Buxoroda bloger va oshxona egalarining «xaypi» qimmatga tushdi
Buxoro viloyati, Peshko‘ tumanidagi «Ahror ota» oshxonasida fuqaroni oyog‘idan osib, uning atrofida pichoq charxlayotgan holda tasvirga olingan video ijtimoiy tarmoqlarda keskin norozilikka sabab bo‘ldi. Surishtiruvlar natijasida lavha «xayp» va mijoz jalb qilish maqsadida sahnalashtirilgani aniqlanib, aybdorlarga nisbatan ma’muriy chora ko‘rildi.
Tarqatilgan videoda Buxoro viloyati, Peshko‘ tumanida joylashgan «Ahror ota» nomli umumiy ovqatlanish shoxobchasida bir fuqaro oyog‘idan osib qo‘yilgani, uning atrofida esa qassob rolidagi shaxs pichoq charxlayotgani aks etgan.
Mazkur holat yuzasidan Peshko‘ tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilgan. Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukurlayevning ma’lum qilishicha, video Instagram tarmog‘ida bloger A. tomonidan o‘zining adminligidagi sahifada e’lon qilingan.
Tekshiruvlar davomida lavha bloger va oshxona egalari o‘rtasida oldindan kelishilgan holda sahnalashtirilgani aniqlangan. Ularning maqsadi ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlikka erishish, auditoriya jalb qilish va mijozlarning sonini oshirish bo‘lgan.
Huquq-tartibot organlari tomonidan to‘plangan materiallar Peshko‘ tumani sudida ko‘rib chiqildi. Sud qaroriga ko‘ra, aybdorlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1781-moddasi (Reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) bilan aybli, deb topilib, bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari miqdorida jarimaga tortildi.
Ma’lumot o‘rnida: joriy yilning 3 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida internetda o‘z huquqbuzarligini tarqatgan shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter