PayPal masalasiga yechim: Senat qonunga o‘zgartirish kiritdi
Oliy Majlis Senatining 13-yalpi majlisida “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish haqidagi Qonun muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan dasturchi-frilanserlar tomonidan yaratilgan dasturiy mahsulotlar va raqamli kontent xorijiy mijozlarga asosan xalqaro elektron platformalar orqali sotilmoqda. Ayrim yirik platformalarda to‘lovlar bank kartalari yoki bank o‘tkazmalari orqali amalga oshirilayotgan bo‘lsa, Upwork, Fiverr, Envato, Storyblocks kabi platformalarda to‘lovlar faqat PayPal tizimi orqali qabul qilinadi.
Shu bilan birga, PayPal to‘lov tizimi hozirda O‘zbekistonda chiqarilgan bank kartalari orqali to‘liq ishlamaydi. Bu holat mamlakat qonunchiligida, xususan, “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonunda ma’lumotlarni faqat O‘zbekiston hududida saqlash talabi mavjudligi bilan izohlanadi. Natijada ayrim xalqaro to‘lov tizimlarining O‘zbekiston bozoriga kirishi cheklanib qolmoqda.
Muhokama qilingan qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlar ushbu muammolarni bartaraf etishga qaratilgan. Jumladan, xalqaro onlayn to‘lov tizimlarining mamlakatimizda faoliyat yuritishini yengillashtirish, fintex, elektron tijorat va raqamli iqtisodiyot rivojini jadallashtirish, frilanserlar uchun qonuniy va shaffof to‘lov mexanizmlarini yaratish, shuningdek, chet ellik turistlar uchun kontaktsiz to‘lov imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Qonunga muvofiq, faqat ayrim turdagi shaxsga doir ma’lumotlar — biometrik, genetik hamda telekommunikatsiya xizmatlari bilan bog‘liq ma’lumotlar — O‘zbekiston hududida saqlanishi shart etib belgilanmoqda. Qolgan ma’lumotlarni chet elga uzatish va saqlash uchun aniq xavfsizlik talablari joriy etiladi. Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasiga shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligi ta’minlangan davlatlar ro‘yxatini tasdiqlash vakolati beriladi.
Senatorlar ta’kidlashicha, mazkur Qonun elektron tijorat sohasida huquqiy va me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga xalqaro internet platformalaridan foydalanishda yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni ma’qulladilar.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter