Yapon ta’lim mo‘jizasining siri nimada? Tokiodagi maktab direktori bilan suhbat
Maktabi direktori Yuichi Hashimoto.
Yaponiya ta’lim darajasi bo‘yicha dunyoda peshqadam davlatlardan sanaladi. Xalqaro tadqiqotlar, xususan, PISA ko‘rsatkichlariga ko‘ra, yaponiyalik o‘quvchilar matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha barqaror ravishda dunyo beshligidan o‘rin olib keladi. Xabar.uz muxbiri Kunchiqar o‘lkaga safari davomida Tokio shahri Minato tumanidagi Azabu boshlang‘ich maktabi direktori Yuichi Hashimoto bilan ta’lim jarayoni haqida suhbatlashdi.
– “Yaponiyada o‘qituvchilar imperatorga xos hurmat, diplomatga xos daxlsizlik va vazirga xos maosh bilan siylanadi”, deyishadi. Shu rostmi?
– Hoynahoy, ramziy ma’noda aytilgan gap bo‘lsa kerak bu. Albatta, yapon xalqi o‘qituvchilarga ko‘plab kasb-kor egalari qatorida yuksak hurmat ko‘rsatadi.
Muxbir izohi. Yaponiya ta’lim tizimi boshlang‘ich (6-12 yosh, 1-6-sinf), o‘rta (12-15 yosh, 7-9-sinf) hamda yuqori (15-18 yosh, 10-12-sinf) bosqichlarga bo‘linadi. Mamlakat bo‘yicha 18822 ta boshlang‘ich maktab mavjud. Boshlang‘ich maktablarda 5,94 million o‘quvchi tahsil ko‘radi, 430 ming nafar muallim faoliyat yuritadi.
Azabu maktabi 150 yillik tarixga ega. Foto: Xabar.uz
– Yapon maktabida birlamchi maqsad nima: ta’limmi yoxud tarbiya?
– Biz o‘quvchilarga faqat bilim berish bilan cheklanmay, tarbiyani ham baqamti olib borishga harakat qilamiz. Zero, chinakam inson bo‘lib shakllanishda maktab davri muhim o‘rin tutadi. Biz o‘quvchi ham akademik bilim olishi, ham jamiyatning intizomli, mas’uliyatli a’zosiga aylanishi uchun qo‘limizdan kelgancha jiddu jahd ko‘rsatamiz.
Yaponiya Konstitutsiyasi 26-moddasiga ko‘ra, maktab ta’limi bepul bo‘lib, o‘quvchilar tekin darslik bilan ham ta’minlanadi.
– Yaponiya ta’limi deganda tasavvurimizda ilg‘or texnologiyalar jonlanadi. Boshlang‘ich ta’limda qanday ilg‘or usullar qo‘llanadi? So‘nggi besh yilda raqamlashuv ta’sirida o‘quv jarayonida qay tariqa o‘zgardi?
– Ta’limda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan faol foydalanamiz. Har bir o‘quvchi planshet bilan ta’minlangan, sinfxonalarda proyektor o‘rnatilgan. Noutbuk esa o‘qituvchilarning doimiy hamrohi deyish mumkin. Texnologiyalar darsni teran tushunishga ko‘mak beradi. Elektron darsliklar ham istifoda etiladi.
Dunyoda raqamlashuv yutuqlarini ta’limda qo‘llashni yoqlovchilar ham, qoralovchilar ham bor. Fikrimcha, raqamlashuvning maqbul, manzur usullarini maktab ta’limida qo‘llash kerak, albatta.
Yaponiya hukumatining GIGA (Global and Innovation Gateway for All) dasturiga muvofiq, har bir o‘quvchi tegishli texnik qurilma, har bir maktab esa yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlangan. Ushbu maqsadda 4,6 milliard dollardan ziyod mablag‘ ajratilgan.
Planshet – o‘quvchining yaqin do‘sti, sodiq hamrohi. Foto: Xabar.uz
– O‘quvchilar maktab hududida uyali telefondan foydalanadimi?
– Yo‘q, o‘qish payti smartfondan foylanishmaydi. Ammo ota-onalari bilan muloqotda telefon zarur bo‘ladi, albatta.
Azabu boshlang‘ich maktabi poytaxt markazida joylashgan bo‘lib, o‘quv muassasasi hududi qo‘riqlanadi. O‘quvchilar maktabga doimiy yashash manzili bo‘yicha qabul qilinadi. Maqsad aniq: maktab o‘quvchining uyiga qancha yaqin bo‘lsa, borib-kelishi shuncha oson va xavfsiz bo‘ladi.
– O‘quvchilar maktabga kirishda telefonini majburan topshiradimi?
– Bunday amaliyot yo‘q. Ammo o‘quvchilarimiz maktab hududida faqat favqulodda holatlarda, ota-onasi bilan gaplashganda telefondan foydalanish mumkin ekani, qolgan vaziyatlarda bu nomaqbul ekanini yaxshi bilishadi.
Yaponiyada xususiy maktablar ham talaygina. Ammo xususiy maktab har doim ham davlat maktabiga nisbatan ustun mavqe kasb etmaydi.
– Bugun ijtimoiy tarmoqlar bolalarni ohanrabo kabi o‘ziga tortmoqda. Bunday vaziyatda o‘quvchilar diqqat-e’tiborini darsga jalb etish oson kechmayotgandir?..
– Ispaniya, Avstraliya kabi davlatlarda voyaga yetmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi qonun yo‘li bilan taqiqlandi. Bizda bunday muhokamalar hozircha bo‘lmadi. Ammo biz pedagoglar bolalarga ijtimoiy tarmoqlarga mukkadan ketishning salbiy jihatlarini tushuntirishga intilyapmiz. Tarmoqlarning musbat va manfiy jihatlarini inobatga olib harakat qilish oqilona yo‘ldir.
Yaponiyada maktab o‘quv yili 1 apreldan, ya’ni ayni sakura og‘ochi gullaganda boshlanadi. O‘quv yili uch trimestrdan iborat bo‘lib, bahor va qishda qisqa, yozda esa bir oylik ta’til beriladi.
Sog‘ tanda sog‘lom aql. Foto: Xabar.uz
– Uzoq yillardan beri maktabda ishlab kelayotgan pedagog sifatida so‘nggi o‘n yil mobaynida o‘quvchilar xulq-atvorida ro‘y bergan qanday o‘zgarishlarni alohida ta’kidlagan bo‘lardingiz?
– Deylik, o‘n yil oldin Yaponiyada o‘quvchilar planshetdan ko‘p foydalanmas edi. Bu qurilmalar koronavirus pandemiyasi davrida juda ommalashdi. Dastlabki pallalarda planshet yetishmas, internet sifati haminqadar edi. Ammo vaqt o‘tib bari izga tushdi, texnologiyalarda foydalanish bilim olish ufqlarini kengaytirdi.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tadqiqotlarida yapon o‘quvchilarining o‘ziga ishonchi susaygani qayd etilgan edi. Biz ayni paytda ushbu ko‘rsatkichni oshirish yo‘lida izchil choralar ko‘rmoqdamiz va vaziyat o‘nglanish tomon ketmoqda.
– Yapon maktablarida farrosh yo‘q va o‘quvchilar sinfxonalarni o‘zlari tozalashadi deb o‘qigan edim. Bu yosh avlodda mehnatsevarlik fazilatini shakllantirishga ko‘mak bersa kerak?
– O‘quvchilarning sinfxonani o‘zi tozalashi Yaponiyada keng tarqalgan odat. Bizning qarashlarimizga ko‘ra, har bir inson yon-atrofini ozoda, orasta tutishi lozim. O‘quvchilar ham bundan mustasno emas. Ehtimol, boshqa davlatlarda bolalarning tozalik yumushlari bilan mashg‘ul bo‘lishi noodatiy holdir. Yaponiyalik beysbol yulduzi, AQShdagi “Los Angeles Dodgers” jamoasi a’zosi Syohey Otani o‘yin maydonidagi chiqindini o‘z qo‘li bilan tozalab, ikki karra muxlislar mehrini qozondi. Sportchi badavlat ekaniga qaramay, ozodalik odatini kanda qilmaydi. Bu yaponcha tarbiya mahsulidir.
Shu o‘rinda futbol musobaqalaridan keyin yaponiyalik muxlislar tribunalarni tozalab, hatto chiqindilarni olib ketishi yodga keladi. Demak, yaponlar dunyoning qay burjida bo‘lmasin, sut bilan kirgan bu odatga sodiq qoladi.
– Yapon o‘qituvchilari bugun qanday qiyinchiliklarga duch kelmoqda?
– Ota-onalar bilan muomala-munosabat xamirdan qil sug‘urgandek oson kechmaydi. Noravo talab qo‘yadiganr ota-onalar ham uchrab turadi. Bunday vaziyatda “achchiqni achchiq kesar” qabilida ish tutish yaramaydi. Biz pedagoglar og‘ir, vazmin bo‘lganimiz ma’qul.
Maktabning mo‘’jaz hayvonot bog‘i. Foto: Xabar.uz
– Ota-onalarning o‘qituvchilarga qo‘l ko‘tarishi yoki haqorat qilishi kabi holatlar ham kuzatiladimi?
– Xayriyatki, ota-onalarning o‘qituvchilarga jismoniy yoki ruhiy tazyiq o‘tkazishi holatlari yo‘q. Bizda aksar maktablar o‘z advokatiga ega va ular ota-onalar bilan bog‘liq murakkab vaziyatlarda pedagoglarimizga huquqiy ko‘mak ko‘rsatadi.
Boshlang‘ich maktabda ta’lim 6 yil davom etadi. Bolalar yapon tili (jumladan, xattotlik), arifmetika, musiqa, san’at, jismoniy tarbiya, mehnat kabi predmetlar, gumanitar va tabiiy fanlarni o‘zlashtiradi. Har bir dars 45 daqiqadan iborat.
– Yapon maktablarida o‘qituvchilarni ma’muriy ishlarga jalb etish holatlari uchraydimi?
– O‘qituvchilar vakolatidan tashqaridagi ma’muriy ishlarga jalb etilmaydi. O‘zi shundoq ham pedagoglarda o‘z ustida ishlash, mahoratini muttasil oshirish uchun vaqt yetishmaydi. Shu bois o‘qituvchilarimiz hatto ish vaqtidan keyin ham bilim va malakasini oshirish, yangi usul-uslublarni o‘rganishga harakat qiladi. Ya’ni ta’lim ularning hayot mazmuniga aylangan. O‘zim ham maktab direktori sifatida har kuni tongda maktab darvozasida turib, har bir o‘quvchini salom bilan qarshi olaman.
– Boshlang‘ich sinflarda ma’naviy-axloqiy tarbiya qay usulda o‘rgatiladi?
– Bizda etikaga o‘xshash fan bor, ammo bu shunchaki odobnoma emas, balki undan kengroq qamrovdagi predmetdir. Birinchi sinfdan e’tiboran o‘qitiladigan ushbu fan mobaynida o‘quvchilar o‘zgalarga hurmat va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, xudbinlikdan yiroq bo‘lish, jamoat mulkidan ehtiyotkorlik bilan foydalanish, yolg‘ondan hazar qilish kabi fazilatlarga, bir so‘z bilan aytganda, insoniylik xislatlariga oshno etiladi.
Sinfxonani tozalash, sport musobaqalari va birgalikdagi loyihalar o‘quvchilarning jamoaviy tafakkurini charxlaydi. Darslarni vaqtida o‘zlashtira olmagan o‘quvchi dzyuku, ya’ni qo‘shimcha mashg‘ulotlarga qatnaydi.
– Yaponlar atrof-muhitga g‘amxo‘rlik, tabiatga hurmat borasida dunyoda nom chiqargan millatlar sirasiga kiradi...
– Albatta, o‘quv jarayonida bolalarda tabiatga, atrof-muhitga hurmat tuyg‘usini shakllantirishga alohida e’tibor qaratamiz. Maktabimiz hududida yashil hudud, hatto sun’iy irmoq bor. Bu yerda farzandlarimiz o‘simlik va hayvonot olami bilan tanishadilar, bizni qurshab turgan ona tabiatning nechog‘li qadr-qimmatli ekanini o‘rganadilar. Maktabimiz hududida turli daraxt ko‘chatlari ekilgan. Mo‘’jazgina hayvonot bog‘imiz ham bor.
– Maktabingizda o‘quvchilar uchun forma joriy etilganmi? Forma intizom va o‘quv jarayoniga qanchalik ta’sir ko‘rsatadi deb hisoblaysiz?
– Bizning maktabda o‘quvchilar uchun forma talabi mavjud emas. Bu 150 yillik tarixga ega maktabimizda erkinlik ustuvor qadriyat deb e’lon qilingani bilan bog‘liq. Ammo, o‘ylaymanki, maktab formasi shunchaki libos emas, balki ijtimoiy chegaralarga barham beruvchi vositadir. Chunki forma kiygan o‘quvchilar qanday moddiy shart-sharoitda yashashidan qat’i nazar, taroqning tishlaridek barobar ko‘rinadi.
Yaponiyani ta’lim jabhasida ulkan yutuqlarga yetaklagan omillar talaygina. Biz bu borada qat’iy intizom, bolaning jamiyatga barvaqt moslashuvi, ta’lim-tarbiyaga erta kirishish, o‘quvchilarda tanqidiy tafakkurni o‘stirishga alohida e’tibor qaratilishi, aqliy, jismoniy va ruhiy kamolotga erishuv yo‘lidagi kompleks yondashuvni alohida ta’kidlashni istardik.
Darvoqe, yapon tili kursi tinglovchilari orasida o‘zbekistonlik qorako‘z ham bor. Foto: Xabar.uz
– Yaponiyada har yili minglab zilzila ro‘y beradi. O‘quvchilarga favqulodda vaziyatlarda harakatlanish qoidalari ham o‘rgatilsa kerak?
– To‘g‘ri aytdingiz, jamiyatning kenja avlod vakillari ham tabiiy ofatlarga hozir bo‘lmog‘i muhim. Har oyda bir marotaba favqulodda vaziyatlarda harakatlanish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Zilzila, yong‘in payti qanday harakatlanish bo‘yicha amaliy saboqlar beriladi.
– Ma’zur tutasiz, andak nozik masala – muallimlarning maoshi masalasiga ham oydinlik kiritsangiz.
– Umummilliy maktablar o‘qituvchilari davlat xizmatchilari hisoblanadi. Davlat xizmatchilari esa munosib darajada ishhaqi olishi ko‘zda tutilgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin Yaponiyani oyoqqa turg‘izgan yetakchilarimiz “Mamlakat kelajagining tamali bu – ta’limdir va maktab o‘qituvchilari muhtojlik ko‘rmasligi kerak” degan tamoyil asosida ish tutganlar.
Yaponiya bosh vaziri Hayato Ikeda (1960–1964) kiroyi ta’limsiz yuksak iqtisodiy natijalarga erishib bo‘lmasligini yaxshi bilgan. Siyosatchi tomonidan ilgari surilgan milliy daromadni ko‘paytirish dasturida inson kapitali sifatini oshirish uchun davlat pedagoglarni yuksak maqom va munosib maosh bilan ta’minlashi ko‘zda tutilgan edi.
– So‘nggi savol: o‘qituvchilik uchun qanday talablar qo‘yiladi?
– O‘qituvchi sifatida faoliyat yuritish uchun bir qator jiddiy talablar mavjud. Masalan, Azabu kabi boshlang‘ich maktabda saboq berish uchun nomzod avvalo pedagogika yo‘nalishidagi OTMda tahsil ko‘rishi, shuningdek, qo‘shimcha ravishda maxsus litsenziya olishi lozim. O‘qituvchilarning bilim darajasi, saviyasi doimiy nazoratda, malaka oshirish ham uzluksiz jarayondir.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter