Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxorodagi noqonuniy qurilishlar: prokuror axborot berdi (video)

Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda viloyat prokurori Ulug‘bek Hamdamov 2025 yil davomida qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda profilaktika qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berdi.

- 2025 yilda viloyatda 2800 ga yaqin nazorat tadbiri o‘tkazildi. Natijada 6700 dan ortiq prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanildi. Xususan, 3145 ta qonunga zid huquqiy hujjatlarga protest keltirildi, qonun buzilishlari va ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish yuzasidan 1269 ta taqdimnoma kiritildi. Ko‘rilgan choralar natijasida 1466 nafar mas’ul shaxs intizomiy, 517 nafari esa ma’muriy javobgarlikka tortildi, — dedi Buxoro prokurori.

Ma’lumot berilishicha, hududlarga yetkazilgan 1,1 mlrd so‘mlik zararni undirish maqsadida 62 ta da’vo arizasi kiritilgan. Jiddiy qonunbuzilish holatlari yuzasidan 287 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, bevosita prokurorlar ko‘magi bilan 112 ta yangi tadbirkorlik sub’yekti tashkil etilgan, 420 ta sub’yekt faoliyati qayta tiklangan. Buning natijasida 789 ta ish o‘rni saqlab qolingan.

Matbuot anjumanida xufyona iqtisodiyotni kamaytirish, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, ayniqsa, giyohvandlik va kiberjinoyatlarning oldini olish bo‘yicha vazifalar ijrosiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Shu bilan birga, viloyatda qator sohalardagi muammolar tanqidiy muhokama qilindi. Jumladan, kadastr idoralarining mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlari, qurilish boshqarmasi hamda qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasining uy-joy qurilishi ustidan nazoratni ta’minlash faoliyati, sog‘liqni saqlash tizimida budjet mablag‘laridan oqilona foydalanish va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, ushbu yo‘nalishlarda sohani raqamlashtirish orqali korrupsiyaning oldini olish bugungi kunning dolzarb va mas’uliyatli vazifasiga aylangan.

Muloqot davomida Buxoroda, ayniqsa, Buxoro shahrida qurilish sohasiga oid dolzarb va og‘riqli muammolar ko‘p kuzatilayotgani, bu borada yechimini kutayotgan masalalar talay ekani yuzasidan bahs-munozaralar kuchaydi.

- O‘rganuvlarimizga ko‘ra, Buxoro viloyatida 2018 yildan buyon 59 ta ko‘p qavatli uy buzilib, ular o‘rnida jami 845 ta xonadonli 89 ta uy-joy qurilishi hamda turli manzillarda 164 ta noturar ob’yekt barpo etish ishlari boshlangan. Biroq, ob’yektlarning aksariyatida qurilish ishlari yakuniga yetmagan, ayrim holatlarda esa qurilish qonuniy hujjatlarsiz amalga oshirilgan. Qurilish tashkilotlari yoki firibgarlik jinoyatini sodir etgan shaxslarga nisbatan 20 dan ortiq jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, o‘ndan ziyod mansabdor shaxslarga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi va ularga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlandi, — dedi Ulug‘bek Hamdamov.

Ko‘rilgan choralar natijasida 1251 nafar fuqaroning o‘z xonadonlariga kirishi ta’minlangan. Shu bilan birga, hali-hanuz yakuniga yetmagan qurilishlar mavjudligi qayd etildi.

- Qonunni bilmaslik, uni mensimaslik yoki unga itoat qilmaslik, nafaqat, tadbirkorga, balki fuqaro, davlat va jamiyatga ham zarar yetkazadi. O‘zbekistonda qabul qilinayotgan barcha qonun, qaror va farmonlar fuqarolar manfaati uchun chiqariladi. Qonunlarni bilish har bir shaxsning burchi. U oddiy fuqaromi yoki mansabdor - farqi yo‘q. Qonunni bilmaslik jazo va javobgarlikdan ozod qilmaydi, - dedi viloyat prokurori jurnalistlar bilan muloqotni davom ettirar ekan.

Uning aytishicha, uy-joyga egalik qilishda jabr ko‘rgan fuqarolar manfaatini ta’minlash maqsadida barcha huquq-tartibot idoralari hamkorlikda ish olib bormoqda. Asosiy maqsad  fuqarolarga yetkazilgan zararni to‘laqonli qoplash.

- Ayrim qurilish tashkilotlari tomonidan yangi firibgarlik holatlari ham fosh etilmoqda. Xususan, 2020–2021 yillardagi narxlarda egalariga topshirilishi lozim bo‘lgan ko‘p qavatli uylar qurilishi yakuniga yetkazilmay, paysalga solingan. Ayrim holatlarda qurilish tashkilotlari o‘sha davr narxi bilan hozirgi bozor narxi o‘rtasidagi farqni inobatga olmasdan, shartnomani bekor qilib, fuqarolarga faqat avval to‘langan mablag‘ni qaytarish orqali mas’uliyatdan qochishga urinishgan. Bugun esa quruvchi faqatgina avvalgi pulni qaytarish bilan yetkazilgan zarardan qutulib qolmaydi. Odamlarga uzoq yillar davomida yetkazilgan ma’naviy zarar, ijara xarajatlari, bank moliya stavkalari qayta hisoblanib, hozirgi bozor qiymati qancha bo‘lsa, o‘shancha miqdorda to‘laqonli undirib beriladi. «Noqonuniy yo‘lga o‘taman», degan quruvchilar bunday firibgarlikni amalga oshira olmaydi. Zararni qoplash va jazo muqarrarligini ta’minlash bo‘yicha ishlar oxirigacha olib boriladi, - dedi viloyat prokurori.

Matbuot anjumanida «Dilimnurstroy» MChJ, «Absolyut Elit Bilding», «SK Lider» MChJ, «Mir Gulmir», «Alis Anivi», «Bunyodkor stroyservis», «Bunyodkor ekostroy servis», «Bunyodkor shaharsozlik”, «Ramzishandir», «Nurafshon», «Shams Nur», «Humoyeva Shahodat», «Humo Aziya», «Inpala», «Muhabbat qurilish» va boshqa qator qurilish tashkilotlari rahbarlariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani hamda ularning javobgarlik masalasi hal qilingani ochiqlandi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur qurilish tashkilotlari rahbarlarining aksariyati ayni paytda ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tash muassasalarida jazo muddatini o‘tamoqda.

- Har bir harakatimiz qonunchilikda belgilab qo‘yilgan tartib asosida amalga oshiriladi, -dedi Ulug‘bek Hamdamov.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, Buxoroda qonun ustuvorligini ta’minlash, ayniqsa, qurilish sohasidagi tartibsizliklarga barham berish va korrupsiya xavfini kamaytirish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring