Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Inson huquqlari forumiga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi

Inson huquqlari forumiga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi

Joriy yilning 22-23-noyabr kunlari inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Shu maqsadda 2018-yil 21-noyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Xalqaro press-klub tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi oldidan press-brifing tashkil etildi.

Ushbu press-brifingda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.X.Saidov hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, DIIHB YeHXT (Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi YeHHT) Demokratlashtirish masalalari bo‘yicha departament bo‘limi rahbari Marchin Valetski, BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili va BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer; BMTning Bosh kotibining o‘rinbosari, Jenevadagi BMT idorasining Bosh direktori Mixael Myoller; BMTning Markaziy Osiyoda Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining mintaqaviy vakili Rishard Komenda vakillari ishtirok etdilar.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev 2017 yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 72-sessiyasi minbaridan bir qator muhim xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, o‘shanda mamlakatimiz rahbari BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari bilan muloqoti chog‘ida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan Samarqand shahrida Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqandi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganidan buyon o‘tgan 70 yil ichida inson huquqlariga bag‘ishlangan bunday yuksak nufuzga ega xalqaro anjuman ilk bor Osiyo qit’asida – O‘zbekistonda, qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrida tashkil etilmoqda.

Xalqaro anjuman ishtirokchilari to‘rtta sessiyada muayyan mavzular bo‘yicha muloqot olib boradi.

Birinchi sessiya – «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi merosi – universallik va inson huquqlari», deb nomlanadi.Ushbu sessiya iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik va siyosiy huquqlarning universalligi va o‘zaro bog‘liqligi prinsiplariga bag‘ishlanadi. Unda inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi majburiyatlarning bajarilishi borasida erishilgan yutuqlar va mavjud muammolar ko‘rib chiqiladi.

Ikkinchi sessiya – «Inson huquqlari – Barqaror rivojlanish maqsadlarini ta’minlash asosi sifatida», deb nomlangan.Unda BMT belgilagan maqsadlarga erishish uchun inson huquqlarini himoya qilish va ta’minlashda davlatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari hamda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning tutgan o‘rni va ahamiyati muhokama qilinadi.

Uchinchi sessiya – «Inson huquqlari sohasi ta’limi: innovatsiyalar va yangi da’vatlar». Mazkur sessiya keng aholi qatlamlariga inson huquqlari masalalari bo‘yicha ta’lim berishni tashkil etish sohasidagi yangicha yondashuvlar va innovatsiyaviy yechimlar tahliliga bag‘ishlanadi. 

To‘rtinchi sessiya – «Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning inson huquqlari hurmat qilinishi, himoya etilishi hamda ularga rioya qilinishini ta’minlash masalalarida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligi» deb ataladi. Forum ishtirokchilari ushbu sessiyada inson huquqlari himoya etilishini ta’minlashda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘zaro hamkorlikda qo‘llaydigan mexanizmlar, vositalar va yondashuvlar xususida so‘z yuritadilar


BMTning Markaziy Osiyoda Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining mintaqaviy vakili-Rishard Komenda

Demokratlashtirish masalalari bo‘yicha departament bo‘limi rahbari-Marchin Valetski

Osiyo forumi yakunida Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan. Ushbu yakuniy hujjat Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan vazifalarni yanada samarali bajarish istiqbollariga bag‘ishlanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring