Toshkentda uy-joy narxlarida qanday o‘zgarish bo‘ldi?
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti 2026-yil aprel oyida Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uy-joy bozori bo‘yicha tahlil natijalarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, aprel oyida bozor faolligi pasaygan. Uy-joy bo‘yicha umumiy e’lonlar soni 44,5 mingtani tashkil etib, mart oyiga nisbatan 13,4 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 17,7 foizga qisqargan.
Shu bilan birga, birlamchi bozor ulushi oshib bormoqda. Agar 2024 yil yanvar oyida uy-joy e’lonlarining 33,8 foizi birlamchi bozor hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 47,6 foizga yetgan.
Ikki va uch xonali uylar segmentida narxlar nisbatan barqaror saqlanmoqda. Birlamchi bozorda 4 va undan ortiq xonali qimmat uylarda pasayish kuzatilgan bo‘lsa, ikkilamchi bozorda aksincha, mo‘’tadil o‘sish qayd etilgan.
Tahlilda markazga yaqin tumanlarda to‘liq ta’mirlangan uylar narxi yuqoriligicha qolayotgani qayd etildi. Mirobod, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida to‘liq ta’mirlangan uylarning bir kvadrat metri 1413 dollardan 2121 dollargacha baholanmoqda.
Shayxontohur, Yunusobod, Chilonzor va Yashnobodda bu ko‘rsatkich 1195–1797 dollar oralig‘ida shakllangan. Uchtepa, Olmazor va Sergeli tumanlarida esa narxlar nisbatan past bo‘lib, bir kvadrat metr uchun 900–1367 dollar atrofida taklif qilinmoqda.
To‘rt xonali to‘liq ta’mirlangan uylarda hududlar o‘rtasidagi farq birlamchi bozorda 2,3 baravarga yetgan. Masalan, Mirobodda bir kvadrat metr 2117 dollar bo‘lsa, Sergelida 922 dollar atrofida shakllangan.
Shuningdek, naqdsiz oldi-sotdi tartibi joriy etilganidan keyin bozorda hozircha keskin o‘zgarish kuzatilmagani ta’kidlandi.
Ta’kidlanishicha, ma’lumotlar «OLX.UZ» platformasidagi ochiq e’lonlar asosida shakllantirilgan bo‘lib, unda taklif narxlari aks etgan. Yakuniy bitim narxlari bundan farq qilishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter