Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda noolimpiya sport turlari uchun alohida konfederatsiya tashkil etilishi mumkin

O‘zbekistonda noolimpiya sport turlari uchun alohida konfederatsiya tashkil etilishi mumkin

O‘zbekistonda Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilmagan sport turlarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha yangi tizim joriy etish reja qilinmoqda.

Jumladan, Hukumat qarori loyihasi bilan «O‘zbekiston noolimpiya sport turlari konfederatsiyasi»ni tashkil etish rejalashtirildi.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, yangi konfederatsiya noolimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalarni birlashtiruvchi nodavlat notijorat tashkilot sifatida faoliyat yuritadi hamda davlat va sport tashkilotlari o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaradi.

Qaror loyihasi bilan noolimpiya sport turlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari ham belgilandi. Ular qatorida yoshlar uchun keng imkoniyat yaratish, iqtidorli sportchilarni saralash, yagona elektron baza shakllantirish, xalqaro musobaqalarda munosib ishtirokni ta’minlash va sport infratuzilmasini kuchaytirish kabi vazifalar bor.

Shuningdek, konfederatsiya xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, grantlar jalb etish, xususiy investitsiyalarni kengaytirish va sport klublarida marketing hamda menejmentni rivojlantirish bilan ham shug‘ullanadi.

Loyihaga muvofiq, noolimpiya sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari trenerlari konfederatsiya tomonidan Sport vazirligi bilan kelishgan holda tayinlanadi.

Konfederatsiya Toshkent shahri Mirobod tumanidagi binoga bepul joylashtiriladi. Shuningdek, hududlarda uning vakillari uchun joy ajratiladi.

2026-yil 1-dekabrga qadar noolimpiya sport turlari bo‘yicha trenerlar va sportchi-o‘quvchilarning yagona elektron ma’lumotlar bazasini yaratish ham rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 2027-yilda konfederatsiya faoliyatini yo‘lga qo‘yish va sport tadbirlarini moliyalashtirish uchun davlat budjetidan 5 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratilishi belgilangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring