Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chaqaloq tug‘ilgani hamono sarpo yig‘ish odatini yo‘qotishimiz lozim — Dilorom Toshmuhammedova

Chaqaloq tug‘ilgani hamono sarpo yig‘ish odatini yo‘qotishimiz lozim — Dilorom Toshmuhammedova

Foto: Behzod Abdujabborov / Madaniyat vazirligi

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Toshmuhammedova to‘y marosimlarini ixchamlashtirish haqida matbuot anjumanida fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Prezidentning Oliy Majlisga murojaatida uchta eng ustivor vazifa belgilab berildi — yoshlar, xotin-qizlar va madaniyat-ma’rifat masalalari. Xorij tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, yoshlar salmog‘i katta davlat, potensial kuchli davlat bo‘ladi. Ammo buning uchun avvalo shu yoshlarga to‘g‘ri ta’lim-tarbiya va bilim berishimiz lozim.

To‘y bizning azaliy qadriyatimiz. Mana shu qadriyatni aslidagidek saqlab qolishimiz kerak. Unga har-xil qo‘shimcha amallar qo‘shib, qadriyatni buzmasligimiz lozim.

«Oila» ilmiy-tadqiqot markazida faoliyat yuritgan vaqtlarimda turli so‘rovnomalar o‘tkazganmiz. Yoshlar bilan to‘y masalasida qilingan suhbatlar shuni ko‘rsatdiki, turli orzu-havaslar urchib ketgan. Bu juda achinarli.

Shu bilan birga ulardan taklif so‘raganimizda, to‘yga sarflanadigan mablag‘ni to‘g‘ri yo‘naltirish, kamxarj qilib, oila davrasida o‘tkazish va bunda oqsoqollarning o‘rni katta bo‘lishi haqida ham fikr berildi.

Biz o‘zimizni o‘nglashimiz kerak. Chaqaloq tug‘ilgani hamono unga sarpo yig‘ish kabi odatlarni yo‘qotishimiz va avvalo shu chaqaloqni to‘g‘ri tarbiyalab, voyaga yetkazish, unga ilm berish haqida o‘ylashimiz shart.

Yoshlarimiz ikki kunlik to‘y, kortej va tantanani o‘zining asosiy maqsadi qilib qo‘ymasligi kerak, balki dunyo ko‘rishga intilishi lozim. O‘zbekistonda borishga arziydigan qancha joylar bor, butun dunyoda bor. Yoshlar nafaqat o‘zi, balki kelajakda farzandlariga ham dunyoni ko‘rsatishni maqsad qilishlari kerak.

Abdulla Qodiriyning «Baxtsiz kuyov» dramasi bor. «Bid’at, to‘yga sarf bo‘ladigan aqchaga o‘g‘illaringiz yoki qizlaringizni o‘qitinglar», deya yozgan Qodiriy bobomiz. Bu gaplarning salmog‘i hamon yo‘qolgani yo‘q», — deydi Dilorom Toshmuhammedova.

Shu bilan birga mutasaddi «Chimildiq» pesasiga o‘xshagan asarlar yaratishni kino va teatr xodimlaridan iltimos qildi.

«Hozir yoshlarning o‘z ideali yo‘q. Xo‘sh, yigit-qizlarimiz kimga ergashishi lozim? Ijodkor va jurnalistlardan shunday idealni yaratishlarini so‘ragan bo‘lardim», — deydi Dilorom Toshmuhammedova.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring