O‘zbekiston musulmonlari idorasi aholini qabristonlarni obod qilishga chaqirdi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi qabristonlarni obod qilish va ziyorat odoblari yuzasidan aholiga murojaat bilan chiqdi.
Idora ayrim joylarda qabristonlarning qarovsiz qolishi, qurib qolgan o‘t-o‘lanlarning tozalanmasligi, qabrlar orasidagi yo‘laklarning yo‘qligi yoki ta’mirtalab holatga kelib qolgani kabi kamchiliklar uchrayotganini ta’kidladi.
Bunday holatlar marhumlar xotirasiga nisbatan befarqlik va tiriklarning o‘tganlar oldidagi burchini to‘liq ado etmaslik sifatida baholanadi.
«Muqaddas dinimizda marhumlarga hurmat ko‘rsatish, ularni yaxshi xotiralar bilan eslash va qabrlarini ziyorat qilishga targ‘ib etilgan. Ushbu xayrli amalda ziyorat qiluvchiga ham, ziyorat qilinuvchiga ham ko‘plab foydalar bor. Ziyorat qilinayotgan marhumning ruhi tilovati Qur’on, istig‘for va duolar bilan shod bo‘ladi. Ziyorat qiluvchi esa bundan ibrat oladi – oxirat haqida tafakkur qiladi», — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, qabr ziyorati insonni dunyoga haddan ortiq berilmaslikka, manmanlik va g‘ururdan saqlanishga hamda yaxshi amallar qilishga undaydi. Ziyoratga borgan inson qalbida beixtiyor: «Bir kun kelib men ham shu yerga kelaman», degan xulosa paydo bo‘ladi. Bu esa insonning o‘z hayoti va amallarini qayta ko‘rib chiqishiga undaydi.
Musulmonlar idorasi qabristonlarni faqat ma’lum kunlarda emas, balki doim toza va obod saqlashni hayot tarziga aylantirish zarurligini ta’kidlab, bu ishda barchani fidoyilikka chorladi.
«Ziyoratchi qabristonga kirishda o‘zi pok bo‘lishi, qabr ahllariga salom berib, ularning haqqiga duolar qilishi, qabr tepasiga kelganda esa unga yuzlanib, tilovat qilishi odobdandir. Ziyorat asnosida qabrlar ustini bosmaslik, belgilangan yo‘laklardan yurish lozim. Zero, qabr ustini oyoqlari bilan toptash gunoh hisoblanib, hadislarda bundan qat’iy qaytarilgan», — deyiladi murojaatda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter