Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yo‘qolgan qo‘ylar «topildi». Ammo egalari bundan bexabar

Yo‘qolgan qo‘ylar «topildi». Ammo egalari bundan bexabar

Foto: «Xabar.uz»

So‘nggi kunlarning katta shov-shuviga aylangan, Farg‘onaning Oltiarig‘ida ro‘y berib, poytaxtdan butun respublikaga aks-sado taratgan 65 bosh qo‘y mojarosi ko‘plab ommaviy axborot vositalarining bosh mavzusiga aylandi. Bu bejizga emas albatta, chunki bir necha oilaning asosiy daromad manbai bo‘lgan jonivorlar shunchaki yo‘qolib qolishi mumkin emas. Biz bu masala yuzasidan surishtiruv ishlarini davom ettiramiz.

Oltiariqda hokim va IIB boshlig‘i haydab ketgan 65 bosh qo‘y «izsiz yo‘qoldi»

Ma’lum bo‘lishicha, avval 11-fevralda, keyin 12-fevralda Hasanboy Yunusov va boshqa qo‘yboqarlar sudga chaqirtirilgan. Sudya ayni shu masala bo‘yicha apellyasiya kiritilmaganini, sud qarori qonuniy kuchga kirib bo‘lgani, apellyasiya kiritilgan taqdirda ham javobgarlar albatta xabardor qilinishi shartligini ta’kidlagan. Ya’ni hammasini qonuniy asoslab bergan. Demak, o‘sha eng muhim savol hamon savolligicha qolmoqda: bu ish bo‘yicha ko‘rilgan va qaror chiqarilgan yagona sud majlisi bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, qaror qonuniy kuchga kirgan va ijro etilib, javobgarlar barcha jarimalarni to‘lagan bo‘lsalar, qo‘ylar qaysi asosda ushlab turilibdi?!

Masalani o‘rganish uchun «Daryo.uz» sayti ham kirishib, o‘z muxbiri Muhammadjon Obidovni voqeani o‘rganish uchun yuboribdi. Muhammadjon Obidov mahalla raisi orqali qo‘yboqarlarni tuman hokimligiga chaqirtirib, ularning nega viloyat hokimiga bevosita murojaat qilmagani bilan qiziqibdi.

Voqeani so‘zlab berarkan Hasanboy aka yana bir muhim holatni esga oldi:

— Viloyat hokimi qabuliga borganimizda qabulxona bo‘limi xodimi bizni shunchaki qaytarib yubormadi. Agar hokimga murojaat qilsak nimalar bo‘lishini aytib qo‘rqitdi. Nimalar deganini aytmay qo‘yaqolay, aytganimda ham kelajakda isbotlab berishim qiyin. Biz bir kichik odam bo‘lsak, u kishi viloyat hokimi. Qabuliga kirishni juda istadik, lekin ixtiyor bizda emasku. Muhammadjon akaga shuni tushuntirsam «Baribir boshqa joyga yozguncha hokim qabulini kutib, kirish kerak edi», dedi. Qo‘ylar bir gap bo‘lar, tinchimizni ko‘raylik, deganimni tushuntirdim.

Yana bir muhim jihat, payhongarchilik ustiga viloyat hokimi kelib qolganida faqat bu qo‘yboqarlarning qo‘ylarini ushlamagan («Daryo.uz» xabarida qo‘ylar 200 boshdan ortiqligi aytiladi). Bular bilan birga shu atrofdagi bir fermerning ham qo‘ylari ushlangan. Viloyat hokimi hammasini olib borib qamashni buyurishiga qaramay, hokim ketganidan keyin, mahalliy mutasaddilar o‘sha fermerning qo‘ylarini ajratib qaytarib berishgan (soddalik shu darajadaki, Hasanboy Yunusov va boshqa qo‘yboqar qahramonlarimiz bu qo‘ylarni ajratishga yordam ham berganlar). Ammo o‘sha fermerning qo‘ylari o‘ziga qaytarilish bilan birga unga nisbatan biror chora ko‘rilmagan, zarar qoplanishida u ishtirok etmagan, sud mahkamasiga tortilmagan, jarima ham to‘lamagan. Iye, qonun oldida hamma barobar emasmidi?!

Izsiz ketgan qo‘ylar izidan: kalavaning uchi viloyat hokimi tomon yetaklamoqda

«Daryo.uz» xabarida masalaning ikkinchi tarafiga, ya’ni payhongarchilik muammosiga e’tibor qaratiladi, zarar ko‘rgan fermerlarning so‘zlari tinglanadi. Bu muammo juda jiddiyligi ta’kidlanadi. Bu mutlaqo to‘g‘ri. Lekin qo‘yboqarlar xatoga yo‘l qo‘yganini tan olishgan, zararni qoplashgan, sud (!) belgilagan jarimalarni to‘laganlar. Ular hozir ham pushaymonliklarini qayta-qayta bildirmoqdalar.

Shuningdek, maqolada shunday so‘zlar bor: «Ma’lum bo‘lishicha, Hasanboy Yunusovga tegishli qo‘ylarning barchasi sog‘-omon, ularga maxsus ajratilgan qo‘yboqarlar kecha-kunduz qaramoqda, hatto ularning bir nechtasi qo‘zilagan». Ammo qo‘y egasidan bu bo‘yicha so‘raganimizda qo‘ylar qayerda ekanidan bexabarligini, unga bu haqda hech kim ma’lum qilmaganini bildirdi.

Shu o‘rinda barcha mutasaddilarga savol: qo‘ylar qaysi huquqiy asosga ko‘ra ushlab turilibdi? Ular kim yoki qaysi tashkilotning hisobiga 23 kundan buyon boqib kelinmoqda (axir bir qo‘yning bir kunlik yem-xashagi qancha muammo, ayniqsa, gap 65 bosh qo‘y haqida ketganda)? Eng muhimi, nega ular egalariga ko‘rsatilmayapti va qaytarilmayapti?

Voqealarni o‘rganayotgan hamkasblarimizning bildirishlaricha, qo‘yboqarlarga «internetda shov-shuv ko‘tarib nima foyda topding? O‘zing ishingni chalkashtirding» degan mazmunda bosim ham bo‘lgan va bunday xabarlar to‘xtatilishi bilan qo‘ylar qaytarilishi bildirilgan.

«Qo‘y»ni «yo‘q» qilishni bilasizmi? Bilmasangiz, bilib oling!

Bu ishni qilgan amaldorlarga murojaat — so‘z erkinligini bo‘g‘ishga uringuncha har bir ishning xayrli yakun topishiga harakat qiling. Sizda biz maqola e’lon qilgunga qadar ham 10 kundan ortiq vaqt bor edi. Paysalga solayotgan har bir kuningizda sizga nisbatan shubha oshaveradi.

Maqolalarga izoh qoldirayotgan ko‘pchilik o‘quvchilar «qo‘ylar allaqachon joyiga borib yetgan», degan taxminni ilgari surishmoqda. Istehzoni tushundingiz, ishqilib shunday bo‘lib chiqmasin. Biz qo‘ylar egalariga qaytarilishi, mutasaddilarning yuzi yorug‘ bo‘lishi va adolat qaror topishi tarafdorimiz. Shunday bo‘lishi bilan alohida maqola yoritishga va hammasi iziga tushganini bildirishga tayyormiz.

Bizni kuzatishda davom eting.

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring