Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident saylovining dastlabki natijalari qachon e’lon qilinadi?

Prezident saylovining dastlabki natijalari qachon e’lon qilinadi?

2021 yil 24 oktyabr kuni soat 22:00 da  Matbuot markazida bo‘lib o‘tgan brifingda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev nutq so‘zladi.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov bo‘yicha mamlakatimizdagi barcha saylov uchastkalarida soat 20:00 da ovoz berish yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasining Yevropadagi ayrim davlatlar va Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi vakolatxonalari huzurida tashkil etilgan saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlari davom etmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga qadar mamlakatimiz bo‘yicha saylovda ishtirok etganlar 16 million 36 ming 914 nafarni yoki 80,8 foizni tashkil etmoqda.

Chet ellarda ovoz bergan vatandoshlarimiz soni haqida ertaga ma’lumot beramiz.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 96-moddasida, saylov, agar unda saylovchilarning kamida 33 foizi ishtirok etgan bo‘lsa, haqiqiy deb hisoblanishi belgilangan.

Demak, Saylov kodeksiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tgan va haqiqiy deb hisoblanadi.

Bugun bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi xalqimizning ulkan tarixiy yutug‘idir.

Bu — o‘z taraqqiyotining yangi, demokratik bosqichiga qadam qo‘ygan O‘zbekiston xalqining siyosiy-huquqiy ongi, madaniyati va siyosiy faolligi tobora yuksalib borayotganining tasdig‘i, xalqimizga xos ahillik va hamjihatlikning yana bir ifodasidir.

Shuningdek, ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ichki va tashqi siyosatni, amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlarni qo‘llab-quvvatlayotganining amaldagi yorqin namoyonidir.

Xalqimizni mamlakatimiz Prezidenti saylovi muvaffaqiyatli o‘tgani bilan Markaziy saylov komissiyasi nomidan samimiy qutlaymiz!

Saylovda bevosita ishtirok etgan saylovchilar, mahalliy va xalqaro kuzatuvchilar hamda jurnalistlar tomonidan O‘zbekiston Prezidenti saylovi milliy saylov qonunchiligimiz, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik kabi umume’tirof etilgan demokratik prinsiplarga muvofiq o‘tganligi keng e’tirof etilmoqda.

Saylov jarayonlari mamlakatimizning tuman va shaharlaridagi 207 ta saylov uchastkalariga o‘rnatilgan 414 ta videokameralar orqali onlayn translatsiya qilindi.

Shuningdek, minglab saylov uchastkalaridan jurnalistlar tomonidan bevosita tele va radio, foto reportajlar, intervyular  muntazam uzatib turildi. Internetdagi ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar orqali butun dunyoga namoyish qilindi.

Ovoz berish jarayonlari akkreditatsiyadan o‘tgan 1672 nafar mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining vakillari tomonidan keng yoritildi.

Xabaringiz bor, saylov yigirmaga yaqin xalqaro tashkilotdan, ellikka yaqin davlatdan kelgan minga yaqin xalqaro kuzatuvchilar tomonidan bevosita kuzatib borildi.  

Bundan tashqari, saylovda Prezidentlikka nomzod ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 64 ming 450 nafar mahalliy kuzatuvchi qatnashdi.

Fursatdan foydalanib, eng avvalo, saylovchilarimizga, mahalliy va xalqaro kuzatuvchilarga, ommaviy axborot vositalari vakillariga, barcha darajadagi saylov komissiyalarining 143 mingga yaqin a’zolariga Markaziy saylov komissiyasi nomidan samimiy minnatdorlik bildirishga ijozat etgaysiz.

Saylov uchastkalarida siyosiy partiyalarning Prezidentlikka nomzodlarga berilgan ovozlarni sanab chiqish jarayonlari davom etmoqda.

Ertaga, ya’ni 25 oktyabr kuni soat 16:00 da bo‘lib o‘tadigan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga o‘tkazilgan saylovning dastlabki natijalari e’lon qilinadi, – dedi Zayniddin Nizamxodjayev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring