Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ichkilikbozlik har 10 soniyada bir insonning hayotiga zomin bo‘lmoqda

Ichkilikbozlik har 10 soniyada bir insonning hayotiga zomin bo‘lmoqda

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ichkilikbozlikning halokatli oqibatlariga doir hisobotini e’lon qildi. Bu haqda SSV xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, ushbu xavfli illat tufayli dunyoda har yili 3 million kishi hayotdan ko‘z yummoqda. Bu har 10 soniyada bir kishi ichkilikbozlik qurboniga aylanayotganidan dalolat beradi.

Boshqacha aytganda, jahonda sodir bo‘layotgan bevaqt o‘limlarning taxminan 5 foizi spirtli ichimliklarga ruju qo‘yish natijasida kelib chiqmoqda. Eng achinarlisi, ana shu ayanchli qismat egalarining qariyb 14 foizini 20-39 yosh oralig‘idagi insonlar tashkil etyapti.

Tadqiqotlarga ko‘ra, spirtli ichimliklarning zararli ta’siri o‘smirlar va yoshlar hayotiga yanada ko‘proq xavf solmoqda. Bundan tashqari, sayyoramizning turli nuqtalarida xotin-qizlar ham bu illatga mukkasidan ketayotgani achinarlidir.

To‘g‘ri, hozir dunyo bo‘yicha alkogol iste’molining to‘rtdan uch qismi erkaklar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ammo kelgusida bu statistika o‘zgarib, unda ayollarning ulushi oshib ketishi mumkin.

Xo‘sh, buning sababi nimada?

JSST mazkur holatni qator mamlakatlarda alkogol mahsulotlari reklamasi va marketingiga zo‘r berilayotgani bilan izohladi. Hammasidan ham internetda onlayn e’lonlar tobora keng o‘rin olayotgani xavotirlidir.

Chunki, o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, spirtli ichimliklarga moyilligi yuqori kishilar ularning jozibador reklamasi bilan to‘qnash kelganda, kamdan-kam hollardagina nafsini jilovlay olishadi.

Shu bois JSST hukumatlar va sog‘liqni saqlash tuzilmalarini ogohlikka chaqirib, alkogol mahsulotlari reklamasi bozorini tartibga solishga chaqirdi.

«Spirtli ichimliklar yoshlarning nafaqat sog‘ligi, hayoti va oilasiga, balki butun jamiyatga tahdid solmoqda, — deydi tashkilot rahbari Tedros Gebreyesus. — Shunga qaramay, ularning savdosi va reklamasi ustidan o‘rnatilgan nazorat boshqa psixotrop moddalarga nisbatan ancha zaif. Bu borada samaraliroq chora-tadbirlarni amalga oshirish, sohani tartibga solish orqali qanchadan-qancha yoshlar hayotini saqlab qolishga erishishimiz mumkin».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring