Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari ismi-sharifi nega IIV saytida qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatida turibdi?

Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari ismi-sharifi nega IIV saytida qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatida turibdi?

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi markaziy apparati binosi.

Foto: «Gazeta.uz»

Kecha Musayev Behzod Anvarovich Prezident qaroriga muvofiq O‘zbekiston davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangani haqida xabar bergan edik. Ushbu mulozimni jamoaga O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov tanishtirganini Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati ham tasdiqlagan edi.

Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Behzod Musayev 2006-yilning 24-oktyabrida Prezident farmoniga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi etib tayinlangan

U mazkur lavozimda 2010-yilning 15-yanvariga qadar faoliyat olib borgan. Shu kuni u Prezident farmoniga binoan Hisob palatasi raisi vazifasidan ozod etilib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan.

Biroq uning qachon ushbu lavozimdan ozod etilgani, kechagi kungacha qayerda faoliyat yuritgani haqida ma’lumotlar topilmadi. «Xabar.uz»ning bu boradagi so‘roviga Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati bu haqda ma’lumotga ega emasligini ma’lum qildi.

«Gazeta.uz»ning xabar berishicha, Behzod Musayev yuqoridagi lavozimda 2010—2011-yillarda ishlagan. 2012-yili ushbu lavozimga 1967-yilda tug‘ilgan Abdusalom Abduqahhorovich Yo‘ldoshev tayinlangan. «Norma.uz»dagi arxiv ma’lumotlari ham buni tasdiqlaydi. Abdusalom Yo‘ldoshev Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida lavozimidan ozod etilgan edi, deb xabar bermoqda «Kun.uz» nashri.

Behzod Musayev shaxsi haqida ma’lumotlarni qidirish asnosida tasodifan qiziq ma’lumotga duch keldik. Gap shundaki, ichki ishlar vazirligining rasmiy saytida xuddi shu ismdagi O‘zbekiston fuqarosi qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatida turibdi.

O‘zbekiston IIV rasmiy saytidan skrinshot

IIV saytidagi xabarga ko‘ra, qidirilayotgan shaxs 1973-yilning 12-dekabrida tug‘ilgan. U Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «A» bandi, 175-moddasi 2-qismi «A» bandi, 178-moddasi 3-qismi, 179-moddasi, 184-moddasi 3-qismi, 205-moddasi 2-qismi «A» bandi bilan ayblanib, qidiruvga berilgan.

Qidiruvdagi shaxs kecha Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan Musayev Behzod Anvarovich bilan bitta odammi yoki boshqa-boshqa shaxslarmi, hozircha bu haqda ma’lumotga ega emasmiz. Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Muzaffar Nazarov bu haqda ma’lumotga ega emasligini ma’lum qildi va buni IIVdan so‘rashni tavsiya qildi. IIV matbuot xizmati bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring