Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rustam Jabborov

Yo asling kabi ko‘rin, yo ko‘ringaning kabi bo‘l! (Jaloliddin Rumiy)

Og‘riqli nuqta. «Chegaradan chiqqan» vatandoshlarimiz

Og‘riqli nuqta. «Chegaradan chiqqan» vatandoshlarimiz

Foto: «Propertytr.com»

Milliy o‘zlikni anglash, milliy g‘urur singari tushunchalarni ko‘p eshitganmiz, o‘qiganmiz, o‘zimiz ham kezi kelganda ana shu chiroyli jumlalarga ko‘p bor murojaat qilganmiz. Ammo ularning ortida juda katta mas’uliyat, javobgarlik hissi borligini ko‘p-da anglayvermaymiz.

O‘zbekona qadriyatlar deganda o‘zimizning boy o‘tmishimiz, mehmondo‘stligimiz, olijanobligimiz, mehnatsevarligimizni aytib maqtanishni ham obi-tobiga keltiramiz. Lekin, bu siyqasi chiqqan maqtovlarni bir chetga surib, o‘zimizga chetdan baho beradigan payti kelmadikimikin, deb o‘ylab qolaman ba’zan.

Keling, dastavval o‘zim guvoh bo‘lgan bir voqeani eslab o‘tsam, qolgan gapni keyin aytaman.

Bundan ikki yilcha muqaddam bir xalqaro anjumanda ishtirok etish uchun nufuzli oliy o‘quv yurti rahbariyatining taklifi bilan Turkiyaga borgandim. Mamlakat shimoli-g‘arbidagi Bolu shahri Istanbuldan besh soatlik yo‘l ekan. Ikki kunlik anjuman tafsilotlariga mavzuga aloqador bo‘lmagani uchun to‘xtalib o‘tirmayman. Anjuman o‘tgach, kechga yaqin Istanbulga qaytdik. Xorijlik mehmonlar uchun ajratilgan mikroavtobus Toshkent samolyoti uchishidan ikki soatcha oldin kaminani Istanbuldagi Otaturk aeroporti ostonasiga tashlab ketdi.

Tepasida «Toshkent» deb yozilgan bagaj topshirish punktini boshqalaridan bir qarashdayoq farqlab olish mumkin ekan. Gap shundaki, boshqa shaharlarga uchuvchilar indamasdan kelib, yuklarni topshirib, o‘zlari xotirjam pasport nazorati tomon o‘tib ketishadi. «Biznikilar» esa, kimning qo‘lida kichikroq sumka ko‘rib qolishsa, «Akajon, opajon, sizga ozgina yukimni qo‘shvorsak maylimi?» deb darrov yopishib olisharkan.

Qo‘limdagi 10 kilo nari-berisidagi yukni ko‘rgan bir opaxon bilagimga mahkam yopishib oldi.

— Ukajon, yukingiz ozgina ekan, o‘zim qiynalgan, yolg‘iz ayolman, bitta yordam qivoring endi, kelishib ketamiz.

— Opajon shoshmang, avval chiptamni tasdiqlatib olay, — deb uni arang tinchitdim.

Ammo, haqiqiy hangoma hali oldinda edi. Men uzatgan elektron chiptani kompyuterdagi raqamlarga solishtirayotgan ko‘zoynakli operator yigit aybdor qiyofada yelka qisib, qaytarib berdi:

 — Siz bugun emas, ikki kundan keyin ucharkansiz!

 Esxonam chiqayozdi:

 — Orqadoshim, bu qanaqasi? Men bugun uchib ketishim kerak, ikki kun men qayerda qolaman?

 Ovozim sal qo‘polroq eshitildimi, nazoratchi yigit buqaqarash qildi:

— Bey efendim, men nima qilishim kerak? Mana, ekranda sizning chiptangiz ikki kun keyinga rasmiylashtirilgan.

O‘sha paytdagi holatimni tasvirlab berolmayman. Qo‘limda chamadon, pasport va chipta bilan qayerga borishni, nima qilishni bilmay qolgandim. Xayriyat xuddi shu paytda yoningda sening yurtingdan kelgan, sening tilingda gapiradiganlarning borligi odamga ancha quvvat, mador bo‘larkan.

Qolaversa, mezbonlar — anjuman tashkilotchilari bor-ku? Ular bu muammoni o‘zlari hal qilib berishar? Birinchi xayolimga kelgani —tashkilochilardan biri — universitet professori bo‘ldi. Yaxshiyam tashrifnomasi yonimda ekan. Qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni tushuntirdim. Professor gaplarimni eshitib, xiyla taassuflandi:

— Ishchi guruhdagi yosh, tajribasiz xodimlarimiz xatoga yo‘l qo‘ygan ko‘rinadi. Men hozir Istanbulda emasman, aks holda darrov yetib borgan bo‘lardim. Vaqt ham allamahal bo‘p qoldi. Shahardagi birorta mehmonxonada tunab qoling. Ertagayoq bu masalani hal qilamiz. Ketgan ortiqcha xarajatlaringiz ham qoplanadi.

Ichim sal yorishgan bo‘lsa-da, baribir ko‘nglimdagi g‘ashlik tarqamagandi. Bu shahar men uchun tamoman begona bo‘lsa? Qayerga boraman? Qaysi mehmonxonada turaman? Shaharga ikki qadam yo‘l uchun falon lira pul olishadi. Arzonroq joyni bilmasam...

Shunda holatni kuzatib turgan «opaxonim» darrov jonimga oro kirdi: — Ukajon, biletni noto‘g‘ri registratsiya qilib qo‘yishibdi-da! Hechqisi yo‘q, «Turk havo yo‘llari»da tanishim bor. Bor-yo‘g‘i 200 ko‘kidan bersangiz, «shest sekund»da chiptangizni bugunga to‘g‘rilab beraman.

— Opajon, o‘zi chiptamni ham konferensiya tashkilotchilari jo‘natishgandi. Menda ortiqcha pul nima qilsin? Cho‘ntagimda 20 dollardan sal ko‘proq pul bor, xolos.

Opa sal hafsalasi pir bo‘lganini sezdirmaslikka tirishdi.

— Bo‘ldi, bo‘ldi, boshqa yo‘liyam bor, — deya quvlik bilan ko‘zini qisdi. — Men sizni bitta tanishimning uyiga joylashtiraman. Qo‘liga o‘sha 20 dollarni bersangiz yetadi. Faqat ikki kundan keyin shu yerda ko‘rishamiz, yukimni Toshkentgacha yetkazib berasiz. Kelishdikmi?

Begona shaharda, deyarli pulsiz, ko‘chada qolib ketish tashvishi meni qattiq tahlikaga solib qo‘ygandi. Hali o‘zimni tutib olmasimdan opaxon meni yetaklab, aeroport oldida «tirikchilik» qilib yurgan boshqa bir «hamyurtning» yoniga boshlab bordi:

— Falonchi aka, bu kishi mening tog‘avachcham bo‘ladi. Chiptasi ikki kundan keyinga ekan. Siznikida tura tursin, ikki kungina, maylimi?

O‘rta yoshli, sochlariga oq oralagan erkak keskin bosh chayqadi:

— E qo‘ysangiz-chi, o‘tgan safar «amakivachchangiz»ni joylab ketuvdingiz, bir tiyin bermay, yana yangi kurtkamni kiyib survoribdi. Kim bilsin buyam...

Qonim qaynab ketdi. Bular meni kim deb o‘ylayapti? «Bo‘ldi opa, yordamingiz uchun katta rahmat, joy-poy kerakmas», deb nari ketdim. Xuddi shuni kutib turgandek, ikkita yoshroq yigit shartta ikki tomonimdan kelishdi:

— Brat, ko‘rib turibmiz, ChP bo‘p qopti. Yoningizda qancha pul bor o‘zi?

Men soddalik bilan borini aytdim.

— Hmm, brat, Istanbul Sizga Toshkent emas. Ha mayli, bo‘lar ish bo‘pti. Bu opaga ishonmang, g‘irt moshennik-ku, yaxshiyam u bilan ketmadingiz, naq bor-yo‘g‘ingizni shilib olardi. Biz «Laleli»da savdo qilamiz. U yerda arzon mehmonxonalar ko‘p. O‘zimiz joylab kelamiz. Reys jo‘nab ketishi bilan metroda yetvolamiz, bo‘ptimi?

Bunaqa paytda kim qayerga boshlasa ketaverarkan odam.

— Bo‘pti ukalar, sizlarga ishondim!

— Faqat, brat, ketishingizda bizni yukni o‘zingiznikiga qo‘shib opketasiz, «okey»mi?

Ko‘nmasdan boshqa choram qolmagandi. Yigitlar bilan metroda «Laleli»ga yo‘l oldik. Kechasi 11 dan oshib qolganiga qaramay, «Laleli» dahasidagi do‘konlar hamon ishlab turar, sheriklarim yo‘l-yo‘lakay uchragan tanishlari bilan salom-alik qilib borishardi. Keyin bilsam, bu bozorda hamyurtlarimiz juda-juda ko‘p, «Otchopar» yoki «Chorsu»dan kam farq qilarkan. (Har qalay ertasiga ertalab, qiziqish uchun rastalar aylanganimda bunga yana bir bor amin bo‘ldim).

Sheriklarim ikki tarafini yoymachilar egallab olgan tor ko‘chalardan meni uzoq aylantirib, nihoyat to‘rt qavatli, eskiroq mehmonxonaga olib borishdi.

— Brat, siz shu yerda turing, begonalarga srazu joy yo‘q deyishadi. O‘zim gaplashib chiqaman.

Universitet professorining «bugun amallab turing, ertalab o‘zimiz muammoni hal qilib beramiz» deganini eslab, cho‘ntagimdagi bor pulim, 24 dolarni haligi yigitga uzatdim.

— Brat, bu pulingiz bir kunga yetadi, xolos.

— Men ham ertalab bu yerdan chiqib ketaman, tanishlar kelishadi, bugun amallab turaylik.

Yigit bir zum o‘ylanib turgach, to‘rt dollarni qo‘limga qaytarib berdi.

— Unda manavi pulga ujin-pujin qivolarsiz. (Har qalay, hali insofini batamom yo‘qotib yubormagan ekan baraka topkur).

To‘rtinchi qavatning eng to‘ridagi katalakdek xonada joylashdik. Har qalay puliga yarasha-da, besh yulduzli mehmonxonada turish uchun cho‘ntak anchagina baquvat bo‘lishi kerak.

Vaqt o‘tishi juda qiyin bo‘layotgandi. Xonani qulflab pastga tushdim. Xoh ishoning, xoh ishonmang, mehmonxona mijozlarining deyarli hammasi o‘zimiznikilar ekan. Mana, foyeda ikkita sarmast erkak yoshlikdagi sho‘xliklarini eslab, qahqaha otgancha «yarimta»ni maydalashyapti. Sochi kalta qirqilgan yigirma yoshlardagi qiz (telefonda kim bilandir gaplashganida u ham o‘zbek ekanini payqadim) yuzini soqol bosgan turk yigitining pinjiga tiqilgancha hiringlashyapti. Ikkita yoshroq yigit, talaba bo‘lsa kerak, mehmonxona ma’muri bilan arzonroq joy talashyapti.

Beixtiyor boyagi «sherigim» marhamat ko‘rsatib, tanishi orqali joy gaplashib bergani esimga tushib, sekin ma’mur yigitning yoniga bordim. Bo‘sh xonalar va ularning narxi bilan qiziqdim. Ma’lum bo‘lishicha, mehmonxona nomerlarining yarmi bo‘sh, narxi ham 10—15 dollar atrofida ekan... Xullas, menga «beminnat» yordam ko‘rsatgan hamyurtim o‘z cho‘ntagini ham unutmabdi.

...Yoz chillasida, konditsioneri ishlamaydigan torgina xonada amallab tong ottirdim. Ertalab mehmonxona telefonidan professorga qo‘ng‘iroq qilib, manzilimni tushuntirdim. «Ishqilib, buyam quloqqa lag‘mon ilmagan bo‘lsin» deb turgandim. Xayriyat, sakkizlarga yaqin anjuman tashkilotchilari mehmonxonaga mashina yuborishdi. Meni shahar markazidagi tuzukroq mehmonxonaga joylashtirib, yuz bergan anglashilmovchilik uchun uzr so‘rashdi. Ikki kunlik xarajatlarni ham to‘la qoplashdi.

Nihoyat, ikki kun o‘tib, yana aeroportga yetib keldim. Yana yurakda oldingidek hadik. Ishqilib chiptam yana «orqaga surilib» qolmaganmikin? Yo‘q, bu gal «Sug‘ur kuni» takrorlanmadi. Yana o‘sha izdihom, ikki kun avval ko‘rgan odamlarim.

Albatta, Toshkentga qaytuvchilar orasida oldi—sotdi bilan shug‘ullanuvchilar aksariyatni tashkil qiladi. Bundan tashqari, ko‘p yillardan beri Istanbulda yashab, unisi—bunisidan O‘zbekistonga yuk jo‘natib pul ishlashni kasb qilib olganlar ham yo‘q emas. Yana birovlar yo‘lovchilarning sumkalari ochilib ketmasligi uchun skotchlab berish evaziga yaxshigina choychaqa olishyapti. Mayli, yo‘lini qilibdi, qandini ursin.

Aeroport xodimlari ham «hamyurtlarimiz»ning bu qilmishlarini yaxshi bilib qolgani uchunmi, imkon bo‘lishi bilan ularni urishib, ogohlantirishar, hatto kezi kelganda, quvib solishar, ammo «uchar»larimiz birpasdan keyin yana paydo bo‘lisharkan.

Tunov kuni menga «beminnat yordam» ko‘rsatgan «ukalar»ni bugun ko‘rmasam kerak deb o‘ylagandim. Adashibman. Ularnig o‘zi bir paytda meni topib olishdi.

— Brat, qalay bo‘ldi? Sizni «lox» qilmoqchi bo‘lgan o‘sha professorlardan ming-ikki ming «ko‘ki»dan undirmabsiz-da! — deya iljaydi eski tanishim. — Eh, o‘zim yoningizda bo‘lmabman-da! Ha mayli. Endi erkakcha va’dani bajarasiz. Ozroq yukimiz bor. Qo‘rqmang, unaqa yomon narsamas, hammasi kiyim—kechak. «Tamojnya» boshni qotirsa, jiyanlarga sovg‘aga oldim deb turaverasiz. Hammas «zakonni». Javob, brat!

«Ukalar»ning mehmonxonaga joylashtirishdagi uddaburonligi esimga tushib, ensam qotdi. Lekin pachakilashib o‘tirgim kelmadi. Mayli, har qalay o‘sha kuni bir kechaga bo‘lsayam joy topib berishdi-ku!

Baraka topkurlar meni pasport nazorati tomon kuzatishdan oldin telefoniga suratga olib qo‘yishni ham unutishmadi. Axir, u bechoralar qayerdan bilishsin: Toshkentga borgach, aeroportdan chiqishim bilan ularning yuklarini «uxlatib» ketishim ham mumkin-ku?

...Xullas, samolyotdan ikki kunga kechikishim hisobiga xorijda yurgan hamyurtlarimizning «yangi qirralari»ni o‘zim uchun kashf etgandek bo‘ldim.

Bu voqeaga ikki—uch yilcha bo‘lib qoldi. Hozir ham vaziyat shu taxlit davom etyaptimi, o‘zgardimi — bilmayman. Ammo, aeroport eshigi oldida turib, to‘rt—besh tanga ilinjida duch kelgan odamni avrashga, eng avvalo o‘z yurtdoshlaridan nimadir undirishga shay turgan do‘stlarimizni hali-hamon eslab turaman.

Bu haqda ko‘p bora yozishga chog‘landim-u, istihola qildimmi, negadir orqaga surib keldim. Faqat. Yaqinda, mamlakat rahbarining parlament minbaridan turib, «bizga o‘z vatanini, xalqini, millatini sevadigan insonlar» degan baralla xitobini eshitib, anchadan beri dilimni xira qilib kelgan xotiralarni yozishga jazm qildim.

...Meni olis yurtlarda, o‘z oilasini boqish, kam-ko‘stini butlash uchun sarson-sargardon yurib, halol mehnati bilan pul topayotgan do‘stlarimiz kechirishsin. Meni dunyoning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olib, o‘zbekning aqlu zakovatini namoyon etayotgan yoshlarimiz kechirishsin. Yurtimizning xorijiy o‘lkalaridagi vakolatxonalarida faoliyat yuritayotgan, o‘z vazifalarini ado etayotgan davlat xizmatidagi hamyurtlarimiz kechirishsin. Ammo, Vatan sarhadidan chiqqan har bir fuqaro o‘zi bilan birga millat sha’ni, yurt g‘ururini ham yelkasiga ortmoqlab ketayotgani, ularga qarab, begonalar butun boshli xalq ustidan hukm chiqarishi mumkinligini e’tibor olmas ekan, yaxshisi, uyidan chiqmay o‘tirgani ming marta ma’qul.

Men shu xalqning oddiy bir vakili sifatida dunyoning qaysi burchagida bo‘lsa ham, o‘zbek deganda kimlarningdir ko‘z oldiga «bilib-bilmay» nomusfurushlar qo‘liga tushib, kimlarningdir jirkanch ehtiyojini qondirayotgan ojizalar emas, arzimagan choychaqa evaziga har qanday past ishni ham bajarib ketaveradigan, na til, na qonunni biladigan «gastarbayterlar»lar emas, shaxsiy manfaati yo‘lida hatto o‘z qondoshlarini ham ayamaydigan firibgalarni emas, faqat va faqat zukko, madaniyatli, halol, mard, teran fikrli, yorug‘ yuzli, pokiza qalbli, ezgu niyatli insonlarni keltirishini istayman, xolos.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring