Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston Qizil kitobi 24 turdagi o‘simlik va 13 turdagi hayvon bilan «semirtiriladi»

O‘zbekiston Qizil kitobi 24 turdagi o‘simlik va 13 turdagi hayvon bilan «semirtiriladi»

O‘zbekistonda Qizil kitobga kiritish taklif etilayotgan yovvoyi flora va fauna turlari ro‘yxati muhokama qilindi.

Mazkur jarayon Ekologiya qo‘mitasining Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti hamda Botanika instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Shuningdek, ishda mustaqil mahalliy ekspertlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ham ishtirok etgan.

Qayd etilishicha, Qizil kitobning oltinchi nashri materiallari taqdimotida kitobga kiritilishi taklif etilayotgan turlar ro‘yxatini shakllantirish ilmiy asoslangan yondashuvlar asosida, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining toifalari va mezonlarini qo‘llagan holda amalga oshirildi. Bu milliy turlarning muhofaza maqomini xalqaro standartlarga moslashtirish va ma’lumotlarning global darajada solishtirilishini ta’minlash imkonini bergan.

Qizil kitobning 2019 yildagi amaldagi 5-nashriga 48 ta oilaga mansub 314 tur va kenja turlar kiritilgan. Zamonaviy botanika nomenklaturasidagi o‘zgarishlar, areallarni aniqlashtirish va ayrim tabiiy populyasiyalarning tiklanishi natijasida 12 ta oilaga mansub 21 ta o‘simlik turini ro‘yxatdan chiqarish taklif qilinmoqda.

Shu bilan birga, 6-nashrga 48 ta oilaga va 125 ta jinsga mansub, yo‘qolib ketish xavfi ostidagi 317 tur va kenja turdagi o‘simliklarni kiritish taklif etilmoqda. Ularning 24 turi Qizil kitobga birinchi marta kiritilishi rejalashtirilmoqda. Bu biologik xilma-xillik holati va yuzaga kelayotgan xavflar bo‘yicha yangi ma’lumotlarni aks ettiradi.

Qolaversa, amaldagi 5-nashrga jami 206 tur va kenja turdagi hayvonlar kiritilgan. Shundan 83 turi umurtqasizlar (halqali chuvalchanglar, mollyuskalar va bo‘g‘imoyoqlilar), shuningdek baliqlar, sudralib yuruvchilar, qushlar va sutemizuvchilar kiradi.

Ilmiy tadqiqotlar va monitoring yakunlariga ko‘ra, avval kiritilgan turlardan 30 tasini ro‘yxatdan chiqarish taklif etilmoqda. Ayni vaqtda 6-nashr uchun 189 tur va kenja turdagi hayvonlarni ro‘yxatga kiritish tavsiya qilinmoqda. Shundan 13 turi Qizil kitobga ilk bor kiritilayotgan turlardir. Bundan tashqari, turli taksonomik guruhlarga mansub 48 tur hayvonning muhofaza maqomini o‘zgartirish tavsiya etilgan.

Shu tariqa, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobining 6-nashri uchun turlar ro‘yxati ilmiy asosda qayta ko‘rib chiqildi: ayrim turlarni ro‘yxatdan chiqarish, yangi turlarni kiritish hamda avval kiritilgan turlarning muhofaza maqomini tuzatish bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.

Qizil kitobni tayyorlash va nashr etish O‘zbekistonda bioxilma-xillik holatini, o‘simlik va hayvon turlarining qanchalik kamyobligini hamda yo‘qolib ketish xavfi darajasini baholashda muhim ahamiyatga ega.         

Eslatib o‘tamiz, mazkur Qizil kitob – O‘zbekiston hududi doirasida uchraydigan juda kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan hayvonot hamda o‘simlik dunyosi turlarining izohlangan ro‘yxatini o‘z ichiga olgan rasmiy davlat hujjatidir. Unda ushbu turlarning tarqalishi, hozirgi holati, sonining kamayish sabablari, ularni saqlash va ko‘paytirish bo‘yicha tadbirlar haqidagi umumlashtirilgan ma’lumotlar keltiriladi. Qizil kitobni tayyorlash va yuritish Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 19 dekabrdagi 1034-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring