Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Soliq kodeksining yangi tahriri advokatlarda jiddiy e’tiroz uyg‘otdi

Soliq kodeksining yangi tahriri advokatlarda jiddiy e’tiroz uyg‘otdi

Foto: «Xabar.uz»

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi yangi tahriri loyihasi advokatlarning jiddiy e’tirozi sabab bo‘lmoqda.

Asosiy e’tiroz kodeksning advokaturaga daxldor qismlariga qaratilmoqda. Xususan, loyihaning 488-moddasida advokatlar hay’atining notijorat tashkilot shaklida tashkil etilishi, uni saqlab turish va tadbirkorlik faoliyati bo‘lmagan umumiy vazifalarni bajarish uchun advokatlardan olinadigan mablag‘lar qismi bo‘yicha advokatlar hay’ati yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini va qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchi hisoblanmasligi belgilangani holda advokatlik firmalari va advokatlik byurolarining soliq solish maqsadlarida tadbirkorlik sub’yektlari deb e’tirof etilishi hamda yuridik yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyat qismi bo‘yicha soliqlar va yig‘imlarni ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda to‘lashi ko‘rsatib o‘tilgan.

«O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi esa muhokama uchun qo‘yilgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasining advokaturaga taalluqli mazkur moddalari bilan kelishib bo‘lmaydi deb hisoblaydi», – deyiladi Palataning rasmiy axborotida. Shunga ko‘ra Palata O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Soliq qo‘mitasiga yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi yuzasidan o‘z e’tirozlarini yuborgan.

Advokatlar palatasining e’tirozlari axborotda jumladan quyidagicha bayon qilingan:

«O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 116-moddasida advokatura faoliyati qonun bilan tartibga solinishi ko‘rsatib o‘tilgan. «Advokatura to‘g‘risida»gi qonunda esa advokatlik faoliyatini amalga oshirish uchun tashkil etiladigan advokatlik byurosi, advokatlik firmasi va advokatlar hay’ati notijorat tashkilotlari etib belgilangan (4-1, 4-2, 4-3-moddalar). Shuningdek, «Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida»gi qonunning 11-moddasida ham «Advokatura notijorat tashkilotdir» deb belgilab qo‘yilgan. Zero, advokatura o‘zining asosiy faoliyati davomida daromad (foyda) olishni ko‘zlamaydi va faoliyati davomida yig‘ilgan daromadni (foydani) o‘z a’zolari (ishtirokchilari) orasida taqsimlamaydi. Advokatlik tuzilmalari Konstitutsiyaga muvofiq fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida tashkil etiladi. Shuning uchun ham Qonun advokatlik tuzilmalarining, har qanday maqsad yo‘lida ham, statusiga yoki tashkiliy tuzilishiga ko‘ra notijorat faoliyatdan tashqari faoliyat bilan shug‘ullanishini inkor etadi.

Shularga ko‘ra, taqdim etilgan SK loyihasining 488-moddasi tahriri nafaqat Konstitutsiyamiz, balki «Advokatura to‘g‘risida»gi, «Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida»gi qonunlar normalariga ham ziddir. Shuningdek, u hatto taqdim etilgan SK loyihasining 11-moddasida belgilangan talabga ham mos kelmaydi. Zero, mazkur moddada fuqarolarning Konstitutsiya bilan qo‘riqlanadigan huquqlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan soliqlarni joriy etish mumkin emasligi belgilangan.

Masalaning yana bir nozik jihati shundaki, soliq solishda advokatlik firmalari va byurolariga nisbatan differensial munosibatda bo‘linishi fuqarolarning o‘z konstitutsion huquqlarini amalga oshirishda qiyinchiliklar yaratishi va advokatura institutini rivojlantirishda negativ holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Jumladan, SK loyihasining 488-moddasi tahriri davlat hisobidan ko‘rsatiladigan yuridik yordamni moliyalashtirishda ma’lum muammolarni keltirib chiqaradi. Ya’ni gumonlanuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga davlat hisobidan ko‘rsatilgan advokatlik yordami advokatlik firmasi yoki advokatlik byurosi tomonidan amalga oshirilganida davlat tomonidan to‘lanadigan pul miqdori QQS va boshqa soliqlar miqdorida oshadi va bu budjetga qo‘shimcha xarajatlarni keltiradi. Bu o‘rinda yana shuni ham e’tiborga olish lozimki, ayrim viloyatlarda advokatlar hay’ati mavjud emas va har qanday yuridik yordam (jumladan, davlat hisobidan moliyalashtiriladigani ham) faqat advokatlik firma yoki byurolari orqali ko‘rsatiladi».

Shuningdek, Palata bunday e’tiroz bilan chiqishga haqli ekanini ham axborotda qisqacha ta’kidlab o‘tadi: «... «Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 12-moddasida advokatura manfaatlariga daxldor masalalarning davlat organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi ishtirokida belgilangan tartibda hal etilishi ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 maydagi «Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5441-son Farmonining 7-bandida advokatlik faoliyati va sud ishini yuritish bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari Advokatlar palatasi bilan kelishilishi shartligi belgilab qo‘yilgan.

Bu esa yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasining advokatlik tuzilmalari faoliyatiga bevosita daxldor moddalari yuzasidan ham O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining munosabati inobatga olinishi lozimligini bildiradi».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring