Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bir oila tarixi: yaponiyalik kelin

Bir oila tarixi: yaponiyalik kelin

Foto:«Xabar.uz»

Qo‘shko‘pir tumani G‘ozovot qishlog‘i «Bekobod» mahallasida istiqomat qiluvchi Nurbek Ro‘zmetov 2009 yili Toshkent shahriga ishlash maqsadida safarga otlanadi. Musofirchilikda ishlayotgan Nurbek kutilmaganda sodir bo‘lgan yong‘in tufayli og‘ir jarohatlanadi. Uni poytaxtdagi 1-sonli kasalxonaga zudlik bilan olib kelishadi va shifokorlar birinchi yordamni ko‘rsatib, jonlantirish bo‘limiga yotqizishdi. Hayotdan umidini uzgan, og‘riqlardan bezigan Nurbek hech kimni ko‘rishni, gaplashishni istamasdi. Jonlantirish bo‘limiga kunchiqar mamlakat Yaponiyaning Asaxikova shahridan malaka oshirish uchun kelgan ota-onasining yagona va erka qizi, ammo qalbi mehrga to‘la Mikako Sugavara Nurbekning bu holatini ko‘rib unga yordam qo‘lini uzatdi. Uni qayta hayotga qaytarishni o‘z vazifasi deb bildi.

Kunlar o‘tib, Nurbek ham hayot uchun kurashishni boshladi. Avvaliga Mikako yordamida ovqatlana boshladi, keyin esa asta o‘rnidan turib, sekin yura boshladi. Ushbu jarayonda Mikako bor mehrini Nurbekdan ayamadi. Dunyoni mehr qutqaradi, deyishgani rost. Nurbek oyoqqa turib, tug‘ilib o‘sgan yurti Xorazmga qaytib keldi. U kasalxonada bo‘lib o‘tgan voqealarni barcha yaqinlariga gapirib berdi. Har gapirganida mehr ila Mikakoni esladi. O‘sha paytda Nurbek Mikakoni sevib qolganini angladi. Ma’lum sabablarga ko‘ra, besh yil ularning aloqalari uzilib qolgan. Lekin Nurbekning Mikakoga bo‘lgan sevgisi ularni uchrashtirdi va ikki yosh ota-onalari roziligida mahallada ixchamgina to‘y marosimini o‘tkazishdi.

– Biz kinolarda, seriallarda Yaponiya madaniyati, urf-odatlari haqida tushunchalarga ega bo‘lganmiz. Mahallamizga Yaponiyadan kelin bo‘lib kelgan bu qiz bizga haqiqiy mehr-oqibatni ko‘rsatib bera oldi. Buni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Haqiqatni aytishim kerak, Mikako jazirama issiq kunlarida o‘zi quyosh nurlarida qolib soyabon tagida qaynonasini olib yuradi. Bunga shaxsan o‘zim bir necha marotaba guvoh bo‘lganman. Hayron qolib havas qilganman. Men bunaqa hurmatni ko‘rmaganman, – dedi mahallaning faxriysi Nurbobo Sodiqov biz bilan suhbat chog‘ida.

– To‘ylariga o‘zimiz bosh-qosh bo‘lganmiz. Juda chiroyli to‘y bo‘ldi. Mahalla ahlining barchasi shu xonadonda jamuljam bo‘lishdi. Yaponiyadan kelgan mehmonlar bilan yaqindan tanishdik. Bir-birimizning tilimizni tushuna olmadik, lekin qalbimizdagi iliqlik, hurmat-ehtirom bizni yana yaqinlashtirdi. Go‘yoki, ularni oldindan taniydigandek aka-uka, opa-singildek dardlashdik, – deydi «Bekobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Norimon Yusupov.

To‘y marosimi suratlarini tomosha qilamiz. Nurbek o‘zimizning milliy libosimiz zarli to‘nda, Mikako esa Yaponiyaning milliy kiyimida to‘y marosimiga chiqishgan. Kelinlik uyiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan Mikakodan qaynonasining ham boshi osmonga yetgan.

– Kelin bo‘lib tushganidan hamma odatlarimizni, milliy taomlarimizni tayyorlashni o‘rganishga harakat qildi. Hattoki, non yopishgacha bilib oldi. Yaponiyaning milliy taomlarini ham pishirib beradi. Juda chaqqon, xato qilmaslikka urinadi. Ko‘nglimni topishga usta. Bolani beshikka solishni ham qoyillatadi. Undan ko‘nglim to‘q! Farzandimga bergan mehrini, sadoqatini hech narsaga tenglashtirolmayman. Ota-onasiga katta rahmat deyman, – dedi ko‘zlari xursandchilikdan yoshlanayotgan Gavhar Navro‘zeva.

Mikako sof o‘zbek tilida va Xorazm shevasida bemalol gaplasha oladi. Qaynonasi maqtayotgan kelinni sinab ko‘raylik, deb Mikakoni biz ham suhbatga tordik.

– Mikako taomlarimizni tayyorlashda qiynalmayapsizmi?

– Yo‘q, aksincha, bu taomlarni xursand bo‘lib tayyorlayman. O‘zimga juda yoqadi.

– Qaysi taomlarni pishira olasiz?

– Tuxumbarak, palov, qayish kurdik, un oshi, gumma, umuman olganda, hammasini tayyorlay olaman.

Mehribon qaynonam o‘rgatganlar.

– O‘zingizga qaysi taom yoqadi?

– Tanlashim qiyin, hammasi biri-biridan shirin, sevib iste’mol qilaman.

– Bugun bizni qaysi taom bilan siylaysiz?

– Albatta, tuxumbarak bilan, – deya shirin tabassum qildi Mikako.

Bu orada qancha suvlar oqib o‘tdi. Qiyinchiliklarni, g‘am-tashvishlarni birgalikda yengan Nurbek va Mikako hozirda mahallaning eng baxtli oilalaridan.

– O‘sha mudhish voqea sodir bo‘lganida hech narsani sezmasdim. Go‘yoki o‘lik holatda edim. O‘zimga kelguncha Mikako menga qarab turgan. Hushimga kela boshlaganimda birinchi bo‘lib Mikakoni ko‘rdim, – deya ko‘zlari namlandi Nurbek Ro‘zmetovning. – Men tirik qolganimga ishona olmasdim. Mikako mendan mehrini ayamadi, doim ko‘nglimni ko‘tarishga harakat qildi. Ovqatlana olmasdim, u yordam berardi. Keyin Mikako bilan yaqindan tanishishni boshladim. Bilsam, Yaponiyadan ekan. Shu-shu suhbatimiz qizg‘in davom etadigan bo‘ldi. U kelsa shifoxonada diltortar kuy chalinayotgandek bo‘lardi go‘yo, kayfiyatim juda ko‘tarilardi. Men kabi boshqa bemorlar ham xursand bo‘lishardi. Tuzalganimdan so‘ng Xorazmga qaytayotganimda ikkalamiz ham bir-birimizga manzilimizni berdik. Xayrlashayotganimda ichimdan nimadir uzilayotgandek bo‘ldi. Qimmatli, juda qimmatbaho narsamni yo‘qotayotgandek bo‘ldim. Xayrlashishni istamasdim. Qishlog‘imga qaytganimdan so‘ng, manzilni yo‘qotib qo‘ydim. Ammo, doim tug‘ilgan kunida eslardim. 2016 yil tug‘ilgan kunidan bir kun oldin elektron manzilini topib, Rossiyada ishlab yurgan akamga qo‘ng‘iroq qildim va manzilni aytdim. Akam shu kuni Mikakoni Xivada tushgan suratini menga jo‘natdi. Shu qiz emasmi deb. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, u Mikako edi. Xursand bo‘lib ketdim va allamahal bo‘lishiga qaramasdan unga qo‘ng‘iroq qildim. Avvaliga javob bermadi, so‘ngra SMS xabar yozdim. O‘zimni boshqatdan tanishtirdim, keyin ikkalamiz ham yig‘ladik, sevindik va Xorazmga kelish masalasini kelishib oldik. Keyin bilsam oldin u Xorazmga kelib meni qidirgan ekan. Lekin manzilni bilmagan. Shu sabab ko‘risha olmaganmiz. 2017 yil iyun oyida Mikako uyimizda bir hafta mehmon bo‘ldi. Shunda qarindoshlarimiz kelin qilsak bo‘larkan, degan gaplarni aytishdi. Men ham bu haqda o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Keyin Mikakoga bu taklifni berdim. U jiddiy o‘ylab ko‘rishim kerak, dedi va bir haftadan so‘ng Yaponiyaga ota-onasiga o‘z qarorini aytishga qaytib ketdi. Ya’ni, menga turmushga chiqishga rozi bo‘ldi.

– Qishloqqa kelganimda Nurbekning apkalari juda ko‘p ekan, birin-ketin kirib kelishdi yonimga. Men shevalariga tushuna olmadim, Nurbekdan so‘rayverdim, nima deyapti, nima deyapti deb, – deydi xorazmcha shevada va o‘zbekcha tilda ravon gapirayotgan Mikako Sugavara. – Boshida SMS xabar yozganida aniq Nurbekmi bu yoki boshqa odam menga hazil qilyaptimi, deb ishonmagandim. Keyin bo‘lgan voqealarni eslatganidan keyin haqiqiy Nurbek ekanligiga ishondim va kelishga qaror qildim. Doim o‘ylardim, albatta, ularni topaman deb. Xivaga kelganimda bir o‘zim ularni qidirishga, G‘ozovot qishlog‘ini qidirib topishga ishonmagan edim. Lekin, taqdir bizni yana uchratdi, Xudoga shukr. Takliflarini berganlarida birinchi ota-onamni o‘yladim. Ular rozi bo‘lisharmikan, deb. Yaponiyaga qaytganimda bor gapni uydagilarga tushuntirdim. Onam menga qattiq gapirdi. Yomon ko‘rib qolgan kishisidek muomalada bo‘ldi. Lekin men qarorimda jiddiy turib oldim va ularni ham bunga ko‘nikishlariga harakat qildim. Oxiri ular rozi bo‘lishdi, ammo to‘yingga bormaymiz, deyishdi. To‘yimiz kuni kutilmaganda ota-onam keldi. Juda baxtiyor bo‘ldik, qishloq aholisi bilan kirishib ketishdi. Kelinlik uyimdagilar bilan yaxshi muomalada bo‘lishdi. Hayotimdan judayam mamnunman.

– Shu o‘rinda menga yaqindan yordam bergan insonlarga rahmat aytmoqchiman. Meni hayotga qaytargan shifokorlarimizga, ishxonadagilarimga, yaqinlarimga, xususan, ayolimga ham samimiy minnatdorligimni bildiraman, – deya Nurbek ko‘zlari mehr to‘la yoshlari bilan dil so‘zlarini izhor etdi.

Farzand turmush yo‘llarini mustahkamlaydi, deyishadi. Qahramonlarimiz farzandli bo‘lishganidan so‘ng ularning baxti yana to‘kis bo‘ldi. Ota-onasining suyanchi, tayanchi bo‘lsin deya ismini Najotbek qo‘yishgan. Mikako o‘zbek tilida farzandiga alla aytishni faxr deb biladi.

«Alla bolam alla-yo, uxlab qolsin Najotbek». Mikako o‘z tilida ham allani maromiga yetkazib aytishiga guvohi bo‘ldik.

Hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Eng asosiysi, bir-birimizga bo‘lgan mehr-muhabbatimiz so‘nmasin. Doimo oqibatli bo‘laylik! Zero, muqaddas qo‘rg‘on hisoblangan oila ana shu tuyg‘ular ila mustahkamlanadi.

Nilufar Jabborova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring