Toshkentda Xorvatiya elchixonasi, Samarqandda esa konsulligi ochilishi mumkin
Toshkentda Xorvatiya elchixonasi, Samarqand shahrida esa konsulligi ochilishi mumkin.
Xorvatiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Refik Shabanovichning so‘zlariga ko‘ra, bu haqda elchining O‘zbekiston parlamenti va hukumati vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvlarida gaplashilgan.
«Shuningdek, munosabatlarimizni Samarqand va Dubrovnik shaharlarini birodar shaharlar sifatida bog‘lash orqali yana ham mustahkamlash ko‘zda tutilgan. Dubrovnik ham Samarqand kabi turizm shahri hisoblanadi. Bu shaharda 40 mingdan ziyod aholi yashasa-da yiliga qariyb to‘rt million sayyohni qabul qiladi va turizm bo‘yicha yuqori tajribaga ega.
O‘ylaymanki, bu boradagi hamkorlik ikki shahar uchun ham manfaatli bo‘ladi», – deydi Refik Shabanovich.
Shuningdek, Xorvatiya parlamenti a’zolaridan iborat delegatsiyasi Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov bilan uchrashuvda Samarqand va Dubrovnik shaharlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish istiqbollarini muhokama qildilar.
– Samarqand shahriga keladigan sayyohlar sonini 2030 yilga qadar 10 million nafarga yetkazishni maqsad qilgan ekanmiz Dubrovnik bilan bu borada hamkorlik bizga qo‘l kelishi mumkin, – dedi F.Umarov.
Bundan tashqari, ikki davlat rasmiylari transport, farmatsevtika, aloqa va IT yo‘nalishlarida ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdilar.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter