Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat xizmatlari ko‘rsatadigan pochta bo‘limi ochildi (foto)

Davlat xizmatlari ko‘rsatadigan pochta bo‘limi ochildi (foto)

Foto: Xabar.uz

Yangi ochilgan pochta bo‘limida yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalangan holda 15 turdagi davlat xizmatlaridan ham foydalanish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Joriy yilning 5-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida milliy pochta tizimini isloh qilish masalasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgan edi. Ushbu yig‘ilish jarayonida bir qator topshiriq va vazifalar berilgan bo‘lib, shulardan biri pochta aloqasi ob’yektlarida davlat xizmatlari ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yishni tashkil etish topshirilgan.

Shu bois hududlarda yashovchi aholiga davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etish katta ahamiyatga egadir. Bugungi kunda davlat xizmatlarini ko‘rsatish asosan viloyat va tuman markazlarida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tumanlarning chekka hududlarida yashovchi aholi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun uzoq masafalarni bosib o‘tishga majbur bo‘lmoqda. Bu kabi noqulayliklarni bartaraf etish uchun ushbu xizmatlarni pochta aloqasi bo‘limlarida yo‘lga qo‘yish orqali aholi o‘ziga yaqin bo‘lgan pochta aloqasi bo‘limlariga borib davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shundan kelib chiqib, Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi mutaxassislari joylarga chiqib, pochta operatorlarini elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha o‘qitishayotgani xabar qilingandi.

Bugun, 4-dekabr kuni Toshkent viloyati, Toshkent tumani «Ko‘kterak» MFY hududida «O‘zbekiston pochtasi» AJning Toshkent filialiga qarashli «Ko‘kterak» pochta aloqasi bo‘limi binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur binoda aholiga barcha turdagi pochta xizmatlari bilan birga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalangan holda 15 turdagi davlat xizmatlaridan ham foydalanishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Endilikda «Ko‘kterak» MFY hududida yashovchi yurtdoshlarimiz tuman markaziga kelmasdan turib STIRni aniqlash, yuridik va jismoniy shahslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning soliqdan qarzi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma, sudlanganlik haqida ma’lumotnoma berish, manzil-ma’lumot axborotlarini taqdim etish, FXDYo organlari tomonidan arxiv hujjatlarini berish, fuqarolarni pensiya tizimida hisobga qo‘yish, fuqarolarning ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma berish, fuqarolarning narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish, bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish, fuqarolarning nomida shaxsiy uy-joyi borligi yoki yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotnoma, tug‘ilganlik haqida ma’lumotnoma olish, o‘lim holatini ro‘yxatga olinganligi haqida ma’lumotnoma olish kabi xizmatlarni mazkur pochta aloqasi bo‘limining malakali mutaxassislari ko‘magida olishlari mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring