Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi vazir va hokimlar ishni qanday boshlashdi?

Yangi vazir va hokimlar ishni qanday boshlashdi?

So‘nggi haftalikda hukumat tarkibida bir qator o‘zgarishlar ro‘y berdi. Avvaliga uch vazirlik hamda bir qo‘mitada rahbarlar o‘zgargan bo‘lsa, so‘ng ikki viloyatda hokim yangilandi.

Yangi rahbarlar oldiga yangi vazifalar qo‘yilgan. Xo‘sh, ular ishni qanday boshlashdi?

Behzod Musayev, Sog‘liqni saqlash vaziri

Bosh vazir o‘rinbosari lavozimida mehnat qilib kelgan Behzod Musayev Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlangandan keyin chiqargan birinchi buyrug‘i avvalgi vazir qo‘llagan intizomiy jazo choralarini olib tashlash haqida bo‘ldi. Bu ko‘pchilik uchun kutilmagan qaror bo‘lgani aniq.

So‘ng uning boshchiligida ishchi guruh tuzilib, 13 noyabr tunda poytaxt shifoxonalaridagi vaziyat o‘rganildi. Toshkent shahrida bolalar o‘rtasida o‘tkir respirator kasalliklar tarqalishi bilan bog‘liq muammolarni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida shoshilinch yig‘ilish o‘tkazilib, o‘sha kunning o‘zida poytaxtdagi shifo maskanlarida 600 dan ziyod qo‘shimcha o‘rin-joylar tashkil etildi hamda ona va bolalarga davolanishlari uchun yetarli sharoitlar yaratildi.

Musayev o‘zining navbatdagi topshirig‘ida tizimdagi barcha muassasa rahbarlariga sanitariya qoidalari va gigiyena normalariga amal qilinishini ta’minlash bo‘yicha mavjud muammolarni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma berdi.

Sherzod Shermatov, AKT vaziri

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimiga tayinlangach, Sherzod Shermatov o‘zining ilk postida davlatimiz rahbari tomonidan axborot va kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha dastur tayyorlash vazifasi qo‘yilganini ma’lum qildi va shu kunning o‘zida vazirlikda videoselektor yig‘ilishi o‘tkazib, tegishli topshiriqlarni berdi.

Kun davomida Sherzod Shermatov poytaxtimizdagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkiga borib, u yerda yangi qurilayotgan zamonaviy majmua qurilishlarning bugungi holati bilan yaqindan tanishdi.

Shuningdek, IT-parkning istiqboldagi rejalari taqdimoti ham o‘tkazildi.

AKT vaziri Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazida ham bo‘lib, Markaz faoliyati va xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi hamda markazning yaqin istiqbolga rejalashtirilgan «Aholining elektron davlat reyestri» axborot tizimi loyihasiga yuqori baho berdi. Ushbu loyiha amalga oshsa, juda ko‘p muammolarga yechim topilishini ta’kidladi.

Baxtiyor Saidov, Xalq ta’limi vaziri

O‘zbekiston Respublikasini XXR favqulodda va muxtor elchisi lavozimida ishlab kelgan Baxtiyor Saidov Xalq ta’limi vaziri etib tayinlangach, o‘zining ilk ishchi tashrifini Respublika ta’lim markazi hamda A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan tanishishdan boshladi.

«Yangi avlod darsliklarini tayyorlash jarayonini yanada tezlashtirishimiz lozim, sababi darsliklarning kechikishi jamiyat rivojlanishining kechikishi degani», — deya ta’kidladi vazir.

Vazir darsliklardagi innovatsiyalardan qishloqlarda foydalanish masalasini ko‘tarib, ularni chekka hududlarga yetib borishini ham ta’minlashga alohida e’tibor berish lozimligini qayd etdi.

Toshkent va Qashqadaryo hokimlari

Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev ishni Zangiota majmuasini ziyorat qilishdan boshlagan bo‘lsa, Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov Qarshi tumanidagi Abu Muin Nasafiy ziyoratida bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring