «Discovery» kanalida o‘z shousiga ega Piter Nilsonga IT hamkorman. Bundan tashqari  MoMA muzeyi rahbarlaridan biri — Jenni Park Adams (Jenny Park Adams)ning  Artdex.com degan loyihasida Direktorlar kengashi a’zosiman, texnologiya bo‘yicha.

Hamkorlarim bilan yaqinda AQShda global forum qildik, jahonning eng mashhur insonlari, yirik sarmoyadorlar, kongressmenlar va nufuzli shaxslar, jami besh ming odam qatnashdi. Masalan, shu kuni forumda «Virgin Atlantic» kompaniyasi sohibi, milliarder Richard Brenson (Sir. Richard Branson), «Forbes» jurnali xo‘jayini Stiv Forbs (Steve Forbes), Garri Vennerchuk (Gary Vaynerchuk), Saymon Sinek (Simon Sinek), Gay Kavasaki (Guy Kawasaki) kabi insonlarni ko‘rish mumkin edi.

Foto: «Xabar.uz»

Blokcheyn (blockchain) – yangi dunyo sanoati

— Hozir butun dunyoda blokcheyn va kriptovalyutalar bo‘yicha bir-biriga qarama-qarshi fikrlar yangramoqda. Mutaxassis sifati sizning fikringiz qanday?

— Kriptovalyuta qoladi deb o‘ylayman. Lekin ko‘plab valyutalar yo‘q bo‘lib ketadi. Hozir dunyoda juda ko‘p, norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 3000 dan ortiq valyuta bor. Davlatlar valyutani tartibga tushirib oladi. Blokcheyn texnologiyasi 100 foiz qoladi. Dunyoning eng yetakchi mutaxassislari ayni paytda shu bilan shug‘ullanmoqda.

— Siz ham shu yo‘nalishda ish olib borasizmi?

— Albatta. Hech ikkilanmay aytishim mumkinki, biz blokcheyn sanoatida ishlayotgan eng yetakchi kompaniyalar bilan raqobatlasha olamiz. «BlockCrunch.com» degan loyiham bor, u blokcheyn va bitkoinlar bo‘yicha eng kuchli yangiliklar agregatori hisoblanadi.

Bundan tashqari Birlashgan Millatlar Tashkilotiga blokcheyn bo‘yicha maslahat xizmatini ko‘rsatamiz. Davis forumining tashkilotchilari bilan juda yaxshi aloqadamiz. Yaqinda Xitoyning IHT kompaniyasi bilan iCO (initial coin offering) qilish bo‘yicha shartnoma imzoladik. Bu degani kriptovalyuta orqali pul ko‘tarish xizmati. Bugungi kungacha 29 million dollar ko‘tarildi, yana 30 million ko‘tarish rejada bor.

Yaqinda yirik korporatsiyalardan birining Direktorlar kengashi maslahatchisi bo‘lish taklifini oldim, shu kunlarda hujjatlar rasmiylashtiriladi.

Xullas, AQShda tinimsiz harakatdamiz. Hamkorlar bilan birgalikda 2018 yil oktyabr-noyabr oylarida dunyodagi eng katta blokcheyn forumini o‘tkazish niyatidamiz.

O‘zbekistondagi o‘zgarishlardan juda xursandmiz

— Prezident Shavkat Mirziyoyev AQShga borib, vatandoshlarimiz bilan uchrashganda siz ham qatnashdingizmi? Parlamentga murojaatnomasi bilan tanishdingizmi? Bu haqda fikringiz qanday?  Prezident ta’kidlagan muammolarni hal qilish bo‘yicha qanday takliflaringiz bor?

— Prezidentimiz AQShga kelganida biznes forumga ham, qabul marosimiga ham bordim. Murojaatnomaniyam ko‘rdim. Shaxsan men juda xursandman. Biz uzoq kutgan o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Ayniqsa, joriy yilning «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» deb e’lon qilingani meni quvontirdi.

Bobur Oqilxonov AQShda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan o‘zbekistonliklar safida.
Foto: «Xabar.uz»

Prezident aytgan har bir vazifani bajarish mumkin. Bunga vaqt va mehnat kerak. To‘g‘ri, qiyin bo‘ladi. Lekin imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q. Agar tinimsiz harakat qilinsa, besh yillarda bu natijasini bermay qolmaydi. Biz qo‘limizdan kelgan xizmatni qilishga, yordam berishga tayyormiz. Bu birgina mening gapim emas, xorijda yurgan barcha vatandoshlarimizning yakdil fikri. O‘zbekistonda mening dasturchilar, dizaynerlar, sayt yaratuvchilaridan tuzilgan jamoam bor. Shu paytgacha xorij uchun ishlab kelishayotgan edi. Hozir Mirzo Ulug‘bek innovatsion markaziga rezident bo‘lish arafasidamiz. Ko‘pchilikning xabari bo‘lsa kerak, IT texnologiyalar bo‘yicha faoliyat yuritayotgan kompaniyalar innovatsion markaz qoshida birlashmoqda, hukumat tomonidan juda katta imtiyozlar berilgan.

O‘zbekistonning tashqi imijini o‘zgartirish kerak

— O‘zbekistonga xorijiy sarmoyadorlarni ko‘proq jalb etish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

— Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonning imijini o‘zgartirish zarur. Aynan xorijdagi imijini. Butun dunyo yurtimizga ishonishi kerak. Shu yilning mart-aprel oylarida tanishim Amerikadan 10-15 nafar investorni O‘zbekistonga olib bormoqchi. Judayam jiddiy delegatsiya, asosan investitsiya kiritadigan fondlar vakillari. Delegatsiya tarkibidagi insonlar mendan boraylik yoki yo‘qmi deb so‘rashdi. Vatanimizda filiallar ochmoqchi, biznes yuritmoqchi. Bizga O‘zbekiston o‘zgardi, oldingiday kafolatlanmagan sharoit emas deyishdi, rostan ham o‘zgardimi deb surishtirishayapti.

Biz ularni dadil ishontirishimiz kerak, bugungi O‘zbekiston — mutlaqo yangi davlat! Biz o‘zgarishni, yurtimizni rivojlantirishni xohlaymiz. Xorijdagilar bilishi shart, O‘zbekistonda qonunni buzmay ishlasa, aslo muammo bo‘lmaydi. Agar investorlarni ishontirishni uddalay olsak, juda katta mablag‘ oqib keladi. Buning orqasidan ishchi o‘rinlari yaratiladi.

O‘zgartirish uchun esa avval innovatsion texnologiyani rivojlantirish zarur. Bu borada davlat mas’uliyatni zimmasiga olmasa bo‘lmaydi. Rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish lozim. Rivojlanish kichik detallardan boshlanadi. Odamlarga qulaylik yaratish, turnaqator navbatlar, qog‘ozbozlikdan qutqarish kerak. Soliqni hisoblash ham, to‘lash ham oson bo‘lishi shart. Kompaniyani ochish va yopishga ham odamlar qiynalmasligi kerak. Bizda ochish oson, yopish esa azob. Esimda bor, o‘zim bir marta kompaniyamni yopish payti juda ko‘p yugurganman. Barcha tizimni soddalashtirmasdan rivojlanib bo‘lmaydi.

Biz uchun namuna bo‘la oladigan davlatlar ko‘p. Mana Singapur, Gonkong. Bizda potensial juda kuchli, undan unumli foydalanmasak bo‘lmaydi.

Foto: «Xabar.uz»

— Xorijdagi o‘zbek biznesmenlari qachon o‘z vatanida ham tadbirkorlik bilan shug‘ullanishadi?

— Chet elda yurgan har bir o‘zbek biznesmeni o‘z yurti uchun albatta nimadir qilgisi keladi. Tug‘ilib o‘sgan mahallasi, shahri, viloyatiga nafi tegishini orzu qiladi. Axir bolaligimizda hammamiz ham shuni orzu qilmaganmizmi?

Rivojlangan davlatlarda biznes bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanayotgan vatandoshlarimiz albatta O‘zbekistonda ham ish ochadi. Lekin buning uchun sharoit qilish kerak. Xuddi o‘sha davlatlardagiday tizimlar, soddalashtirilgan ish yuritish qoidalari va hokazo.

Tushlik uchun bozordan oladigan somsa va kolani ko‘p eslayman

— Oilangiz haqida ham gaplashsak...

— Men Toshkent shahridagi Rakat mahallasida tug‘ilib o‘sganman. Haqiqiy o‘zbekona tarbiya olganman deb ayta olaman. Kattagina va ahil-inoq oilamiz bor. Bobom uzoq yillar «O‘zbekelektrkabelsavdo» tashkilotida bosh direktor bo‘lgan. Otam tadbirkor, xorijda o‘qitishga asoslangan, Rossiya, Qozog‘iston, Chexiya va Angliyada filiallari bor «Global Study» kompaniyasini boshqaradi. Onam ham otam bilan birga faoliyat yuritadi. Ona tarafdan ham, ota tarafdan ham buvilarim bor, 80 ga yaqinlashib qolishdi. Kichkina ammam Londonda yashaydi. Singlim turmushga chiqqan. Asosan Moskvada, ayrim hollarda Fransiyada yashaydi. Qolgan barcha qarindosh-urug‘larim O‘zbekistonda.

Bobur Oqilxonov oilasi, ota-onasi bilan.
Foto: «Xabar.uz»

— O‘zbekistonni sog‘inasizmi?

— Albatta. Eng yaqin o‘rtoqlarim Toshkentda. Har doim oilam, ota-onamni, do‘stlarimni sog‘inaman. Ko‘chalar, milliy taomlarimizni sog‘inaman. Vatan desa ko‘z oldimga mart-aprel oylarida oqlab qo‘yilgan daraxtlar, maktabga borib-kelgan yo‘llarim ko‘z oldimga keladi. Tushlik payti bozordan somsa va bitta kola olardik. O‘sha ta’mni juda ko‘p eslayman.

— Tug‘ilib o‘sgan yurtingizga qaytsangiz, nima bilan mashg‘ul bo‘lasiz?

— O‘zbekistonga kelsam, albatta o‘z sohamda ishlayman. Axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan shug‘ullanaman. Tajribam katta, investitsiya jalb qila olaman. Bor kuch-quvvatimni yanada rivojlanish uchun sarflayman.

Eng zo‘r investitsiya – bilim!

— Yuqorida ham aytib o‘tdim, O‘zbekistonda izdoshlaringiz juda ko‘p. Ular orasida mustaqil hayotga dadil qadam qo‘yganlari bilan birga ikkilanayotganlari ham bor...

— Ularga qarata qo‘rqmanglar, ikkilanmanglar deyman. Ishlash kerak. Bu dunyoda hech narsa oson bo‘lmaydi. Ochig‘ini aytsam, men hayotimda 6-7 marta juda katta muvaffaqiyatsizlikka uchraganman. Muvaffaqiyatga erishgan loyihalarimdan ko‘ra omadsizlikka yuz tutganlari ko‘proq. Lekin xatolar insonni kuchli bo‘lishga o‘rgatadi, qimmatli tajriba beradi. Hamisha oldinga yurish kerak. Eng zo‘r investitsiya — bilim. Eng katta tajriba — amaliyot. Faqat orzu qilib yurish kerak emas, harakat qilish kerak. Menga ko‘pchilik loyiha beradi, o‘tirib muhokama qilamiz. Qilgin deyman. Loyihalarning 80-90 foizi omadsiz bo‘ladi. Faqat 10 foizi muvaffaqiyatli chiqadi. Sen shu 10 foiz ichida bo‘l, lekin yutqazsang ham xafa bo‘lma, tajribang oshadi deyman.

O‘zbekiston yoshlariga aytar gapim, bilimga investitsiya qilish kerak. Vaqt kam, tezroq boshlamasa ulgurmay qolishi mumkin. Maktabni bitirgandan boshlab ishlang. O‘qish paytida ham parallel ishlang. Behuda gap-so‘zlarga, pista chaqib ko‘cha aylanishga, choyxonalarda o‘tirishga vaqtingizni sarflamang. 30-35 yoshdan keyin mustaqil ish boshlash qiyin bo‘ladi, xatolarga ko‘nikma bo‘lmaydi.

Bobur Oqilxonov
Foto: «Xabar.uz»

Har bir sohada AKT bor, undan unumli foydalanish kerak

— O‘zbekistonda axborot kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayapti. Bu jarayonning samarasini oshirish uchun nimalar qilish kerak deb o‘ylaysiz?

— Modernizatsiya har bir sohada bo‘lishi zarur. Ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, barcha-barcha sohada AKT bor. Undan unumli foydalanish kerak. Rivojlangan davlatlar bugungi darajasiga yetib kelish uchun bosqichma-bosqich turli texnologiyalardan foydalangan. Bizda esa birdan yangi tizimga o‘tish imkoni bor.

Fikrim tushunarli bo‘lishi uchun bir misol keltirsam. Moskvada mashina to‘xtash joylari muammo edi. Alohida joy bo‘lmagani sababli istalgan joyga mashina tashlab ketilardi. Lekin Moskva birdan yangi tizimga o‘tdi va dunyodagi eng yaxshilardan biriga aylandi. Nyu-Yorkda haydovchilar to‘xtash joyi uchun haliyam tanga yoki kartadan foydalanayotgan bir paytda, Moskvada telefon orqali to‘lay olasiz.

Barcha sohani modernizatsiya qilish uchun kuchli mutaxassislarni jalb qilish kerak. Agar menga aytilsa, jon deb yordam beraman. Tanishlarim ko‘p, zarur holatlarda investorlarim ham bor. O‘zbekistonda zamonaviy qulayliklar yaratish uchun bor kuch-quvvatimni ayamayman. Yangi tizimlarni joriy qilish orqali bor-yo‘g‘i 4-5 yilda O‘zbekistonni butunlay o‘zgartirib yuborsa bo‘ladi.

Dasturchilar, AKT mahsulotlari yaratuvchilarimiz ko‘p. Ular ko‘paygani bilan ishsiz qolmaydi. O‘zimiz ish topib beramiz, xorijiy buyurtmalar orqali O‘zbekistonga valyuta olib kiramiz.

So‘ngso‘z o‘rnida...

— Men mana shu yurtning bir farzandi sifatida O‘zbekistonga qo‘limdan kelguncha yordam bermoqchiman. 17 yildan buyon xorijda yuribman. Avstraliya, Rossiya, AQSh... Angliyaga ko‘p boraman. Rivojlangan davlatlar tajribasini juda yaxshi bilaman. Investitsion fondlar, yirik korporatsiyalar, katta kompaniyalar bilan ishlab kelayapman, hamkorlik qilayapman. AKT sohasida o‘zimga yarasha o‘rnim va imkoniyatlarim bor.

O‘zbekistonda bo‘layotgan o‘zgarishlardan xursandman. AQShlik investorlarning O‘zbekistonga jiddiy qiziqayotgani meni quvontirmoqda. Intervyuga taklif qilganingiz uchun rahmat. 2018 yil mart-aprel oylarida O‘zbekistonda bo‘laman. Nasib qilsa, ko‘rishamiz. 

— Sizga ham vaqt ajratib, savollarga batafsil javob berganingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz.

Qobiljon Ahmedov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring