Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qarindoshga qiz bermang

Qarindoshga qiz bermang

Foto: Report.az

Mamlakatimizda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy rivojlangan avlodni shakllantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-dekabrdagi katta yig‘ilishda mamlakatimizda tibbiyot sohasidagi kamchiliklarni bartaraf etish borasidagi ma’ruzasini tinglab, o‘ylanib qoldim. Minglab go‘daklar o‘limi qayd etilmoqda, minglab bolalar nogiron bo‘lib tug‘ilmoqda. Demak, tibbiyot sohasini ham, odamlar ongini ham o‘zgartirish kerak deb o‘ylayman.

Aholi orasida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilayapti. Ammo...

Bir dugonam maktabda o‘qiydigan jiyaniga uni kelin qilmoqchi ekanini bildirsa, jiyani: «Ammajon, biz o‘g‘lingiz bilan qondoshmiz-ku, kelajak avlodni o‘ylamaysizmi? Maktabimizda “Qarindoshlar orasidagi nikohning salbiy oqibatlari va ulardan kelib chiqadigan irsiy kasalliklar” mavzusida davra suhbati bo‘ldi. Shundan angladimki, yaqin qarindoshlar turmush qursa, oqibati yaxshi bo‘lmaydi», – deb javob beribdi. Afsuski, oramizda yuqoridagi qizchalik fikrlay olmaydigan kishilar borligidan ranjiysan. Ko‘pincha begonadan ko‘ra nima bo‘lsa ham o‘zimizniki deb qarindosh-urug‘lar o‘zaro quda bo‘lishadi.

Respublika miqyosida o‘tkazilgan bir tadbirda samarqandlik tibbiyot xodimi bilan gaplashib koldim. U shifokor sifatida qarindosh-urug‘lar orasidagi nikohlarning oldini olish borasida qilinayotgan ishlar to‘g‘risida so‘zlab: «Bilasizmi, bir oilaning taqdiri meni juda qiynaydi-da, ularning xonadoniga kirsam, chuvalchanglar changaliga tushib qolgandek bo‘laman. Opa-ukalarning farzandlari turmush qurgan, ulardan dunyoga kelgan bolalarning uchovi ham falaj. Shifokor bo‘laturib, chuvalchang kabi o‘rmalayotgan bolalarga hech qanday yordam bera olmayotganimdan qiynalib ketaman», – dedi. Suhbatdoshimni tinglayapmanu, etlarim junjikib ketayapti. Endi ne-ne umidlar bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan er-xotinning hayotini tasavvur qilavering.

Bir ayolni taniyman. Maktabda ham, institutda ham a’lo baholarga o‘qigan. O‘zining sohasi bo‘yicha ajoyib mutaxassis edi. Hamqishloqlaridan sovchisi ko‘p edi. Ammasining qistovi, ota-onasining ko‘ngilchanligi bois ammasiga kelin bo‘lgan. Afsuski, qarindoshlar tuzgan bitim tufayli ularning muqaddas qo‘rg‘oni mustahkam bo‘lmadi. Poydevor darz ketgan edi. Birin-ketin uch homilasi tug‘ilmay nobud bo‘ldi. To‘rtinchi farzandi esa nogiron bo‘lib tug‘ildi.

Zukko o‘quvchi albatta masalaning chigalini topgan bo‘lsa kerak. Qiz dardini hech kimga ayta olmaydi. Uning otasi tug‘ishgan singlisining ra’yini qaytara olmaganidan xunob, yurak xuruji qiynaydi. Yolg‘izgina qizining baxtsizligidan onasining dili vayron, kuyib ado bo‘ldi. Qaynota va qaynonasining ham dardi ichida. Yana ham qarindoshlik rishtasini uzmaslik uchun harakat qilishadi. Eng yomoni, u yolg‘iz qiz bo‘lishiga qaramay aka-ukalarining to‘ylarida emin-erkin ishtirok eta olmaydi. O‘ynab-kulib yura olmaydi. Bir tomoni ammasi ham jigarlarining to‘yida qatnashishi kerak. Yana bir tomoni undan o‘tib, nogiron bolani tashlab keta olmaydi.

– Ovsinim ham xo‘jayinimning amakisining qizi, begona emas. Afsuski, uning ham qalbiga chiroq yoqsa yorishmaydi. Ikki farzandi ham tug‘ma nogiron. Bolalarining og‘riqli azobi bechorani kemirib tugatdi. Ustiga-ustak qaynog‘am ichkilikka ruju qo‘ygan. Xonadonimizda har kuni janjal. Mening turmush o‘rtog‘im esa uyimizdagi muhit sabablimi, sabrsizligi va barcha ko‘rgiliklarni yengishga bardoshi yetmadimi, ko‘ngli boshqa yor istab, «o‘tlab ketgan». Ba’zan ovsinim bilan azoblarimiz haqida sirlashib qolamiz. O‘qib, yetuk mutaxassis bo‘libmizu, turmushga chiqishda adashibmiz deb afsuslanamiz, – deydi u mungli ko‘zlarini yerdan uzmay. Unga qarab, rahmim keldi. Na iloj.

Eh odamlar, odamlar! Keling, bir chuqur o‘ylab, bu dunyoda ko‘ngli yarim, dili vayron kishilar bo‘lmasligi uchun kurashaylik!

Muqaddas Aliyeva,
jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring