Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Davron G‘oyipov fojiasi: avtohalokat, ko‘z yoshlar va nogahoniy o‘lim

Davron G‘oyipov fojiasi: avtohalokat, ko‘z yoshlar va nogahoniy o‘lim

7 oktyabr – taniqli xonanda, o‘zbek rok-n-rolli asoschisi Davron G‘oyipovning tug‘ilgan va vafot etgan kuni. Bundan bir yil avval bahor oyida u kutilmagan fojiaga yo‘liqqan, og‘ir jarohat olgan va yashashga umidi tobora so‘nib borgan edi...

Yomg‘irli kundagi qo‘ng‘iroq

O‘shanda, 2022 yil aprel oyining yomg‘irli kunida Davron G‘oyipov Surxondaryodan – ziyoratdan qaytayotgandi. Olis yo‘ldagi ko‘lmak tufaylimi yoki «Cobalt»ning yosh haydovchisi tajribasizlik qildimi, avtomobil boshqaruvni yo‘qotdi va sirpanib, jarga ag‘darilib ketdi. Yuz metrcha pastga quladi. Yap-yangi «Cobalt» shunchalik pachoq bo‘lgan, abjag‘i chiqqandiki, salondagi odamlarni o‘ldi, deb xulosa qilish mumkin edi. Xayriyatki, Davron G‘oyipov ham, haydovchi ham tirik chiqishdi.

Bundan ikki daqiqa avval G‘oyipov haydovchi yigitga dashnom berib, mashinani sekinroq haydashini so‘ragan edi. G‘izillab ketayotgan «Cobalt» bir sakradi-yu... Davron G‘oyipov oyoqlarini yig‘ishtirib olishga ulgurdi, aks holda ular cho‘rt uzilarmidi! Ikkovlon tirik qolgan bo‘lsa-da, qo‘shiqchi yopiq tan jarohati olgan, ammo buni hali o‘zi bilmasdi. Haydovchi yigitga esa jin ham urmadi!

Davron G‘oyipov eng yaqin do‘sti Ulug‘bek Hasanov bilan.

Ulug‘bek Hasanov shunday eslaydi:

– Ro‘zaning oxirgi kunlari edi. Yomg‘ir yog‘ayotgandi. Soat kunduzgi to‘rt-beshlarda telefonim jiringladi. Davron ekan. «Men avariyaga uchradim... jarlikka tushib ketdim», – dedi. Mashinani chiqarib olishibdi. Davron yo‘lovchi taksida Qashqadaryoga kelayotgan ekan. Unga peshvoz chiqib, kutib oldim. Davron beli og‘riyotganini aytdi. Do‘xtirga bordik. Vrach uning umurtqa pog‘onasi singanini menga shipshib, shifoxonaga yotqizish kerakligini tayinladi...

«Original» asoschisi, betakror qo‘shiqlar ijrochisi shu tariqa Qashqadaryoda qolib ketdi.

Tunu kun mehnat qilgan, betakror ijod namunalarini yaratish istagi bilan yongan, musiqa yozmasa, qo‘shiq kuylamasa, halovatini yo‘qotadigan ijodkorning shifoxona to‘shagida bel og‘rig‘iga bardosh berib yotganini tasavvur qiling! Ustiga-ustak, Davron G‘oyipov uzoq yillardan buyon qand kasalini orttirib olgan edi. Umurtqa pog‘onasi singani yetmaganday, gohida qo‘llarining barmoqlari ishlamay qolardi. Nima bo‘lganda ham avtohalokatdan so‘ng, do‘sti Yunus Ergashev ta’kidlaganidek, «u minusga qarab ketdi».

To‘g‘ri, Davron G‘oyipov butunlay yotib qolgani yo‘q. Shifoxonadan bir necha marta ketib qoldi. Samarqandga, Xorazmga bordi, to‘ylarda qatnashdi. Ammo shifoxonaga qaytmasa, davolanmasa bo‘lmasdi. Unga faqat do‘stlari dalda berishdi, yonidan jilmay qo‘llaridan kelgancha yordam qo‘lini cho‘zishdi. Qarindoshlardan ham, Toshkentdagi shogirdlardan ham darak yo‘q edi.

Davron G‘oyipov yig‘lar edi. Avvalo, kuchli og‘riqdan, qolaversa... O‘zbek rok yulduzining ko‘z yoshi to‘kishiga yana bir mudhish sabab bor ediki, buni hozircha oshkor etolmaymiz.

Bora-bora u shifoxona palatasida, mehmonxonada yakka o‘zi qolishdan qo‘rqadigan bo‘ldi. O‘pkasi to‘lib yig‘lardi. «O‘lgim kelyapti», – derdi. Uning bir buyragi ancha yillar muqaddam jarrohlik yo‘li bilan olib tashlangan, ikkinchisi ham qurib boshlagan, qolaversa, jigari pand berayotgan edi...

Karim Mirhodiyev: «Men Davron G‘oyipovni haqiqiy san’atkor, deb hisoblayman».

Ota vafoti va g‘ussalar

Qarangki, birorta xorij musiqasini o‘g‘irlamagan, aniqrog‘i, plagiatlikka qo‘l urmagan Davron G‘oyipov birorta davlat mukofotini ham olmagan. Aksincha, musiqiy faoliyatining avval boshidan turli tazyiqlar, taqiqlarga duchor bo‘lgandi u.

Otasi Ro‘zmet G‘oyipov paxta ishi va o‘zbeklar ishi bo‘yicha 63 yoshida fojiali vafot etgan. Bastakor va xonanda Akrom Ibodullayevning ta’kidlashicha, G‘oyipov o‘z joniga qasd qilmagan, balki o‘ldirilgan. Bu haqda Akromga ustozi Davron G‘oyipov aytib bergan ekan.

Qashqadaryo viloyati kompartiyasining birinchi kotibi bo‘lgan Ro‘zmet G‘oyipovni hibsga olish uchun Gdlyan va Ivanov ko‘rsatmasiga ko‘ra, «huquq posbonlari» uning uyiga boradilar. Keyin esa G‘oyipov qo‘shni xonada... tanasining 17 joyiga pichoq urilgan holda topiladi. Mantiqan qaraganda ham, o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lgan inson 17 joyiga pichoq urmaydi, bunga hol-joni qolmaydi. Xo‘sh, uyda tergovchilardan boshqa guvohlar bo‘lmaganmi? Bo‘lgan. G‘oyipovning ayoli va qizi ham bor edi o‘shanda, ammo qand kasali bilan og‘rigani bois Yoqutjon opaning ko‘zlari ko‘rmasdi.

Oila boshiga kulfatlar yog‘ildi. O‘g‘illar hibsga olindi, qiynoq-qistovlardan so‘ng qo‘yib yuborildi. Davronga esa katta tuhmat uyushtirildi. Ayni konsert berishi arafasida uning qo‘llariga kishan solindi. Davron G‘oyipov bilan birga otalari katta lavozimlarda ishlagan ikki yigit ham qamaldi. Ajab zamonaga xos «ov» deyish mumkin edi buni! Sud hukmi o‘qildi. Keyin esa Rossiyaning olis va sovuq o‘lkasiga faqat Davron badarg‘a qilindi. Umri bino bo‘lib siyosatga aralashmagan, faqat san’atni – musiqani o‘zining dunyosi deb bilgan Davron G‘oyipov sakkiz yilga «kesilgan» edi. U besh yil panjara ortida bo‘ldi. Boshqa mahbuslar qatori qahraton sovuqda eng og‘ir yumushlarni ado etdi. Ammo qanchalik qiynalgani haqida keyinchalik so‘ralganida bu haqda gapirishni istamadi. Noxush xotiralarni o‘chirib tashlash kerak, deb hisoblardi u.

Davronning ozodlikka chiqishiga rus qo‘shiqchisi Alla Pugachyovaning yordami katta bo‘ldi. U bu yosh qo‘shiqchining mislsiz iqtidorini allaqachon ilg‘agan edi. Pugachyova va G‘oyipovning bir-biriga hurmat-ehtiromi shu qadar kuchli ediki, Alla Borisovna Davronning taklifi bilan Qashqadaryoga to‘yga ham borgandi.

Ozodlikka chiqqan Davron G‘oyipov «Original»ni tiklamoqchi bo‘ldi, ammo guruh «Bu nima bu» deb nomlandi. Yangi qo‘shiqlar, ajoyib taronalar esa baribir original edi. Davron G‘oyipov yana sahnaga chiqdi, mudrab yotgan muxlislarini uyg‘otdi. U hali-hanuz mashhur, ayniqsa yoshlar orasida chinakam kumir edi. Shu bois «Bu nima bu» filmiga taklif qilindi va so‘z ustasi Obid Asomov bilan chiqib, bosh qahramonni ijro etdi.

O‘zbek estradasining ikki zabardast vakili: Davron G‘oyipov va Ravshan Namozov. O‘limlari oralig‘i: bir hafta. Har ikkisi ham shifoxona to‘shagida jon bergan.

Ammo, ming afsuski, Davron G‘oyipovning mehnati baribir qadr topmadi. U konsertlar berdi, katta sahnalarga chiqdi. Biroq falon-pismadon idoralarga chaqirilib, qo‘shiqlarini «tartib»ga solishi talab qilindi. Tohir Sodiqovning konserti kuni sahnaga chiqishni rosa kutgan edi. Biroq kutilmaganda, o‘sha zamon odatiga muvofiq «zapret»ga tushdi: bir kun oldin xorij radiosiga intervyu bergani uchun!

«Ko‘zlaring», «Sevgi», «Nozima»... Eh, uning qo‘shiqlari! Naqadar jozibali, o‘ynoqi oxanglarga boy! Ayniqsa, gitara ovozi titratib yuboradi. Davron G‘oyipov ko‘p izlangan, kitob o‘qigan, ayniqsa tarixni chuqur bilgan. 600 dan ziyod qo‘shiq yaratishning o‘zi bo‘ladimi, axir! Repertuarida Zokirjon Furqat g‘azalidan tortib Abdulla Oripov she’riga bastalangan qo‘shiqlar ham bor edi. Davron G‘oyipov boshqa ijod namunalarini ham tinglar, ayniqsa Botir Zokirovning «Majnuntol»ini sel bo‘lib eshitardi.

U shunchaki rok kuylamadi, balki bu janrni maqom bilan uyg‘unlashtirdi. Nadomatki, buni hamma ham anglab yetmadi.

Buyuk, ammo dahshatli o‘xshashlik va so‘nggi iltimos

Kamina afg‘on qo‘shiqchisi Ahmad Zohirning tarjimai holi bilan tanishar ekanman, Davron G‘oyipov vafotiga daxldor o‘xshashlikka duch keldim. Ahmad Zohir ham mashhur qo‘shiqchi bo‘lgan. Davron G‘oyipov qo‘shiqlari kabi uning xonishlarini ham chet ellarda sevib tinglashgan. Qarangki, u avtohalokat tufayli halok bo‘lgan. Qolaversa, Ahmad Zohir ham o‘zining tavallud kuni hayotdan ko‘z yumgan.

Vafotidan bir kun oldin Davron G‘oyipov shifoxonadan do‘stlariga qo‘ng‘iroq qildi. «Ertaga 7 oktyabr, mening tug‘ilgan kunim. Bir somsaxo‘rlik qilaylik», dedi. Ulug‘bek aka va Yunus aka, odatdagidek, «Gap bo‘lishi mumkin emas», deyishdi.

Davron G‘oyipovning so‘nggi kunlarigacha yonida bo‘lgan do‘stlari: Yunus Ergashev va Ulug‘bek Hasanov.

Ertasi kuni shifoxonaga borishsa, hamma u yoqdan-bu yoqqa chopib yuribdi. Davronning ahvoli og‘irlashib qolibdi. Palataga kirishdi. Uning og‘ziga sun’iy nafas olish moslamasi o‘rnatilgan edi. Do‘stlar hayron bo‘lishdi. Axir, kuni kecha ahvoli yaxshi, ovozi tetik edi-ku?

Davron G‘oyipov Ulug‘bek Hasanovning qo‘lini qismoqchi bo‘ldi, ammo holsiz edi, kuchi yetmadi. Nimadir demoqchi bo‘ldi, ammo ayta olmadi. Yig‘ladi. Ulug‘bek aka taskin berdi, «Hammasi yaxshi bo‘ladi, o‘zingni qo‘lga ol», – dedi.

Ming afsuski, yaxshi bo‘lmadi. Shifokor aytganidek, peshinga yaqin Davron G‘oyipovning ko‘zlari manguga yumildi. U sadoqatli do‘stlarining qo‘lida jon berdi...

Davron G‘oyipov qabri (Urganch).

Yaqinda Ulug‘bek Hasanov Xorazmga – Urganchga borib keldi. Marhum do‘stining qabrini ziyorat qildi. Birga o‘tgan kunlarini esladi, chuqur qayg‘uga botdi.

Aynan shu do‘stlarning sa’y-harakati bilan 15 oktyabr kuni Qarshida Davron G‘oyipov xotira kechasini o‘tkazish kutilmoqda. Bundan marhum qo‘shiqchining ruhi shod bo‘lsa ne ajab!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring