“Baxti Tashkentskiy”ning akasi eng katta afsusi haqida gapirdi
Jinoyat olamida “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev “sulola”sining yana bir vakili — uning akasi Shuhrat Qudratullayevning iqrori e’lon qilindi.
U o‘z murojaatida o‘tgan hayoti, qamoqda o‘tgan yillar va kechikkan pushaymoni haqida so‘z yuritgan.
U shu vaqtga qadar 12 yil umrini jazo muassasasida o‘tkazgan. Dastlab, 2007–2017-yillar davomida Jasliqdagi 71-koloniyada 10 yil jazo muddatini o‘tagan. Ayni vaqtda u 10 yilu 6 oylik jazoni o‘tamoqda.
“O‘tmish qo‘ymas ekan. Yana shu joylarga kelib qoldim. Ilgari ko‘cha hayotini havas qilib yashaganmiz. Keyin bildik, havas qiladigan narsa emaskan. Ko‘p narsa yo‘qotdik: jigarlarimizni, oilamizni, bolalarimizning yoshligini. Kerakli paytda oilamiz oldida bo‘la olmadik. O‘zimiz sababchi bo‘lib, shu joylarga kelib qoldik”, — deydi u.
Shuhrat Qudratullayev ayni paytda 60 yoshga to‘layotganini ta’kidlab, eng katta afsusi — oilasining qiynalgani va farzandlari hayotining muhim lahzalarini qo‘ldan boy bergani ekanini aytgan.
U yoshlarga murojaat qilib, qonun ustuvorligini hurmat qilish, to‘g‘ri yo‘ldan yurish va yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, Ichki ishlar vazirligi avvalroq “Baxti Tashkentskiy”ning o‘g‘li, hozirda jazo muddatini o‘tayotgan Bekzod Zafarovning iqrorini ham e’lon qilgan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter