Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Zaxarovaning zaharxanda luqmasi. Xo‘sh, Moskva Toshkentga nima demoqchi?

Zaxarovaning zaharxanda luqmasi. Xo‘sh, Moskva Toshkentga nima demoqchi?

Foto: RIA Novosti

Rossiya tashqi ishlar vaziri rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi yuzasidan bergan bayonoti haqli e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Kreml jarchilaridan biri bo‘lgan xonimning iddao qilishicha, O‘zbekistonda o‘zbek tilida ish yuritishga qaratilgan qonun loyihasining tarafdorlari juda ozchilikni tashkil etadi; binobarin, rus tilini rasmiy doiralarda to‘laligicha saqlab qolish mamlakat fuqarolari (ya’ni siz bizning) manfaatlari(miz)ga to‘g‘ri keladi!

Avvalo, bu taxlit qat’iy hukm chiqarish uchun rad etib bo‘lmas isbot keltirmoq talab etiladi. Zaxarova xonim esa bu da’vosini dastaklaydigan dalil keltirolmasligi kundek ravshan. Farazan, u aytgan holat haqiqat bo‘lgan taqdirda ham, bir mamlakat TIV vakilining boshqa bir suveren davlat qonunchiligini muhokama etishi ochiqdan-ochiq ichki ishlarga aralashuv deya malakalanadi. Bu esa na milliy va na xalqaro me’yorlarga to‘g‘ri keladi.

Zaxarovaning bahs-munozara uslubi ajabtovur. Uning bayonotlariga ishonilsa, butun dunyo Rossiyaga qarshi fitna to‘rini to‘qish bilan band! Qiziq, goh AQSh, goh Yevropani Rossiya ichki ishlariga aralashuvda ayblaydigan voiz xonim O‘zbekistonning ichki ishlariga bilmasdan aralashib qo‘ydimikan? Diplomatning diplomatiya tutumlariga umuman to‘g‘ri kelmaydigan bayonoti shunchaki shaxsiy nuqtai nazar ifodasi edimi?

Qaydam! Tashqi ishlar vazirligi voizining bayonotini shaxsiy nuqtai nazar deb qabul qilish anoyilik bo‘lur edi. Zotan, vazirlik rasmiy vakili hamisha o‘zi mansub davlatning rasmiy pozitsiyasini ifodalashi ma’lum.

Bir paytlar O‘rta Osiyo mamlakatlarida hukmfarmolik qilgan Rossiyaning «katta og‘alik» kayfiyatidan voz kechishi mushkul kechmoqda. Iqtisodi fatoratga yuz tutayotgan mamlakat siyosatdonlari esa turmushi tobora tang bo‘lib borayotgan aholini shirin o‘tmish xotiralari bilan aldash-allalashga urinmoqda.

Zaxarova xonimning zaharxanda kulgiga yo‘g‘rilgan bayonoti ham u mansub siyosiy boshqaruvning imperiyachilik qutqusiga asir bo‘layotganiga shohidlik bermoqda.

Sir emas, Rossiya prezidenti Vladimir Putin SSSRga xayrixohligi, ta’bir joiz bo‘lsa, u davrga ayricha muhabbatini yashirib o‘tirmaydi. Propagandaga mukkasidan ketgan rasmiy matbuot ham qizil saltanatning ildizi qon bilan sug‘orilganini zo‘r berib xaspo‘shlashga urinadi. Josuslik idorasi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan prezidentning o‘zi ko‘plab intervyularida SSSR parchalanganini fojia va xato deb atagan.

«Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi – Kremlning sobiq SSSRni qayta tiklashga qaratilgan geosiyosiy loyihasi» degan xavotirli qarashlar ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmagan, albatta. Moskva orbitasidan chiqib ketishga urinish qanday oqibatga olib kelishini esa parokanda etilgan Ukraina misolida ko‘rdik...

Tahlilchilarga ko‘ra, Kreml sobiq mustamlakalardagi milliy uyg‘onish, milliy tilga qaytish harakatlarini juda og‘riqli qabul qiladi. Masalan, bir necha yil oldin Qozog‘istonda milliy til nufuzini oshirish masalasi ko‘tarilganda ham Moskva o‘z e’tirozini keskin tarzda bildirgan edi. O‘shanda prezident Putin «Qozog‘iston tarixan davlatchilik an’analariga ega bo‘lmagan» degan iddao bilan Nursulton Nazarboyevga go‘yo «shifrlangan xabar» yo‘llagan edi

Yangi O‘zbekiston uchun ham shimoldagi katta qo‘shnidan «serma’no mujdalar» yo‘llanishi yangilik bo‘lmay qoldi. Esingizda bo‘lsa, M.Zaxarovadan avval Rossiyaning yana bir ayol mulozimi – parlament yuqori palatasi raisi Valentina Matviyenko ham O‘zbekistonning suveren davlat ekanini «unutib», podadan oldin chang chiqargan edi. «O‘zbekiston prezidenti (Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish masalasida) qaror qabul qilib bo‘ldi» degan edi Matviyenko xonim...

Tahlilchilarga ko‘ra, tobora ihotalanish tomon yuz burayotgan Rossiya bilan munosabatlarda yetti emas, yetmish marta o‘lchab ish ko‘rmoq kerak. Bunda esa sinovdan o‘tgan eski usul: ko‘p vektorli siyosat qo‘l keladi...

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring