Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbekneftgaz»da burg‘ilash jarayoni aniq va xavfsiz boshqariladigan markaz ish boshladi

«O‘zbekneftgaz»da burg‘ilash jarayoni aniq va xavfsiz boshqariladigan markaz ish boshladi

«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan mamlakatda ilk bor burg‘ilash ishlarini boshqarish markazi to‘liq ishga tushirildi. Ushbu markaz gaz quduqlarini burg‘ulashda qanday samaradorliklar taqdim etadi? Tashkilot tomonidan OAV uchun tashkil etilgan press-tur davomida ushbu savollarga javob berildi.

Konsilium
Markazning eng muhim vazifalaridan biri – real vaqt rejimida burg‘ilash jarayonlarini kuzatib borishdan iboratdir. Burg‘ilash ishlarini raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalar va masofaviy monitoring tizimlari tufayli markaz mutaxassislari yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariya va baxtsiz hodisalarni tezkorlik bilan aniqlash va uni oldini olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Taqqoslash uchun, ilgari biror quduqda nosozlik yuzaga keladigan bo‘lsa, kerakli mutaxassis O‘zbekistonning uzoq hududlaridan biridagi burg‘u asbobi yoniga yetib borish va holatga baho berishi uchun bir necha kun yo‘qotilishiga olib kelinardi. Endi esa barcha quduqlardagi jarayon markaz orqali kuzatib turiladi. Shu yerda barcha kuchli mutaxassislar jam bo‘lishib, yuzaga kelgan jarayonni birgalikda bomaslahat bartaraf etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Joylardagi xodimlarga kerakli tavsiya va ko‘rsatmalar esa onlayn holatda berib turiladi. Natijada markazlashgan tashkiliy-raqamli boshqaruvni yaratish orqali quduqlarni burg‘ilash muddati 45 foizgacha qisqartirish va qurilish qiymatini 35 %ga kamaytirish imkoni paydo bo‘ldi. Ya’ni, endilikda har bir quduq qurilishi uchun ko‘zda tutilgan loyihaviy qiymatdan 4,0 mlrd. so‘mdan 10,0 mlrd. so‘mgacha iqtisod qilish mumkin bo‘ladi.

Ish jarayoni
Ma’lumotlarni Burg‘ilash ishlarini boshqarish markaziga yetkazish jarayoni quyidagicha amalga oshiriladi. Har bir burg‘ilash uskunasidan burg‘ilash rejimlarining asosiy parametrlari bo‘yicha ma’lumotlar real vaqt rejimida uzatiladi, internet orqali ma’lumotlar, bosh ofisda joylashgan kompaniya serveriga uzatiladi.

Shundan so‘ng ixtisoslashtirilgan dasturiy ta’minot yordamida burg‘ilash maydonlaridan olingan ma’lumotlar parametrlar va diagrammalar ko‘rinishi ekranda aks ettiriladi. Natijada Markazda ish olib borayotgan mutaxassislar joylardagi quduqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni oldindan ko‘rishlari va burg‘ulash ishini to‘g‘ri olib borish bo‘yicha kerakli ko‘rsatma va tavsiyalarni berib borishlari mumkin bo‘ladi.

Doimiy nazorat
To‘liq rejimda ish boshlagan Markaz tomonidan O‘zbekistonning chekka hududlarida joylashgan «Dengizko‘l», «Zevarda», «Yangi Tegirmon», «Sho‘rtan», «Quyi Sharqiy Berdaq» va «Quyi Surgil» konlaridagi 23 ta dastgohlarning burg‘ilash jarayoni onlayn 24/7 rejimida nazorat qilib borilmoqda. Mutaxassislar burg‘ilash maydonlaridan olingan ma’lumotlarni tahlil qilib, quduqlar qurilish jarayonining samaradorligi va xavfsizligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi.

Xususan, mutaxassislar jurnalistlar ko‘z o‘ngida «Dengizko‘l» konida olib borilayotgan burg‘ilash jarayoni haqidagi ma’lumotlarga izoh berib o‘tdilar. Markazda turib burg‘ilash ishi qanday kechayotgani tugul, har bir xodim qanday ish bilan band bo‘lib turganigacha kuzatib borish imkoniyati bor. Natijada inson omili tufayli ish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar oldi olinmoqda.

Kadrlar tayyorlash
Markaz faoliyatining muhim vazifalaridan yana biri bu – kadrlarni o‘qitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hisoblanadi. Ayni paytda markaz xodimlari muhandislik hisoblarga ixtisoslashgan maxsus dasturiy ta’minotdan foydalangan holda o‘z tajribalarini orttirmoqda.
E’tiborli tomoni, barcha mutaxassislar mahalliy yoshlar orasidan tayyorlab chiqarilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring