Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yigirma yillik haqorat

Yigirma yillik haqorat

«Turmush qurganimga 20 yil bo‘ldi. Hozirgacha umr yo‘ldoshim odamlar oldida meni haqoratlaydi va so‘kib gapiraveradi. Shuncha yil chidadim, lekin so‘nggi paytlarda kundan-kunga undan ko‘nglim sovib boryapti. Nima qilay?». 

Hurmat bilan Yu.

Bu holat 20 yildan beri eriga ham, xotiniga ham odatga aylanib ulgurgan. Ayol ajrashib ketolmaydi, ranjib yashashi esa me’yordagi hayot tarzidek bo‘lib qolgan. Boshi berk ko‘chaga kirib qolgandan keyin, ayol o‘zining o‘rniga kimdir qaror qabul qilishini istayapti, tashqaridan uning uchun javob topib berish kerakdek go‘yo. «Birga yashayver, chida» yoki «bunday er bilan yashama, chiqib ket» degan maslahatni kutyapti. Ya’ni, har qanday holatda ham o‘zi aybdor bo‘lmasligi kerak. Ammo, bilib qo‘ysinki, qanchalik ko‘p ranjib, bu hissiyotni ko‘tarib yursa, janjal yoki haqoratlar shu qadar ko‘payib ketaveradi.

Aslida hayotdan nolib, arz qilgan odamni xafa qilaveradilar. Nafaqat eri, balki boshqalardan ham salbiy munosabat kutish mumkin. O‘zini qadrlamagan, sevmagan odamni hammaning oldida haqorat qilaveradilar. Bu ayol shu paytgacha barchaning ko‘zi oldida o‘zini ranjitishga qo‘yib beryapti, endi bu yog‘iga kurashadigan bo‘lsa, janjal ko‘payadi.

Maslahatlar:

1. Erining harakatlari odatiy hol ekanligiga e’tibor bermasdan (zero, 20 yil fe’l-atvorlarni o‘rganish uchun yetarli muddat), shaxsiy fikri bilan yashasin. Kim haq, kim nohaqligini odamlarning o‘zlari ajratib olishadi.

2. Bu ayol odamlar oldida hurmatim yo‘qolyapti, deb izza bo‘lishdan qo‘rqyapti. Shunday ekan, o‘zini qadrlashni o‘rgansin, yaxshi ko‘rgan ishlari bilan shug‘ullansin. Kerakli yo‘lni tanlasin, kimgadir qarab yashamasin, shaxsiy fikrini boyitsin.

3. Har kuni kamida yarim soat hadislar, hikmatlar, badiiy kitoblar, gazetalar o‘qib, ma’naviyatini oshirsin (bu tadbir takror aytilayotgan bo‘lsa-da, nihoyatda zarur).

4. Xobbi, sevimli mashg‘uloti bilan shug‘ullansin. Barmoq uchlarida tinchlantiruvchi sezgi a’zolarimiz mavjud, shu sababli kashta tikib yoki mayda rasm chizib, biror narsani tayyorlab ko‘rsin.

5. Shaharda yashasa, sport majmuasiga qatnasin, kayfiyatini ko‘taradigan raqs to‘garagiga borsin. Xullas, aniq maqsad sari o‘zini yo‘naltirsa, eri bilan kechayotgan mojarolardan uzoqlashadi.

«Go‘zal hayot tilsimi» kitobidan.

 

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring