O‘zbekiston fuqarolari AQSh va Yevropaga ishga yuborilishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan tashqi siyosatga doir yig‘ilishda, jumladan, fuqarolarga xorijda yuqori daromadli ish o‘rinlarini topib berish masalasi ham tilga olindi.
Qayd etilishicha, hozirda tashkiliy migratsiya asosida o‘zbekistonliklar 30 dan ortiq davlatda mehnat qilib kelmoqda. Misol uchun, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya kompaniyalari mutaxassislarga talabidan kelib chiqib, O‘zbekistonda o‘quv kurslarini tashkil etgan.
Yaponiya kompaniyasi qurilish, haydovchilik, mehmonxona va restoran xizmati yo‘nalishlarida «10 ming nafar o‘zbek mutaxassisini jalb qilish» loyihasini boshladi. Buyuk Britaniyaga mavsumiy ishchilarni yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Lekin qolgan mamlakatlardagi elchilar bunday tajribani boshqa davlatlar bilan yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatmayotgani qayd etildi.
Masalan, chetdan ishchi kuchini faol jalb etayotgan Avstriya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Chexiya, Saudiya Arabistonidagi elchilarning mazkur yo‘nalishdagi ishlari qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda Shvetsiya, Daniya va Norvegiyada 300 ming ishchilarga ehtiyoj bor.
Norvegiyalik ish beruvchilar bu yilning o‘zida 3 ming fuqaroni o‘zlari o‘qitib, ularga Yevropa standartlari asosida sertifikat berishga tayyor. Yoki Shvetsiya grant ajratib, ijtimoiy xodimlarni tayyorlash va joriy yilning o‘zida 500 nafarini ishga olish taklifini bermoqda.
Mutasaddilarga Shvetsiya, Daniya va Norvegiya bilan kelishuvga erishib, fuqarolarimizni yuqori daromadli ish o‘rinlariga yuborish muhimligi ta’kidlandi.
Umuman, Shvetsiya va Latviyadagi elchilar bilan birgalikda Nordik davlatlar bilan tashqi mehnat migratsiyasi borasida hamkorlik dasturini ishlab chiqish topshirildi. Har bir elchi xorijda yuqori daromadli ish o‘rinlarini topish, aholini shunga mos kasb va tilga o‘qitishga ham mas’ul bo‘lishi belgilandi.
Bu borada Yaponiya, Shvetsiya, Norvegiya, Bolgariya, Avstriya, Xorvatiya, Sloveniya, Serbiya, Gretsiya va O‘mon bilan migratsiyaga oid hukumatlararo va idoralararo bitimlarni imzolash muhimligi ta’kidlandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter