Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buloqboshidagi sement zavodi qurilishidagi sun’iy to‘siqlar aybdori kim?

Buloqboshidagi sement zavodi qurilishidagi sun’iy to‘siqlar aybdori kim?

Foto: «Uz24.uz»

Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida xitoyliklar bilan hamkorlikda sement zavodi qurilishi boshlanayotganini eshitganlar juda xursand bo‘lishgandi. Axir zavod ishga tushishi bilan chekka bir hududda ko‘plab ish o‘rni yaratiladi, eng muhimi esa shu yerning o‘zida sifatli qurilish materiali ishlab chiqariladi. Bu yerda dastlabki ishlar ham boshlandi. Afsuski, so‘nggi paytlardagi ba’zi sun’iy to‘siqlar mahalliy tadbirkorlarni ham, xorijlik sarmoyadorlarni ham tashvishga solib qo‘ymoqda.

Avvalo ta’kidlash joizki, zavod qurilishi mamlakatimiz prezidentining 2017-yil 20-iyuldagi «Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida sement zavodi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori asosida boshlangan edi.

Xitoyning sement ishlab chiqaruvchi «Shangfeng» va «Tunli» kompaniyalari bilan hamkorlikda Buloqboshi tumanida yiliga 1,2 million tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan, ko‘mir yoqilg‘isida ishlovchi zavod qurish uchun «Shangfeng-bridge of friendship» qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Loyihaning umumiy qiymati 203,9 million dollar bo‘lib, Xitoy kompaniyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat kafolatisiz investitsiyasi 136,3 million dollarga teng. Mahalliy ta’sischi — «Juydam ta’mir qurilish» mas’uliyati cheklangan jamiyati ham yurtimizda tadbirkorlarga berilayotgan katta imkoniyatlarni his etib, ana shu ishga qo‘l urdi.

O‘tgan davr mobaynida qo‘shma korxona tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi. Xitoylik ta’sischilar tomonidan Xitoy davlat organlaridan O‘zbekistonga investitsiya kiritish uchun kerakli ruxsatnomalar olindi. «Sinoma» kompaniyasi boshlang‘ich hujjatlarni ishlab chiqdi, zavodning qurilish-montaj ishlarini bajaruvchi pudrat tashkiloti aniqlandi, loyihaning boshlang‘ich qismini O‘zbekiston standartlariga moslashtirish ishlari yakunlanmoqda. Loyihani tashqi kommunikatsiya tarmoqlariga ulash borasida ham ishlar bajarildi. Loyiha doirasida tashqi infrastrukturaga ketadigan 52,7 million dollarlik xarajatlar qo‘shma korxona ta’sischilarining o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishini inobatga olib, «Shangfeng-bridge of friendship» qo‘shma korxonasiga soliq va bojxona imtiyozlari hamda loyihalash bilan bir vaqtda qurilish ishlarini amalga oshirishga ruxsat berilishi belgilangan.

Loyiha doirasida import qilinishi ko‘zda tutilgan texnika, asbob-uskuna va boshqa materiallar bo‘yicha «O‘zbekekspertiza» AJning ijobiy xulosasi olinib, ularni boj to‘lovlaridan ozod etish bo‘yicha O‘zbekiston prezidenti farmoyishi loyihasi joriy yil 5-fevral kuni mutasaddi vazirlik va idoralarga kelishish uchun kiritildi.

— Yuqorida ta’kidlangan ishlarni amalga oshirishga ko‘p vaqt ketgani tufayli 2018-yil 1-yanvargacha loyihalash bilan bir vaqtda qurilish ishlarini amalga oshirishga ulgurilmadi, — deydi qo‘shma korxona direktori Obid Qo‘shmatov. — Shuning uchun tayyorlangan farmoyish loyihasida loyihalash bilan bir vaqtda qurilish ishlarini amalga oshirish muddatini 2019-yil 30-maygacha uzaytirish masalasi belgilangan. Ammo bugun biz qurilish ishlarini boshlash uchun ba’zi to‘siqlarga uchramoqdamiz.

«Shangfeng-bridge of friendship» qo‘shma korxonasi bugun tang ahvolda qoldi. Qurilish ishlariga ruxsat berilmayapti. Mutasaddilar bu yirik loyihani ro‘yobga chiqarish, ta’sischilarga yordam berish masalasini umuman o‘ylab ko‘rgani yo‘q. Bugun davlatimiz rahbarining shaxsan o‘zi hududlardagi loyihalarni amalga oshirishni nazorat qilmoqda. Buloqboshi tumanidagi bu loyihaga bepisandlik prezidentimizning siyosatiga zid emasmi? Nahotki, 700 ta ish o‘rni yaratiladigan bu loyiha ham arzimas sabablar bilan barbod bo‘lsa? «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik jamiyati mutasaddilari ham mazkur masalada befarqlikka yo‘l qo‘ymasligi lozim.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya ishtirokidagi bu loyihani qo‘llab-quvvatlash kerak emasmi aslida?!

Maqsud Sulaymonov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring