Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oqdaryoda erkaklar tug‘adimi? (video)

Oqdaryoda erkaklar tug‘adimi? (video)

Namoz Ochilov — Oqdaryo tumani tibbiyot birlashmasi bosh vrachi.

Foto: «Xabar.uz»

Oqdaryo tumanidan «Xabar.uz» saytiga shikoyat bilan murojaat qilishdi. Tuman tibbiyot birlashmasi(TTB)ga kelgan yangi bosh vrach ayol vrachlarni ishdan olib, hammasining o‘rniga erkak vrachlarni qo‘yibdi.

Ishonish qiyin. Islomiy jihatdan begona erkak nomahram bo‘lishi ham mayli, nahotki ayol vrachlar tug‘ruqxonadan chiqarib yuborilayotgan bo‘lsa?

Oqdaryoga yo‘l oldik.

Yangi rahbar, yangicha ish uslubi

− 2001-yildan beri tug‘ruq bo‘limida ishlayman, 2017-yilning aprelidan shu bo‘lim mudirligiga tayinlangan edim, − dedi ginekolog vrach Hulkar Ravshanova. – Sentyabr oyida TTBga Namoz Ochilov bosh vrach bo‘lib keldi. Dekabrda xonasiga chaqirgan bosh vrach yangi quriladigan tug‘ruqxona loyihasi uchun 700 AQSh dollari berishimni so‘radi. Keyin bu pulni uning o‘rinbosari Ilhom Yaxshiboyev ham so‘radi. O‘zi davlat rahbari poraxo‘rlikka, ayniqsa, tibbiyot sohasidagi pul so‘rashlarga qarshi kurashib turgan bir paytda uncha pulni qayerdan olaman? Vrachlardan, tuqqani kelgan xotinlardan olishim kerakmi? Pul bermasligimni aytdim. Shu bilan «Men bir yilda 750 ta operatsiya qilaman, sen bir yilda nechta abort qilasan?» deb dag‘dag‘a qilgan bosh vrachning tazyiqiga duchor bo‘ldim. Yig‘ilishlarda meni siquvga olishni boshladi. Shundan keyin ishdan bo‘shatishini so‘rab ariza yozdim.

«Nega chaqirganimda kvartiramga kelmading?», — dedi. «Bu nima deganingiz, nega kvartirangizga borishim kerak?», — dedim. U kishi xodimlarni ijarada turadigan kvartirasida qabul qilishni odat qilgan. «Arizamga qo‘l qo‘ying, ketaman», — dedim. «Ariza yozib qutulmoqchimisan, bilib qo‘y, seni boshqa joyda ishlagani ham qo‘ymayman», — dedi Namoz Ochilov.

22-yanvar kuni ishni qishloq oilaviy poliklinikasi(QOP)dan chaqirilgan Asqar Abulqosimovga topshirishimni aytdi. Shunday qilib, 2017-yil aprelida odam o‘lishiga sabab bo‘lgani uchun ishdan olingan vrachni Namoz Ochilov 2018 yil yanvarda tug‘ruq bo‘limi mudiri qilib qo‘ydi. Meni Dahbed QOPiga yuborishdi. U yerda bo‘sh joy topilmadi. Shu bilan na ishim bor, na bir buyruq.

Hulkar Ravshanova shundan so‘ng huquqlari buzilgani to‘g‘risida Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga murojaat qildi. Boshqarma boshlig‘i Hulkar Ravshanova ishdan noto‘g‘ri olinganini ko‘rsatib, ishiga tiklab qo‘yish to‘g‘risida TTB bosh vrachiga xat tayyorlatib berdi. Ammo TTB bosh vrachi boshqarma boshlig‘ining xatini inobatga olmadi, unga e’tibor ham bermadi.

Hulkar Ravshanova shundan so‘ng Samarqand viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashiga murojaat qildi. Kengash raisi Suhrob Rafiqov «Siz noqonuniy ishdan olingansiz, TTB bosh vrachi sizni QOPga safarbar qilishda jamoa shartnomasi qoidalarini buzgan, bu masalada sudga murojaat qiling» degan javobni bergan.

Hulkar Ravshanova Oqdaryo tuman hokimi Pirmatboy O‘sarovga murojaat qildi. Hokim «Bosh vrachga o‘zim aytib qo‘yaman, ishingizga tiklaydi» deb javob beradi, ammo yo aytishni unutadi, yo Namoz Ochilov uning aytganini ham qilmaydi.

TTB bosh vrachi Namoz Ochilovdan bu gaplarga izoh so‘radik.

− Bu yerda tushunmaydigan narsaning o‘zi yo‘q, − dedi Namoz Ochilov. – Bu Prezidentning topshirig‘i. Yaxshi vrachlar respublikadan viloyatlarga, viloyatdagilar tumanlarga, tumandagilar qishloqlarga rotatsiya qilindi. Men o‘zim viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasida bosh vrach edim. Ikki yilga Oqdaryo tumani tibbiyotini yaxshilib berish uchun safarbar qilindim. O‘z navbatida Hulkar Ravshanova ham yaxshi vrach bo‘lgani uchun uni qishloqlarga yuborganman. Bir yil nima degan gap, o‘tadi-ketadi, kelib yana o‘z joyida ishlayveradi.

Bosh vrach huzurida TTB kasaba uyushmasi rahbariga savol berdim:

− Xodimni bir yil muddatga safarbar qilish mumkinmi? Jamoa shartnomasida shu ko‘rsatilganmi?

− Jamoa shartnomasida xodim ikki oydan olti oygacha safarbar qilinishi mumkinligi ko‘rsatilgan, − yerga qaradi uyushma rahbari.

− Bunga men javob beraman, − dedi Namoz Ochilov. – Men ikki yilga kelganmanmi, xodimlarim ham bir yilga safarbar qilinadi. Bu Prezident topshirig‘i va uni muhokama qilishga hech kimning haqi yo‘q.

Hulkar Ravshanova haq-huquqini talab qilib fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudiga murojaat qiladi. Sud raisi esa «Bu odam bilan bog‘liq sud ishini ko‘rmayman» deb ishni viloyat sudiga yuboradi.

«Ishimni deb sog‘lig‘imdan ayrildim»

− 1994-yildan beri TTBning tug‘ruq bo‘limida ishlab kelayotgan edim, − dedi ginekolog vrach Muhabbat Saidova. – Shu paytgacha faqat maqtovlar eshitib, mukofotlar olib ishlaganman. 2018-yilning fevral oyida bo‘limga kelgan tekshiruvchilar bir bemorning sumkasidan to‘rt dona shprits topib olibdi. Tekshiruvchilar «Buni vrach yozib berganmidi?» deb so‘radi. Bemor «Erim olgan dorilarning qaytimiga bergan ekan» dedi. Shu bahona bo‘lib, bosh vrach meni hammaning oldida sensirab urishdi. «Ko‘zingni menga bo‘qraytirma!» deb baqirdi. Ertasiga yig‘ilishda hammaning oldida yana senlab, «Nega tushuntirish xati yozmading?» deb haqorat qildi. «Meni sensiramang, haqorat ham qilmang, men avvalo vrachman, qolaversa ayolman!» dedim. «Seni senlashga mening haqqim bor! Sening tiling bir qarich ekan, seni yo‘q qilaman, chiq, yo‘qol!» deb meni yig‘ilishdan haydab chiqardi. Keyin «Buyruq tayyorlanglar, tili juda uzun ekan, eng uzoqdagi QOPga jo‘natinglar, bir yil yursin o‘sha yoqlarda, ko‘zi ochiladi» debdi. Buni menga yig‘ilishda qolgan hamkasblarim aytishdi. Xullas, 3-mart kuni meni tumanning eng chekka uchta QOPiga jo‘natish haqida buyruq chiqardi. 35-40 kilometr joydagi Avazali, Ulug‘bek, Sarka kabi to‘rtta QOPga har kuni borib kelishim kerak bo‘ldi. Bundan xafa bo‘lib, gipertoniya kasalim xuruj qilib, shifoxonaga tushib qoldim. Xotin-qizlar bayramini ham shifoxonada o‘tkazdim.

Achchiq bilan Oqdaryo tumanidagi Xalq qabulxonasiga uchrashdim. Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Nazira opa bosh vrachni chaqirdi. Mening shikoyatlarimni aytib, o‘rnimda qoldirishini iltimos qildi. «Yo‘q, ketadi, eng uzoq qishloqlarga borib, bir yil ishlab keladi, qarorimni o‘zgartirmayman», — dedi Namoz Ochilov. Viloyat kasaba uyushmasi raisiga  uchrashdim. U kishi ham qonun buzilishi sodir bo‘lganini aytib, sudga berishim mumkinligini aytdi.

Shunday qilib, Muhabbat Saidova ham fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudiga murojaat qildi. Sud raisi bu ishni ham ko‘rishdan o‘zini olib qochdi va viloyat sudiga yubordi.

− Bizdan tashqari yana Rahmatullayeva degan ayol vrach ham ishdan ketkizilgan, − dedi Muhabbat Saidova. – Eng qizig‘i, mening o‘rnimga ginekolog qilib ishga olingan erkak ginekolog Isomiddin Bekpo‘latov aynan men yuborilgan chekka qishloqdagi QOPdan qatnab ishlayapti. Xullas, biz, ayol vrachlarni qishloqlarga chiqarib yuborib, hamma erkaklar yig‘ilib olib, ayollarni abort qilish bilan shug‘ullanishayapti.

Qiziq bir fakt: TTBdagi tug‘ruqlar soni bilan qiziqdik. 2017-yilning noyabr oyida 201 ta, dekabr oyida 256 ta, 2018-yilning yanvar oyida 209 ta ayol tuqqan tug‘ruqxonada 2018-yilning fevral oyida 170 ta, mart oyida 172 ta ayol tuqqan. Tug‘ilish kamayishi bahorgi ishlarning boshlanishi bilan bog‘liqmikan yoki ayollar erkaklardan «hurkib» ketishdimikan?

Bu savolga ham TTB bosh vrachi Namoz Ochilov original tarzda javob berdi:

− Bu biz olib borayotgan tushuntirish ishlarining natijasi, biz songa emas, sifatga e’tibor qaratayapmiz, − dedi bosh vrach. – Oz bo‘lsinu soz bo‘lsin. Kam bo‘lsa-da, sog‘lom bolalar tug‘ilmoqda.

Qozi nima deydi?

Vrachlar bir necha hafta cho‘zilgan sudning surishtiruv ishlarida qatnashdilar. Jurnalistik surishtiruv olib borgan «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali maxsus muxbiri ham barcha sud yig‘ilishlarida ishtirok etdi va bu jarayondagi savol-javoblarni bevosita qayd qilib bordi.

Nihoyat, 2018-yilning 15-may kuni Hulkar Ravshanova ishi yuzasidan, 23-may kuni Muhabbat Saidova ishi yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi sudyasi Abduvali Jabborov har ikkala da’vogarning da’volarini qanoatlantiruvchi qaror chiqardi. Unda har ikkala vrachning Oqdaryo TTBga nisbatan da’vo muddatini tiklash, o‘z ish joylari va xizmat lavozimlariga tiklash, ularga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirish belgilab qo‘yilgan. Xullas, adolat tantana qildi!

Bugun adolat bilan sud qilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudiga minnatdorchilik bildirgan vrachlar Hulkar Ravshanova va Muhabbat Saidova qo‘llariga sud qarorini olib, Oqdaryoga, tuman shifoxonasiga, bosh vrach Namoz Ochilov huzuriga yo‘l oldilar.

Namoz Ochilov sud qarorini ham pisand qilmasdan o‘z bilganicha ish tutadimi yoki qonunga bo‘ysunib, ayollardan kechirim so‘rab, ahillik bilan kelishib ishlaydimi, buni vaqt ko‘rsatadi. Zero, sud qarorida mana bu jumlalar yozib qo‘yilgan: «Sud ijro hujjatlarini ijro etish bo‘yicha sud ijrochisining talablari O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan barcha davlat tashkilotlari, korxonalar, jamoat birlashmalari, muassasalar, xo‘jaliklar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir. Sud ijrochisining talablarini bajarmaslik javobgarlikka tortishga sabab bo‘lishi mumkin. Hal qiluv qarorining ishga tiklash qismi darhol ijroga qaratilsin!».

Biz ham sudning odilona qaroridan xursand bo‘ldik. Har holda bola tug‘ish ayollarga qoladigan bo‘ldi. Oqdaryoda yana bola tug‘ilishi ko‘paysa ajab emas.

«Xabar.uz» voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Karimberdi To‘ramurod,
«Xabar.uz»ning muxbiri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring