Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorijga chiqish biometrik pasportini olish tartibi qanday?

Xorijga chiqish biometrik pasportini olish tartibi qanday?

Foto: «Huquqiy axborot» kanali

Prezident qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan. «Huquqiy axborot» kanali xorijga chiqish biometrik pasportini olish tartibi haqida ma’lumot berdi.

2019-yil 1-yanvardan fuqarolarning xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirilgan.

Nizomga muvofiq, xorijga chiqish biometrik pasporti har qanday davlatga chiqishda amal qiladi.

Mazkur pasport quyidagi amal qilish muddatlariga beriladi:

  • tug‘ilgan kunidan boshlab bir yoshgacha – ikki yil muddatga;
  • bir yoshdan 16 yoshgacha – 5 yil muddatga;
  • 16 yoshdan oshgan shaxslarga – 10 yil muddatga.

Fuqarolar xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun doimiy ro‘yxatda turadigan joylaridagi ma’lumotlarni yig‘ish punktiga (pasport stoli) quyidagi hujjatlarni taqdim qiladi:

  • ariza-anketa;
  • biometrik pasport yoki ID-karta yoxud 16 yoshga to‘lmaganlar uchun tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;
  • ilgari berilgan xorijga chiqish biometrik pasporti (mavjud bo‘lsa);
  • harbiy guvohnoma – harbiy xizmatga majburlar uchun;
  • davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitansiya;
  • ota-onalar, vasiylarning fuqaroning xorijga chiqishiga notarial tasdiqlangan roziligi – voyaga yetmaganlar uchun;
  • fuqaroga hamrohlik qiluvchi shaxsning notarial tasdiqlangan majburiyati – voyaga yetmaganlar uchun.

Mazkur pasport o‘n ish kunida beriladi. Fuqaro zudlik bilan chiqib ketishi talab qilinadigan hollarda, shoshilinch davolanish zarur bo‘lganida, yaqin qarindoshi og‘ir kasal bo‘lganida yoki vafot etganida pasport 5 ish kunida beriladi.

Xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirishni rad etishga quyidagilar asos bo‘ladi:

  • shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa;
  • shaxs ichki ishlar organlarining ma’muriy nazoratida bo‘lsa;
  • shaxsga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo va shartli hukm qo‘llanilgan bo‘lsa;
  • shaxsga nisbatan sud tomonidan yuklangan ijro etilmagan majburiyatlar bo‘lsa;
  • shaxs o‘zi to‘g‘risida qasddan sohta ma’lumotlarni taqdim etgan bo‘lsa;
  • shaxs xorijda bo‘lganida borgan mamlakatining qonunlarini buzganligi to‘g‘risida axborot mavjud bo‘lsa.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring