Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Marg‘ilondagi mehribonlik uyi: xo‘rlangan bolalar, xo‘rlangan qizlar...

Marg‘ilondagi mehribonlik uyi: xo‘rlangan bolalar, xo‘rlangan qizlar...

Illyustrativ surat.

Foto: «Macitynet.it»

Marg‘ilondagi 1-mehribonlik uyi bilan bog‘liq shov-shuvlar ko‘plarning qulog‘iga chalingan bo‘lsa kerak. To‘g‘ri, el og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi. Farg‘onadagi ignaning teshigidek gap Toshkentga yetguncha tuyadek salobat kasb etishi mumkin. Biroq muassasa rahbari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani urchigan gap-so‘zlar shunchaki mish-mish emasligini tasdiqlamoqda.

Alalxusus, gap shu: Marg‘ilondagi 1-mehribonlik uyida aqlni shoshiradigan darajadagi jinoyatlar fosh etilgani rost! Ammo hozircha voqelikni boricha bayon qilishga shoshmayroq turish talab etiladi, chunki oldinda sud turibdi. Shu bois jinoyat ishi haqida xabar berish bilan cheklanamiz, zero, shuning o‘ziyoq muassasadagi kirdikorlar xususida yetarlicha tasavvur beradi.

Ayni paytda 1-mehribonlik uyi direktori va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari poyoniga yetgan. Jinoyat ishiga muassasaning 10 nafar xodimi ayblanuvchi tariqasida jalb etilgani alohida ta’kidga loyiq. Dastlabki tergov jarayonida jami 167 million (!) so‘mdan ko‘proq zarar aniqlangani tufayli muassasa direktori, bosh hisobchisi va kassiriga nisbatan Jinoyat kodeksi(JK)ning 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan ayb e’lon qilingan. Mazkur modda bilan ayblanayotgan mansabdorlar gardaniga JKning yana ikkita – 205 va 209-moddalari ham ilinishi tabiiy... Zero, mansabdor shaxs o‘ziga ishonib topshirilgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirishi yoki talon-taroj qilishi (167-modda) o‘z-o‘zidan mansab vakolatini suiiste’mol qilgani (205-modda) barobarida mansab soxtakorligiga (209-modda) ham yo‘l qo‘yganini anglatadi.

Hamma balo shundaki, muassasa mansabdorlari yetimlarning haqqini bo‘kkunicha yegani uchungina jinoiy javobgarlikka tortilayotgani yo‘q. Ular voyaga yetmagan shaxslar va axloqqa qarshi jinoyatlar sodir etganlikda ham ayblanmoqda. Xususan, muassasa rahbarlari sodir etgan jinoyatlar orasida JKning 115-moddasi (Voyaga yetmagan shaxsning homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash), 127-moddasi (Voyaga yetmagan shaxslarni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb etish) hamda 129-moddasida (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) ko‘rsatilgan qilmishlar ham borki, bundan mazkur mansabdorlar zimmasidagi vazifalarning teskarisini qilib kelgani oydinlashadi. Muassasa tarbiyalanuvchilari salomatligiga mas’ul bo‘lgan yana bir kimsa esa JKning 110-moddasi 2-qismi «a» va «b» bandlari (Ojizligi aybdorga ayon bo‘lgan voyaga yetmagan shaxslarni muttasil ravishda do‘pposlash va boshqacha harakatlar bilan qiynash) va 128-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) moddasi bilan ayblanmoqdaki, shuning o‘zi «dod!» devormoqqa yetib ortadi.

Mazkur uchala shaxs hamda yana bir erkak tarbiyachi ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Jinoyat ishi bo‘yicha muassasaning yana to‘rt nafar ayol (!) tarbiyachisiga ham JKning 110-moddasi 2-qismi «a» va «b» bandlari (Ojizligi aybdorga ayon bo‘lgan voyaga yetmagan shaxslarni muttasil ravishda do‘pposlash va boshqacha harakatlar bilan qiynash) bilan ayb e’lon qilinganini tasavvurga sig‘dirish qiyindek. Ammo sud-tibbiy ekspertizasining xulosalariga ko‘ra 12 nafar tarbiyalanuvchi (ularning barchasi voyaga yetmagan qizlar) badanida qattiq o‘tmas jismlar ta’sirida yetkazilgan jarohat izlari borligi, bu jarohatlar «mehribonlik uyi»ning tom ma’nodagi nomehribonlari tomonidan yetkazilgani aniqlangan. Vaziyat shu darajaga yetganki, bilak kuchi bilan o‘tkaziladigan «tarbiyaviy soatlar»ning biri voyaga yetmagan tarbiyalanuvchining oyog‘i sinishi bilan yakunlangan.

Jinoyat ishi bo‘yicha ayol jinsiga mansub ayblanuvchilarga nisbatan «uy qamog‘i» va «garov» shaklidagi ehtiyot choralari qo‘llangan.

Xullas, oldinda sud turibdi.

Sodir etilgan jinoyatlarga huquqiy baho berish donishmand sudyalarga tan, albatta. Ayblanuvchilarga nisbatan qonuniy jazo tayinlanishiga-da shubha yo‘q.

Ko‘rinadiki, mehribonlik uyida aniqlangan jinoyatlardan aql shoshib qoladi. Yillar davomida yetimlar haqini o‘marib kelganlarning chorasiz bolalarga o‘tkazgan zulmi, sodir etgan axloqsizliklaridan mutasaddilar bexabarligi esa ikki karra hayratlidir. Voyaga yetmaganlar bilan ishlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmaganmi? Ularning ham ma’nan, ham jismonan barkamol voyaga yetishi uchun ozmuncha ishlar qilinayaptimi?! Mahalliy hokimlikdan tortib, ichki ishlar, ta’lim tizimida voyaga yetmaganlar bilan ishlovchi mas’ullar soni ozmi? Prokuratura-chi? Prokuratura organining har bir bo‘g‘inida bevosita ular bilan ishlovchi mas’ul xodim borligiga qaramay shundog‘am ko‘ngli o‘ksik bolalarning bu tariqa zo‘rligu xo‘rlikka duchor bo‘lganini qanday izohlash mumkin? Nima, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari jamiyatning o‘gay bolalarimi?!

Shu va shu kabi og‘riqli savollarga suddan keyin birgalikda javob axtaramiz.

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali voqealar rivojini kuzatib boradi.

Izohlar 5

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring