Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Markaziy saylov komissiyasi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritildi

Markaziy saylov komissiyasi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritildi

Senatning elliginchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish masalasi ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun bilan Saylov kodeksiga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan edi.

Mazkur o‘zgartirishlar bilan Markaziy saylov komissiyasi to‘qqiz nafar a’zodan iborat tarkibda tuzilishi va doimiy asosda faoliyat yuritishi, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining bir nafar a’zosi Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakili bo‘lishi belgilangan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, amalda faoliyat yuritayotgan Markaziy saylov komissiyasining 14 nafar a’zosi o‘z arizalariga ko‘ra vakolatlarini zimmasidan soqit qilishni so‘ragan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarorlariga binoan Markaziy saylov komissiyasi a’zoligiga Xalmuxammed Paluaniyazov va Muxtabar Xusanovaning nomzodlari tavsiya etilgan.

Dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarorlariga binoan Markaziy saylov komissiyasi a’zoligiga tavsiya etilgan nomzodlarni saylash masalasi ko‘rib chiqildi.

Shundan so‘ng senatorlar Markaziy saylov komissiyasi a’zolarining arizalari bo‘yicha munosabatlarini ham bildirishdi.

Muhokama yakuni bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring