Makron: Yevropa Rossiya bilan muzokaralarda ishtirok etishi kerak
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropa davlatlari Rossiya bilan Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralarda bevosita ishtirok etishi shartligini bildirdi. U bu haqda 13-fevral kuni Xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasidagi chiqishi chog‘ida ma’lum qildi. Bu haqda Le Monde xabar berdi.
Makronning ta’kidlashicha, Yevropa Rossiya bilan «shaffof aloqa yo‘llari»ni qayta tiklashi lozim. Uning fikricha, qit’a davlatlari kelajakda Moskva bilan muzokara olib borish uchun «kuchli pozitsiya»da bo‘lishi kerak. Buning uchun Yevropa mudofaa salohiyatini, ayniqsa uzoq masofali qurol tizimlari sohasida faol rivojlantirishi zarur.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Makron Yevropa urush tugasa ham «tajovuzkor Rossiya» bilan to‘qnash kelish ehtimoli saqlanib qolishini aytgan. Shu sababli, tinchlik kelishuvidan keyin Yevropa Rossiya bilan «birga yashash qoidalari»ni belgilab olishi, eskalatsiya xavfini cheklashi kerak.
Fransiya rahbari Yevropa davlatlarini xavfsizlik arxitekturasini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. U, jumladan, «yadroviy tiyib turish siyosati»ni qayta shakllantirish masalasini ham muhokama qilishni taklif qildi.
Makron Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya allaqachon boshlagan maslahatlashuvlarga boshqa Yevropa davlatlarini ham qo‘shilishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa o‘z manfaatlari va mustaqil strategik fikriga tayangan holda harakat qilishi lozim.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter