Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pastdarg‘omdagi yirtqichni yo‘q qilish uchun 29 million so‘m ajratildi

Pastdarg‘omdagi yirtqichni yo‘q qilish uchun 29 million so‘m ajratildi

Illyustrativ foto

Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumani markaziga yaqin joylashgan Kichik Nayman mahallasidagi fuqarolarning hovlisidagi qo‘ylar bo‘g‘izlangan holda topilgani va bu qanday yirtqich tomonidan amalga oshirilgani noma’lumligicha qolayotgani, aholi esa qo‘rquvda yashayotgani haqida maqola chop etgandik.

Bundan avvalroq esa Pastdarg‘om tuman tibbiyot birlashmasida daydi itlar «uya» qurib olgani va bu holatni bartaraf etishga mas’ullar befarq va bepisand qarayotgani haqida ma’lum qilingandi. Yoz faslida daydi itlar mazkur tumanning bozorini «egallashgani» yozilgandi. Aholining bu murojaatlari  e’tiborsiz qolayotgani tanqid ostiga olingandi.

Nihoyat, «Xabar.uz» tahririyatiga Pastdarg‘om tumani hokimi B.Sadullayev nomidan javob xati keldi. Uni to‘liqligicha e’tiboringizga havola qilamiz:

Pastdarg‘om tuman hokimligi tomonidan «Xabar.uz» portalida e’lon qilingan tuman tibbiyot birlashmasi hududida daydi itlarni kupayganligi va tumandagi Kichik Naymancha mahalla fuqarolar yig‘ini hududida noma’lum yirtqich fuqarolarning qo‘ylariga ziyon yetkazayotganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar  o‘rganib chiqildi.  

Haqiqatdan ham tuman tibbiyot birlashmasi hududida oxirgi vaqtlarda egasiz yurgan itlar ko‘payganligi, tibbiyot birlashmasi ma’muriyati bunday holatni oldini olish borasida biron bir chora ko‘rmaganligi va mazkur yo‘nalishda tuman obodonlashtirish boshqarmasi maxsus xizmati tomonidan ham biron bir tegishli choralar ko‘rilmayotganligi aniqlandi. 

Shuningdek, tumandagi Kichik Naymancha mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tunda fuqarolarga tegishli bo‘lgan qo‘ylarni noma’lum hayvon tomonidan bo‘g‘izlab ketish holatlari sodir bo‘lib, buni yovvoyi hayvon bo‘lgan shoqol qilgan bo‘lishi mumkinligi mutaxassislar va mahalliy aholi tomonidan bildirildi.

Yuqoridagi ma’lumotlarni o‘rganish jarayonida o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaraganligi uchun tuman obodonlashtirish boshqarmasi it ovchisi A.Djo‘rayev hamda mazkur va boshqa kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi I.Bobobekov o‘z vazifasidan ozod qilingan.

Tuman obodonlashtirish boshqarmasining maxsus xizmat ovchisi tomonidan tibbiyot birlashmasi hududida mavjud bo‘lgan daydi egasiz itlar yo‘q qilindi va tumanning boshqa hududlarida ham ularni yo‘q qilish choralari ko‘rilmoqda.

Yovvoyi yirtqich hayvonlar bilan kurashishni kuchaytirish maqsadida tuman Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markaziga o‘n to‘qqiz million so‘m, tuman veterinariya bo‘limiga o‘n million so‘m dori vositalarini olish uchun tuman hokimligi tomonidan mablag‘ ajratib berildi.  

Bundan tashqari tuman hududida egasiz yashaydigan daydi va yirtqich hayvonlar bilan kurashishni kuchaytirish to‘g‘risida mutasaddi tashkilot rahbarlariga topshiriqlar berildi.

Tuman hokimligi «Xabar.uz» portaliga ushbu masalaning voqea tafsilotlarini aniqlashda qilgan yordami uchun minnatdorlik bildiradi, —  deyiladi tuman hokimining javob xatida.

So‘nggi tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Pastdarg‘omdagi noma’lum yirtqich chorva mollariga, hatto, bir nafar ayol kishiga ham hamla qilgan. Mahalliy aholi orasidagi qo‘rquv hali arigani yo‘q. Tuman hokimligi va mutasaddi tashkilotlar bu masalani bartaraf etishga kirishgani, masalaga nihoyat jiddiy qarala boshlanganini bildiradi. Umid qilamizki, bu noxush holat biror fojiali hodisa ro‘y bermasidan avval hal qilinadi.

«Xabar.uz» voqealar rivojini kuzatib boradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring