Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

 Olmon tili – jahon tili. O‘zbekistonda ushbu tilni o‘rganish qay ahvolda?

 Olmon tili – jahon tili. O‘zbekistonda ushbu tilni o‘rganish qay ahvolda?

Foto:«Xabar.uz»

7-noyabr kuni Toshkentda olmon tili o‘qituvchilarining anjumani boshlandi. O‘n uchinchi marotaba tashkil etilgan tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston ta’lim tizimi mansabdorlari, Germaniya hamda Shveysariya diplomatlari qatnashdi.

Ilmiy-ma’rifiy tadbir Germaniya hamda Shveysariya elchixonalari, Gyote instituti, Germaniya xalq universitetlari uyushmasi (DVV), Xorijdagi maktablar markaziy boshqarmasi  (ZfA) hamda O‘zbekiston olmon tili o‘qituvchilari assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri birinchi o‘rinbosari Alisher Umarovning qayd etishicha, keyingi yillarda yurtimizda olmon tilini o‘rganuvchilar soni kamaydi. 2009-yilda mamlakatimiz maktablarida ushbu tilni 515 mingdan ziyod o‘quvchi o‘rgangan bo‘lsa, 2018-yilda mazkur ko‘rsatkich 340 mingga tushib qoldi.

Foto:«Xabar.uz»

A.Umarovga ko‘ra, ayni paytda maktablarda olmon tili ta’limini kengaytirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Negaki, ilm-fan hamda yuksak texnologiyalar vatani bo‘lmish Germaniyadan O‘zbekiston ko‘p jihatlarni o‘rganishi mumkin. O‘zaro robitalarni mustahkamlashda esa til omili muhim o‘rin tutadi.

Bu boradagi tadbirlar hozirdanoq o‘z mevasini bermoqda. Olmon tilini o‘rganuvchilar soni yana ko‘paya boshladi. Xususan, joriy yil yurtimiz maktablarida ushbu tilni o‘rganuvchilar sonini 15 mingtaga oshirishga erishildi.

Germaniya elchixonasi doimiy vakili Kristofer Fuks o‘z nutqida O‘zbekistonda olmon tilini o‘rgatishda zahmatkash muallimlarning xizmati katta ekanini ta’kidladi.

«Germaniyadan O‘zbekistonga har yili ko‘plab mehmonlar keladi. Ular O‘zbekistonda olmon tilini biladigan ziyolilar soni ko‘pligidan hayratga tushishadi. Darhaqiqat, bugun olmon tili bilgan holda O‘zbekistonda bemalol harakatlanish mumkin. Bunda esa muallimlarning xizmati katta. Ta’bir joiz bo‘lsa, olmon tili o‘qituvchilari Germaniyaning O‘zbekistondagi, O‘zbekistonning dunyodagi mavqeini mustahkamlashga hissa qo‘shmoqdalar», – dedi Kristofer Fuks.

Qayd etilishicha, hozirda olmon tilini bog‘cha, maktab va universitet bosqichlarida, uzluksiz ravishda o‘qitishga e’tibor qaratilmoqda. Yurtimizdagi 11 ta oliy o‘quv yurtida mazkur til bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. Yaqin kelajakda bu raqamlar yanada oshishi kutilmoqda.

Ikki kun davom etadigan ilmiy-ma’rifiy anjumanda yurtimizning turli hududlaridagi o‘rta va oliy ta’lim maskanlarida olmon tilidan saboq berayotgan 200 dan ziyod pedagog qatnashmoqda.

Tashkilotchilarga ko‘ra, tadbir davomida Germaniya, Avstriya hamda Shveysariyadan kelgan nomdor mutaxassislar amaliy mashg‘ulotlar olib boradilar. Sirasini aytganda, an’anaviy anjumanda soha vakillari o‘zaro tajriba almashib, til ta’limini rivojlantirish borasida fikrlashadilar.

Bu yilgi anjuman Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi olmon tili chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitiladigan hamda Germaniyaning «Maktablar: kelajak hamkorlari» tashabbusi doirasida qo‘llab-quvvatlanadigan Shayxontohur akademik litseyida o‘tmoqda. 

So‘nggi yillarda butun dunyoda olmon tilini o‘rganishga ishtiyoqmandlar soni oshib bormoqda. Raqamlarga murojaat etsak, jahon bo‘ylab qariyb 16 million kishi mazkur tilni xorijiy til sifatida o‘rganmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Germaniya elchisi Gyunter Overfeld ham «Xabar.uz»ga bergan intervyusida O‘zbekistonda olmon tili ta’limi sifatini yanada oshirish maqsadida o‘qituvchi va ma’ruzachilar sonini oshirish, stipendiyalarni ko‘paytirish ko‘zda tutilganini ma’lum qilgan edi.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring