Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Geosiyosiy «signal»: Buxoroda turkiy davlatlar ilmiy integratsiyasiga start berildi

Geosiyosiy «signal»: Buxoroda turkiy davlatlar ilmiy integratsiyasiga start berildi

Foto: Xabar.uz

Buxoroda turkiy davlatlar ilmiy integratsiyasiga start berildi. Bu geosiyosiy «signal» Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning yangi formatiga yo‘l ochdi.

Buxoro davlat Pedagogika institutida «Turk dunyosi geograflari xalqaro III kongressi» bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilgan mazkur anjuman turkiy davlatlar va dunyoning turli nuqtalaridan kelgan olimlar, ekspertlar hamda universitet rahbarlarini bir maydonga jamladi.

Kongress doirasida barqaror rivojlanish, global iqlim o‘zgarishi, ekologik xavflar va tabiiy resurslardan samarali foydalanish kabi dolzarb masalalar yuzasidan keng qamrovli muhokamalar olib borildi. Mutaxassislar fikricha, bugun geografiya fani nazariy, amaliy va balki, siyosiy ahamiyat kasb etmoqda.

Anjumanda so‘zlagan institut rektori Bahodir Ma’murov kongressning ahamiyatiga alohida to‘xtaldi: «Ilmiy muhokama maydoni bo‘lgan bugungi anjuman turk dunyosi olimlarini birlashtiruvchi muhim platformaga aylandi. Geografiya fani orqali biz global muammolarga yechimlar topishga harakat qilayapmiz».

Rektorning ta’kidlashicha, kongreyes doirasida erishilayotgan kelishuvlar ta’lim va ilm-fan sohasidagi amaliy natijalarga xizmat qiladi.

«Imzolangan kelishuvlar orqali talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi yangi bosqichga chiqadi. Qo‘shma ilmiy loyihalar ko‘payadi, ta’lim sifati yanada oshadi. Eng muhim jihati, talabalar xalqaro muhitni his qiladi»,— dedi Bahodir Ma’murov.

Kongressning yana bir muhim jihatlaridan biri, bu Al-Forobiy nomidagi Qozoq milliy univesiteti bilan imzolagan «yo‘l xaritasi» bo‘ldi. Hujjat ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida akademik almashinuv, qo‘shma tadqiqotlar, innovatsion ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutgan.

Bu kabi kelishuvlar turkiy davlatlar o‘rtasida yagona ilmiy-ta’lim makoninin shakllantirish yo‘lidagi qadam sifatida baholanadi.

Anjumanda Xo‘ja Ahmad Yasaviy nomidagi xalqaro qozoq-turk universiteti vakillari ham ishtirok etdi. Ularning yetakchi rahbarlariga institutning «Faxriy professori» unvoni topshirildi.

Kongress doirasida o‘tkazilgan amaliy seminarlar, ilmiy sessiyalar va interaktiv mashg‘ulotlar yosh olimlar uchun katta imkoniyat yaratdi. Bu orqali ular xalqaro tajriba almashish, yangi g‘oyalar bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishadi.

«Kongressning madaniy tadbirlar bilan ham boyitilgani unga o‘ziga xos milliy ruh bag‘ishladi. Sumalak va halim tayyorlash, halq o‘yinlari va sahna ko‘rinishlarining namoyish etilgani geosiyosiy va madaniy yaqinlashuv platformasiga aylandi»,—dedi Xo‘ja Ahmad Yassaviy nomidagi xalqaro qozoq-turk universiteti rektori Janar Temirbekova.

Mazkur anjuman orqali O‘zbekiston ilm-fan va ta’lim sohasida xalqaro maydonda o‘z pozitsiyasini yanada mustahkamlayotgani yaqqol namoyon bo‘ldi.

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring