Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hovlimga o‘rnatilgan transformator hayotimizga xavf solmoqda!

Hovlimga o‘rnatilgan transformator hayotimizga xavf solmoqda!

Foto: «Xabar.uz»

Assalomu alaykum «Xabar.uz» ijodiy jamoasi!

Men, Samarqand viloyati Oqdaryo tumani Galaravot qishlog‘ida yashovchi Bobomurod Teshayev, 2018-yil 29-mart kuni Oqdaryo tumani Xalq qabulxonasiga (81446-xq/18 raqam) murojaat qildim, ammo ijobiy javob yoki bo‘lmasa amaliy yordam ko‘rsatilmadi.

Murojaatim mazmuni shundan iboratki, men yashab turgan uy hovlisining kirish qismida elektr transformator o‘rnatilgan bo‘lib, hozirgi kunda u mening oilam hayotiga ham, jamoat xavfsizligiga ham xavf solib kelmoqda. Shuncha yillar davomida yuragimizda qo‘rquv bilan yashab kelamiz, chunki (suratlarga e’tibor bering) u juda qo‘pol tarzda o‘rnatilgan. Bir misol keltiraman — bundan to‘rt yil avval bizdan ikki mahalla narida yashaydigan oilada baxtsiz hodisa yuz berdi. Elektr transformatori bu oilaning hali juda yosh, norasida farzandi hayotiga zomin bo‘ldi.

Mening uyimdagi transformator ham past va xavfli joylashgan bo‘lib, jamoat xavfsizligiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi, deb bilaman. Mening ham ikki nafar farzandim bor. Bolalarim hali yosh, oq-qoraning farqiga bormaydi. Bizning uyda bor bo‘lishimiz bor, yo‘q bo‘lishimiz bor. Balki qiziqib yoki o‘yinqaroqlik qilib yoniga borib qolsa, yuz berishi mumkin bo‘lgan holatni o‘ylab qalbim o‘rtanadi...

Xalqimizda bir naql bor: kasalni davolagandan ko‘ra oldini olgan yaxshi. Men ushbu murojaatimga yozma javob ham oldim, ammo javob xatidan qoniqmadim.

«Kelgusida chora-tadbirlarimizga vazifa sifatida belgilab olinadi» deb yozilgan. Ammo afsuslar bo‘lsin, kelgusida nima bo‘ladi-yu bugun nima bo‘lishi mumkin degan savolni o‘rtaga tashlash kerak emasmi?!

Barcha mutasaddilardan ushbu transformatorni boshqa joyga ko‘chirishda amaliy yordam so‘rayman!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring