Prezident Milliy kitobxonlik harakatiga start berdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro kongress markazida O‘zbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha umummilliy harakatga start berish marosimida ishtirok etdi.
Davlat rahbari nutqida bugungi kunda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt hayotga chuqur kirib borayotganini, bunday sharoitda mustaqil fikrlay oladigan insonlar jamiyat taraqqiyoti uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
– Kitob o‘qiydigan odam teran va sog‘lom fikrlaydi. Bunday tafakkurga ega inson esa jamiyatni o‘zgartira oladi, – dedi Prezident.
Ta’kidlanishicha, Yangi O‘zbekistonda kitobxonlik va mutolaa madaniyati davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmoqda. Prezident ulug‘ ajdodlar – Imom Buxoriy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Alisher Navoiy va Mirzo Ulug‘bek kabi mutafakkirlarning yuksak salohiyati ilm va kitobga muhabbat bilan bog‘liq bo‘lganini qayd etdi.
Davlat rahbari 2017-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan «Yosh kitobxon» tanlovi millionlab yoshlarni kitobga yaqinlashtirganini ta’kidladi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil boshida qabul qilingan qaror asosida eng faol kitobxonlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Yaqinda «Yosh kitobxon» tanlovining respublika bosqichi yakunlanib, unda 42 nafar yosh ishtirok etgan. Tanlovning uch nafar g‘olibi Prezident sovg‘asi — zamonaviy avtomobillar bilan taqdirlangan.
Marosimda Birlashgan Arab Amirliklarida amalga oshirilayotgan «Arab kitobxonlik tanlovi» tajribasi ham misol sifatida keltirildi. Qayd etilishicha, mazkur dastur 200 milliondan ortiq o‘quvchini qamrab olgan.
Prezident ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda «Milliy kitobxonlik harakati» dasturi boshlanmoqda va uni davlat darajasida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida farmoyish imzolangan.
Endilikda har yili tanlovning final bosqichi Prezident darajasida o‘tkaziladi. Dasturning umumiy mukofot jamg‘armasi 240 ming dollarni tashkil etadi.
Bosh sovrin sohibi 50 ming dollar bilan taqdirlanadi. Bu mamlakat tarixida kitobxonlik sohasidagi eng yirik mukofot sifatida qayd etilmoqda.
Dasturda 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar ishtirok etishi mumkin. Prezident ushbu tashabbusni mamlakat kelajagi uchun strategik investitsiya deb atadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter