Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bloger: «Qabristonni tozalashga onamni majburiy olib chiqishdi»

Bloger: «Qabristonni tozalashga onamni majburiy olib chiqishdi»

Foto: «Troll.uz»

Buxoroda budjet tashkilotlari xodimlari Hazrati Imom qabristonini obodonlashtirish ishlariga bir oy davomida majburiy jalb etilmoqda. Bu haqda bloger Umid Gafurov (Troll.uz) o‘z video murojaatida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, onasi ham majburiy mehnatga jalb etilgan.

«Hurmatli hokim, vazir va boshqa mas’ullar. Sizlarda ham onangiz bordur, bo‘lgandur. Nima uchun onalarimiz erta tongdan jaziramagacha majburiy ravishda qabrlarni tozalashi kerak?» — deydi bloger.

Ushbu video murojaat bugun ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda.

«90 foiz odam bir marta bo‘lsa ham nohaqlikka qarshi hech nima qilmagan ekan. O‘zim ham shu 90 foiz ichidaman. Ayting, shunday xalq bo‘lsak, kelajakka o‘zi umid bormi? Hayvonni g‘ashiga tegsang, oyog‘i bilan tepadi, tishlaydi. Shu hayvonchalik emasmiz. Hamma emas. Atigi 90 foiz. Befarq bo‘lmaylik...», deydi u.

«Hozir onamni hokimiyatga chaqirib, bu xabarlarga (videolavhada bildirilgan fikrlarga) qarshi matnni imzolashni so‘rashibdi. Hamma ixtiyoriy kelgan ekan ertalab yettidan ishga. O‘qituvchilar ham, shifokorlar ham. Qaysi aql bilan shunday deyapsizlar? Mard bo‘lib tan olmaysizmi aybingizni?

Kamida OITS markazi, 23-internat, poliklinikalardan kelib ishlaganlarni bilaman.

Banklar (balki boshqa tashkilotlar ham) har kuni qabristonda ishlaydigan odamlarga osh qilib berishyapti ekan. Navbat bilan. Albatta majburiy ravishda. Bir marta osh berish 3 mln. so‘m ekan. Bir oy davomida 90 mln. so‘m. Keyin birovlar har ikki yilda yangi «Prado» minmay biz minaylikmi?», — qo‘shimcha qilgan bloger.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Buxoro shahridagi budjet tashkilotlari xodimlarining majburiy mehnatga jalb qilingani to‘g‘risidagi ushbu xabarlar bo‘yicha tekshiruv boshlaganini bildirdi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring