Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jurnalistlarning uyini tortib olishmoqchimi?

Jurnalistlarning uyini tortib olishmoqchimi?

Foto: «Spot.uz»

Mamlakatimizda bo‘layotgan shiddatli islohotlar va ijobiy o‘zgarishlar davrida har sohadagi yangiliklarni yoritib borayotgan jurnalist hamkasblarimizning shaxsiy yoki ijtimoiy hayotida qanday muammolar borligini e’tiborga olmaydigan kimsalar bo‘lib qolayotgandaymiz. Bunday xulosaga kelishimga «Xabar.uz» saytida 27-aprel kuni e’lon qilingan «Bino sotilmoqda. Tahririyat jurnalistlari endi ko‘chada qoladimi?» maqolasi sabab bo‘ldi.

Unda aytilishicha, jurnalistlarga o‘z uyidek bo‘lib qolgan, xalq orasida «Gazeta korpusi» nomini olgan 7 qavatli bino sotuvga qo‘yilgan ekan. Bu maqolani o‘qigandan so‘ng ko‘nglimni g‘alati tuyg‘ular egallab oldi. Hamkasb do‘stlarim bittama-bitta ko‘z oldimdan o‘ta boshladi. Nahotki, o‘zim shu kasbning nonini yeb, bu sohada ishlaydiganlarga qanchalik qiyinligini bilib turib, indamay o‘tirishim insofdanmi degan savol kaminani qiynab qo‘ydi. Kech bo‘lib qolgan bo‘lsa-da do‘stlarimga telefon qilib vaziyatni o‘rgandim. Haqiqat ekan.

Hatto bu bino sotuvga qo‘yilgani haqida e’lon ham berilgan. Mazkur bino Toshkent shahar hokimligiga qarashli emish, qandaydir sabablarga ko‘ra auksionga qo‘yilganmish (boshlang‘ich bahosi 18 mlrd. so‘m). «E-ijro auksion» saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra sotish hujjatini rasmiylashtirgan organ — iqtisodiy sud. Ijrochi esa Mirobod tumani majburiy ijro byurosi ekan.

Masalaga yanada aniqlik kiritish uchun surishtirdik. Mutasaddilarning aytishicha, binoning faqatgina egasi o‘zgararmish. Jurnalistlar haydab chiqarilmasmish. Oldingidek ijara haqini to‘lab bemalol ishlayverarmish. Shov-shuv bo‘lishidan cho‘chib shunday deyildimi yoki haqiqatan ham shundaymi, bu bizga qorong‘i.

Hozirgi zamonda mulkdorning haq-huquqini keng ommaga yoritib berayotgan jurnalistlar bir kun kelib, o‘zlari mulkdorlik haq-huquqini talab qiladigan binoning kelgusi egasi oldida nohaq bo‘lib qolmaydimi?

Jurnalistlar borgan sari oshib borayotgan ijara haqini to‘lashni uddalay olmay yoki boshqa sabablarga ko‘ra ko‘chaga haydab chiqarilmasligiga kim kafil bo‘ladi, to‘g‘rirog‘i, bunga qandaydir kafolat bormi? Bino sotilganda shu masala inobatga olinib, qandaydir hujjat bilan tasdiqlanadimi degan savollarimiz javobsiz qoldi.

Qanchadan-qancha jonini jabborga berib ishlayotgan jurnalist do‘stlarimiz propiskasiz, uysiz, maydagina maoshga qanoat qilib, yengil mashinasiz, avtobus va metroda o‘z hisobidan joylarga borib, maqolalar yozmoqda. Nafaqat shahar ichida, balki chet qishloqlarga jurnalistik tadqiqot olib borish uchun ham o‘z hisobidan qatnab yurgan hamkasblarimiz oz emas.

Yuqorida keltirilgan vaziyatlardan ko‘pchiligimiz xabardormiz, shu muammolar ichida yuribmiz-ku axir. Lekin O‘zbekiston jurnalistlarining moddiy ahvoli qanday, ishlash uchun qanday shart-sharoitlar mavjudligiga esa e’tiborsizmiz. Aniqrog‘i, bunga parvo ham qilmaydigan kimsalarga aylanib borayotgandekmiz.

Ijtimoiy tarmoqlarda faol ko‘p do‘stlarimiz ba’zan O‘zbekiston jurnalistlariga tanqid toshlarini otib turadi, kamina ham bu ishdan chetda emas. Biron yangilikni chet el axborot agentliklari O‘zbekiston jurnalistlaridan oldin yoritsa hamkasblarimizdan yozg‘iramiz. Tahririyatga berilgan maqolamiz chiqmay qolsa yoki kechikib chiqsa do‘stimizdan xafa bo‘lamiz. Hozirgi kunning haqiqatlarini nega yozmaysizlar, falonchi hokim unday qilibdi, bu amaldor bunday qilibdi deb dag‘dag‘a ham qilib turamiz. Lekin shuncha tanqidimizni va sitamlarimizni ko‘taradigan do‘stlarimizning muammolariga parvo ham qilmaymiz. Dono xalqimizning «Bo‘zchi belboqqa yolchimas» degan maqoli to‘g‘ri ekan!

Shuhrat Salomov,
publitsist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring