Ikkilamchi uy bozorida narxlar bir yilda 8 foizga oshgan – tahlil
Joriy yil yanvar oyida respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 28,6 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan bitimlar soni qariyb 12 foizga oshdi.
Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining tahlilida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, yil boshidan buyon ko‘chmas mulk savdolari dinamikasi respublika hududlarida ijobiy tendensiyalarni namoyon etmoqda. Respublika ko‘chmas mulk bozorining qariyb uchdan bir qismi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelib, savdolar hajmi 33,4 foizga oshdi. Bu esa respublikaning barcha hududlar orasida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.
Shuningdek, Samarqand (26 foiz) va Sirdaryo (24 foiz) viloyatlarida ham bitimlar sonining sezilarli o‘sishi qayd etildi.
Hisobot davrida ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlarning mo‘’tadil o‘sishi qayd etildi.
Respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida 1 kv. metr uchun o‘rtacha narx bir oyda 0,9 foizga oshdi, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa narxlar o‘sishi 8 foizni tashkil etdi.
Eng yuqori narx o‘sishi Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida qayd etildi. Bu hududlarda uy-joy narxlarining o‘rtacha o‘sishi qariyb 24 foizni tashkil qildi. Shuningdek, Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham narxlar 16 foizga oshdi.
Shu bilan birga, yanvar oyida Toshkent shahrida ikkillamchi uy-joy bozorida 1 kv. metr uchun o‘rtacha narxi qariyb 1120 dollarni tashkil etdi va narxlar oylik hisobda 0,6 foizga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa qariyb 2 foizga o‘sdi.
Ikkillamchi uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi Yakkasaroy (5,7 foiz) va Mirobod (4,3 foiz) tumanlarida qayd etildi.
Shu bilan birga, poytaxtning birlamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlar o‘sishi nisbatan yuqori bo‘ldi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan yangi qurilgan uy-joylarda 1 kv. metr uchun o‘rtacha narx 9 foizdan ko‘proqqa oshdi.
Birlamchi uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi Mirobod (18,4 foiz) va Mirzo Ulug‘bek (17,3 foiz) tumanlarida qayd etildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter