Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Biz o‘n yil qiynalib yashaymiz, keyin hamma narsamiz bo‘ladi» — mashhur shoirning rafiqasi bilan suhbat

«Biz o‘n yil qiynalib yashaymiz, keyin hamma narsamiz bo‘ladi» — mashhur shoirning rafiqasi bilan suhbat

O‘zbekiston xalq shoiri, «Dars», «Baxshiyona», «Uzun tun», «Oqibat», «Ko‘zgu», «Kunduzsiz kechalar», «Jodu», «Alpomishning qaytishi», «Bir qadam yo‘l», «Kuz» kabi ko‘plab asarlar muallifi Usmon Azimning sevimli rafiqasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, tarjimon, «Do‘stlik» ordeni sohibasi Ra’no Azimova bilan suhbatimiz uning orasta, sokin, muhabbat va ijod nafasi ufurib turgan xonadonida bo‘ldi.

– Ra’no opa, ayol uchun uni so‘zsiz tushunadigan, hurmatiga muhabbat bilan javob beradigan, samimiy mehri bilan siylaydigan, buning ustiga Alloh nazari tushgan, el ehtiromidagi inson bilan yashash beadoq zavq, faxr va shukronalik bag‘ishlasa kerak. Bu ham Yaratganning tuhfasi va taqdiri azal. To‘g‘rimi?

– To‘g‘ri, birimiz voha, birimiz vodiy farzandimiz. Men Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida tug‘ilib o‘sganman. Bu kishi Surxondaryoning go‘zal va maftunkor tabiatli Boysunida kamolga yetganlar. Taqdir bo‘lmasa biz uchrasharmidik, tanisharmidik, bir-birimizga ko‘ngil qo‘yarmidik. Aytganingizday, bu ham bizga Yaratganning chiroyli tuhfasi.

1968-yilda men Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetining rus guruhiga o‘qishga kirganman. Birinchi yili bir-birimizni tanimaganmiz. U paytlari talabalarni sentyabr oyidan to yangi yilgacha, deyarli 4 oylab paxtaga olib ketishardi. Usmon aka bilan paxta yig‘im-terimi pallasida, paxta dalalarida tanishganmiz. O‘sha paytlari bu kishi 3-kursda, men 2-kursda o‘qirdik, yoshlikning juda ajoyib, betakror pallalari edi. Ikkalamiz ham adabiyot, she’riyat ixlosmandi edik. Adabiyot bizni yaqinlashtirdi, qalbimizni tanitdi. Bir-birimizni bir so‘z bilan tushunadigan do‘st, hamfikr bo‘ldik, suhbatlarimiz adabiyot, she’riyat haqida bo‘lar edi. To‘g‘risi, ikkalamiz mamlakatimizning ikki burchidan ekanimiz, oilada yolg‘iz farzand bo‘lganim uchun turmush qurishimiz mumkinligi haqida o‘ylab ham ko‘rmaganman, shu sababli takliflarini rad qilganman. Chunki yolg‘iz onam­ni tashlab ketolmasdim. Ammo bu kishi bir so‘zli, qilaman degan ishini qiladigan, boshlagan ishini, albatta, oxiriga yetkazadigan inson. Ular universitetni tugatayotganlarida harbiy kafedradan kursidagi yigitlarni 2 yilga Germaniyaga harbiy xizmatga jo‘natadigan bo‘lishgan. O‘shanda mening oldimga kelib, «Ra’no, menga turmushga chiqing. Biz o‘n yil qiynalib yashaymiz, ammo undan keyin hamma narsamiz bo‘ladi», deganlar. Darhaqiqat, o‘n yilgacha turli qiyinchiliklarni boshdan kechirgan bo‘lsak ham, qizig‘i, xuddi aytgan muddatlarida hamma narsaga ega bo‘lganmiz: uy, mashina, hattoki, Gruziyaga borib, birinchi o‘rinni olib, Mayakovkiy nomidagi davlat mukofotini va katta mab­lag‘ni qo‘lga kiritib, butunittifoq laureati bo‘lib kelganlar. Shu mab­lag‘ ham bizning ancha iqtisodiy muammolarimizni hal qilishimizga ko‘mak bo‘lgan.

– Ustoz haqiqatan yoshliklarida kelajak rejalarini qat’iy belgilab olgan, ularning ro‘yobi uchun astoydil harakat qiladigan bir so‘zli yigit ekanlar-da. Lekin oilada onangiz bilan yolg‘iz yashaganingizni aytdingiz. Yagona farzandini surxondaryolik yigitga uzatishlari oson bo‘lmagandir?

– Bu savolingizga javob berishdan oldin sizni oilaviy muhitim bilan tanishtirishim lozim. Ota-onam jamiyatning oldingi saflarida yuradigan, hayotda faol insonlar bo‘lishgan. Otam Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi edilar, urushdan qaytgach, To‘raqo‘rg‘on tumani iqtisodiyot bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlaganlar. Onam urush payti 24 yoshlarida kolxoz raisi bo‘lganlar, erkaklar urushga ketgan paytda zo‘r g‘ayrat bilan kolxozni ko‘targanlari, rejalarni orttirib bajarganlari beiz qolmagan – keyinchalik rayon komsomol komiteti rahbari, Farg‘ona viloyat obkom komsomolning ikkinchi sekretari, komsomol MKda instruktor lavozimlarida ishlaganlar. Juda fidoyi, ziyoli kishilar bo‘lishgan. Men ana shunday bilimli, ziyoli odamlarning farzandi bo‘lib, shunday ruhda kamol topdim. Onamni yurtimizning eng qoloq hududlarining iqtisodini ko‘tarish uchun rahbarlik lavozimiga ishga yuborishardi. Oldiniga acham, ya’ni momom, ular dunyodan o‘tgach, tatar ayoli uyimizda yashab, menga qaraganlar, ro‘zg‘or ishlarini ham shu ayoldan o‘rganganman.

To‘g‘risini ayt­ganda, men qiyinchilik ko‘rmasdan ulg‘ayganman. Rus bog‘chasiga borganman va rus maktabida o‘qiganman. Ana shunday sharoitda o‘sgan qizga Usmon aka sovchi qo‘ydilar. U kishining onalari, tog‘alari Surxondaryodan Namanganga sovchi bo‘lib kelishgan. Onam to‘yga rozilik bergan-u, yolg‘iz farzandi bo‘lganim uchun bir shart qo‘yganlar – to‘y Namanganda bo‘ladi. Bir paytlar urf bo‘lgan «komsomol to‘yi» To‘raqo‘rg‘onda ilk bor bizning xonadonimizda bo‘lgan, kelin-kuyovning mashinalarini bezatib, stol-stullarda davrani keng olib, to‘y qilishgan.

– Yosh shoir Usmon Azim qanday xislatlarga ega ediki, u bilan o‘z kelajagingizni baxtli ko‘ra oldingiz?

– Juda bilimli, jiddiy, to‘g‘riso‘z, halol, harakatchan, qat’iyatli yigit edilar. Menga eng yoqqan xislati – kelajak maqsadlari aniqligi, qilaman degan ishini qila olishi edi. Bunday insonlar aro yo‘lda qolmaydi, hamisha har qanday muammoga chora topadi. Buning ustiga adabiyotga, hayotga qarashimizda juda yaqinlik bor edi.

– Bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘ingizning oilasi haqida biron ma’lumotga egamidingiz?

– Muhabbatning do‘stlikdan bosh­langanining afzal tomoni shuki, ikki do‘stning orasida sir bo‘lmaydi, bir-biridan hech narsani yashirmaydi, borini boricha aytadi. Biz ham shunday edik. Usmon aka besh nafar farzandning kenjasi bo‘lganlar. Rahmatli qaynotam – mulla Azim ham diniy, ham dun­yo­viy bilimga ega bo‘lib, bankda ishlagan ekanlar. Urush yillari yoshlari ulug‘ bo‘lgani uchun urushga olib ketishmagan-u, ammo sovuq o‘lkalarga mehnat frontiga yuborishgan. Bular oilada uch qiz va ikki o‘g‘il bo‘lib, Usmon aka eng kichigi bo‘lganlar.

Usmon aka uch yoshlarida otasidan yetim qolganini afsus va armon bilan aytadilar. Bir burda non topish amri mahol bo‘lgan paytlari besh nafar farzandni boqish, kamolga yetkazish, shu bilan birga ukalariga ham qarash mas’uliyati uy bekasi bo‘lgan onaizorning zimmasiga tushgan. Qisqasi, bolalar ne qiyinchilik bo‘lsa totib ko‘rishgan. 7-sinfda o‘qiyotgan Usmon akani maktab-internatga berishga majbur bo‘lishgan. O‘sha paytlari Erkin A’zam bilan do‘stlashgan va buning o‘zi bir tarix. Ota-bobolarimiz boylik neni dedirmas, ochlik neni yedirmas, deb bilib aytishgan. Ammo qaynonam juda aqlli, farosatli, o‘qimasdan uqqan, tadbirli ayollardan bo‘lgan ekanlarki, bolalarini oyoqqa turg‘izganlar. Shu bilan birga, zamon qanchalik og‘ir bo‘lmasin, ularni oliy ma’lumotli qilganlar. O‘g‘illari Samarqandda, qizlari Termizda, Usmon aka Toshkentda o‘qiganlar. Katta qayn­opam rahmatli Sofiya opa oqila ayol edilar. Chuchuk opa hokimiyatda ishlaganlar, maktab direktori bo‘lib faoliyat yuritganlar, hozir 84 yoshda keksalik gashtini sur­ayaptilar. Akalari Hakim aka agronom bo‘lib ishlaganlar. Saida opam ham bir olam, bir jahon ayol edilar. Ularga bag‘ishlab yozgan «Boychechak» nomli she’r­lari bor: «Boychechagim boylandi, qozon to‘la ayrondir» satrlari bilan boshlanadigan she’r. Usmon aka ham maktab-internatni tugatgach, Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetiga o‘qishga topshirib, kirish imtihonlaridan o‘tolmagach, keyingi yili o‘qish uchun Toshkentga kelgan ekanlar.

– Shoirning yoshlik yillari haqida yana nimalarni bilasiz?

– Bular juda yupun kiyingan, balki qorni to‘yib taom yemagandir, ammo juda tirishqoq, zehni o‘tkir, sinf­ning, hatto maktabning eng a’lochi o‘quvchisi bo‘lgan ekanlar. Matematika va fizikani juda yaxshi o‘zlashtirgani uchun o‘qituvchilari kelajakda zo‘r matematik bo‘lishini bashorat qilishgan. Ammo bu kishi ich-ichidan adabiyotga mehr qo‘yganlar. 9-sinf­­da o‘qiyotgan pallalarida tuman gazetasida ilk she’ri chop etilgan ekan. Keyinchalik Toshkentda talabalik bizni uchrashtirdi. Meni haligacha hayratlantiradigani – bu kishining zehni juda kuchliligi. Yoshligida barcha she’rlarini yoddan o‘qirdilar. Buning ustiga bilimlari juda kuchli: har bir sohani yaxshi biladilar, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

– Zehni o‘tkirligi hayotdagi muvaffaqiyatlarining garovi bo‘lgan, deyish mumkinmi?

– Ma’lum ma’noda bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ammo har bir muvaffaqiyatning tagida katta mehnat yotadi. Inson bilimi, zehnini foydali ishga yo‘naltirmasa, qobiliyatini rivoj­lantirmasa, iste’dodini yuksaltirmasa hamma narsa bir-bir so‘nib boraveradi. Bu kishida ijodkorga Alloh tomonidan berilgan qobiliyat bilan birga o‘z-o‘ziga talabchanlik juda kuchli. Shoir uchun na vaqtning, na zamonning farqi bor: izlanish, o‘rganish, ijoddan bir zum to‘xtamaydilar. Muhimi, majburiyat yuzasidan emas, rohatlanib, zavqlanib ijod qiladilar.

– Ra’no opa, yana o‘sha olis yoshlik yillariga qaytsak. Davrlar silsilasining eng og‘ir yillarida yosh oilaning, oilaboshining Surxon vohasidan mamlakat markaziga kelib yashashi, ijod qilishi haqida to‘xtalsangiz.

– To‘yimizdan bir yarim oycha vaqt o‘tgach, bu kishi Germaniyaga harbiy xizmatga jo‘nab ketdilar, men oxirgi kursda o‘qiganim uchun o‘qishimni davom ettirdim. Oradan vaqt o‘tib o‘g‘illi bo‘lganligi haqidagi xushxabarni pochta xizmati orqali yetkazdik. O‘shanda butun harbiy qismiga ziyofat bergan ekanlar. Harbiy otpusk olib, o‘g‘lini ko‘rgani kelganlar. U paytda men o‘qishni tugatib, «Namanganskaya pravda» gazetasida ishlardim. Harbiy xizmatni tugatgach, bu kishi Toshkentga kelib, respublika radiosida eshittirishlar tayyorlab, qalam haqi olardilar. Usmon akani Toshkentda doimiy yashash joylari, ya’ni «propiska»lari bo‘lmagani uchun ma’lum payt ishga olishmagan.

Ishga kirganlaridan keyin Toshkentda yashash sharoiti haminqadar ijara uyda yashay boshladik. Biz shu ijara uyda ham juda baxtli edik. U yerda hamisha Rauf Parfi, Murod Muhammad Do‘st, Erkin A’zam, Sobit Madaliyev, Nodir Normatov, Miraziz A’zam kabi o‘nlab yosh ijodkor do‘stlarimiz jam bo‘lishar, suhbatlar, bahri-baytlar, bahslar, she’riyat kechalari tong­­ga ulanardi. Hayotimiz juda fayzli va qiziqarli edi. O‘sha kunlarni juda sog‘inaman. Odamlarni na molu davlat, na mansab qiziqtirardi. Hamma qorni to‘ysa bas, buning ustiga mehmon kutishdek dabdabalar ham bo‘lmasdi, oddiygina kundalik dasturxonimiz yozilardi. Lekin deyarli har kuni mehmon bo‘lar, ular ilhom ishqida kelishar, bir-biriga yangi ijod namunalarini o‘qib berishar, bularnikidan ham bahramand bo‘lish uchun oshiqishardi. Mehr-oqibat kuchli, odamlarning ham bag‘ri keng edi.

– Turmush o‘rtog‘ingiz iqtisodiy muammolarni yengish, shoir sifatida elga tanilish uchun qay darajada sa’y-harakatlar qilganlar, unga kimlar yelkadosh bo‘lgan?

– Bular armiyadan kelgach, Shuhrat domlaning etiboriga tushganlar, u kishi qo‘llab-quvvatlab, yosh ijodkorga «Oq yo‘l» tilagan ustozlardan biri. Biz avvaliga qalam haqi bilan yashaganmiz, keyinchalik o‘g‘lim maktabga boradigan paytda Yunusobodning 14-dahasida uy bilan ta’minlangan yosh ijodkorlar qatorida biz ham bo‘lganmiz. Ikki xonali uyimiz biz uchun naq jannat kabi edi: ana shunda men haqiqiy baxtning ta’mini totganman. Hayotimizning eng unutilmas, rohatbaxsh pallalari edi bu.

– Usmon Azim o‘zbek adabiyotining ulug‘ namoyandalaridan hisoblanadi. Siz umr yo‘ldoshi sifatida u kishining qiyofasiga qanday chizgilar bera olasiz?

– U kishi juda olijanob, rostgo‘y, halol inson. O‘zlari ham shunday kishilarni yaxshi ko‘radilar. Baxillik, ichiqoralik kabi illatlarga ega odamlarni yoqtirmaydilar. Yana eng yaxshi fazilatlaridan biri – kek saqlamaydilar. Hatto, arazlashgan do‘stlarini «U sen haqingda rosa yaxshi fikrlar aytdi» deb, yarashtirib ham qo‘yadilar. Yaxshi asar jonu dili bo‘lgani kabi yaxshi, iste’dodli ijodkorlarni hurmat qiladilar, yaxshi ko‘radilar. Qo‘l uchida yozilgan asarlarga ijod mahsuli deb qaramaydilar. Hamisha o‘z ustida ishlashni kanda qilmaydi. Bugungi mavqeiga yetishi, xalq e’tiboriga tushishlari mehnatkashliklari tufayli, deb ayta olaman.

– Ijodkor oiladagi kamchiliklar, bolalarning o‘qishi, kasal-sog‘i, muammolari, uy ishlariga ham qarasharmidilar?

– Men bu masalalarni o‘z zimmamga olganman. U kishining kuchli iste’dodi bor – aytar so‘zi bor. Men buni teran anglayman. Shuning uchun hamisha bu kishining ijod qilishlari uchun sharoit yaratib berishga intilganman. Bolalarim kichikligidan otasi ijod qilayotganda jimlik saqlashga o‘rgatganman va ularda qog‘ozga hurmat uyg‘otganman. Bir parcha qog‘ozni ham yirtish, tashlab yuborish mumkin emas, chunki u dadang uchun muhim bo‘lishi mumkin, deya uqtirganman.

– Usmon Azimning oilada sizga, ya’ni rafiqasiga munosabati kanday? U kishining mehrini nimalarda his qilasiz?

– Oila – muqaddas dargoh. Unda barcha oilalardagi kabi turli tushunmovchiliklar ham bo‘lishi mumkin, albatta. Ammo u kishi har doim hurmatimni joyiga qo‘yadilar. Har bir harakatlarida, hatto so‘zlash ohanglarida ham mehrini, yaxshi ko‘rishini his qilib turaman. She’rlari orasida menga bag‘ishlanganlari bor. Res­publika matbuotida e’lon qilingan birinchi she’r­lari ham menga bag‘ish­lab yozilgan. Bu she’r harbiy xizmatda ekanliklarida «Sharq yulduzi» jurnalida bosilgan «Men seni hech kimga bermayman» she’ridir. Bunday she’rlari talaygina. U kishi har bir fikr­imni e’tiborga oladilar. Doimo meni «Ilohim umring uzoq bo‘lsin, doim yonimda bo‘lgin!» deb duo qilib yuradilar. Ayol kishiga bundan bosh­­qa nima kerak?!

– Xalqning ardoqli ijodkori farzandlariga, ularning kamolotiga qanday qaraganlar?

– Juda e’tiborlilar, deb aytishim mumkin. Bir misol: hali repititordan saboq olish urf bo‘lmagan paytlarda, ya’ni bolalarimiz kichkinaligidayoq uyimizga muallima kelib, ularga ingliz tilidan dars berardi. Bugun farzandlarimizning har bir yutug‘i bizni quvontiradi. Ulug‘bek iqtisodchi (izoh: intervyu olinganda Ulug‘bek hayot edi, u 2023 yil 1 fevralida vafot etdi – xabar.uz), Nazokat ijodkor, Shodiya tarixchi. Har biri o‘z sohasining bilimdoni. Farzandlarimiz qanday yutuqqa erishgan bo‘lsa o‘z bilimlari, mehnatlari bilan erishishadi, biz falonchining farzandimiz, deyishmaydi.

– Ra’no opa, siz nafaqat rafiqa, ona, shu bilan birga mohir tarjimon sifatida ham kitobxonlar hurmatini qozongansiz. Turmush o‘rtog‘ingizning asarlarini ham tarjima qilganmisiz?

– Men xalqimizning ardoqli yozuvchi va shoirlarining bir qancha asarlarini rus kitobxonlariga o‘z tilida o‘qishlari uchun tarjima qilib, taqdim etishga ozmi-ko‘pmi hissamni qo‘shishga harakat qilayapman. Tarjimalarim orasidan Shukur Xolmirzayev, Anvar Obidjon, Xayriddin Sultonov, Erkin A’zam kabi xalqimizning sevimli ijodkorlarining asarlari o‘rin olgan. Ularning asarlari mening tarjimamda sobiq ittifoq jurnallarida, nashriyotlarida chop etilgan. Bundan tashqari, Amir Temur hayoti haqidagi kitoblarni, diniy adabiyotlarni – Muhammad Yusuf Muhammad Sodiqning kitoblarini tarjima qilganman. Shular qatorida Usmon akaning ham bir qator esselari, dramatik asarlari, hikoyalari va she’rlari ham bor.

– Shoir nimalarga qiziqadilar, xobbilari nima? Ba’zida uy yumushlariga yordamlashish lozim bo‘lganida ulardan qanday ko‘mak olishingiz mumkin?

– Futbolni juda yaxshi ko‘radilar. Futbolga taalluqli barcha ma’lumot bu kishining oltin sandig‘ida, ya’ni xotirasida bor. Hatto bir gal sharhlovchilik ham qilganlar. Dunyoning mashhur sportchilarini birma-bir sanab bera oladilar. Bir gal Turkiya sayo­hatiga borganimizda bo‘yi uzun bir sportchini ko‘rib qolib, «Siz mashhur basketbolchi Vladimir Salnikovmisiz?» deb so‘radilar. Ikkalasi og‘a-ini kabi gaplashib, sportchilar hayoti va faoliyati haqida suhbatlashib ketsalar, deng. U kishi «Sen sportchimisan yoki trenermisan?» degan hayratlanib.

– Ustoz rahbarlik lavozimida, mas’ul vazifalarda, ya’ni Respublika Prezident Devonida Davlat maslahatchisi vazifasida ham ishlaganlar. O‘sha vaqtlari ularning odamlarga, oilasiga munosabati o‘zgarganmi?

– Yo‘q, aslo o‘zgarmagan. O‘sha-o‘sha hazilkash, samimiy va qat’iyatli insonligicha qolganlar. Chunki bu kishi sobit xarakterga ega inson, hamisha qat’iyatli va mehnatkash. Har doim o‘ziga topshirilgan har bir ishni chin dildan bajarishga odatlanganlar. U yerda ham shunday bo‘lgan. Shuning uchun qisqa muddat ichida oddiy xodimdan davlat maslahatchisi darajasiga ko‘tarishgan.

– Insonni ortda qolgan yillar kamolot cho‘qqisiga yetkazadi, ba’zida o‘zgartiradi ham. Kimdir kengfe’l, faqat ezgulikka oshno, vaqtini savobli ishlarga sarflaguvchi, kimdir… Ustoz ayni ulug‘lik maqomida, ijodiy kamolot pallasidalar. Bu yoshda ular qay tomonga o‘zgarganlar, qanday mashg‘ulotlar u kishiga ko‘proq zavq bag‘ishlaydi?

– Ilgari juda dangalchi edilar, hozir aksincha. Saviyasi past asar, iste’dodsiz ijodkorning asarini yuzma-yuz ham, yig‘ilishlarda ham keskin tanqid qilar edilar. Hozir ham bunday asarni hazm qila olmaydilar, ammo ko‘ngliga tegmasdan tushuntirish yo‘lini topadilar. Odamlar qalbiga ozor bermaslikka, ularni ayashga harakat qiladilar.

Usmon aka har doimgiday shu kunlarda ham ijodga sho‘ng‘iganlar, kitob o‘qishdan bosh ko‘tarmayaptilar. U kishi sayohatni yaxshi ko‘radilar. Ko‘p­lab mamlakatlarda bo‘lganlar. Xitoy, Gruziya, Armaniston, Germaniya, arab mamlakatlariga ijodiy safarlarga borganlar. Ikkalamiz birga Ozarbayjonga, Turkiyaga borganmiz. Nasib qilsa, yaqinda yana safarga chiqish ishtiyoqidamiz.

– Shoirning ilk o‘quvchisi kim, ya’ni ijod mahsulini kimga o‘qitishni odat qilganlar?

– Yaxshi sher yoki boshqa asar yozsalar, o‘zlariga ma’qul bo‘lsa darhol chaqirib, o‘qiydilar. Bolalarimiz kelib qolishsa ularga, shogirdlariga o‘qib beradilar.

– Usmon Azim ijodida qaysi yillar tub burilish pallasi bo‘lgan, deb hisoblaysiz?

– U kishi ijod maydoniga kirib kelibdilarki, bir xil shiddat va shijoat bilan ijod qilib kelayaptilar. Shu bilan birga hamisha, har bir asari kitobxonlarning eng sevimli asari bo‘lib kelayotir. Shoirning bugungi kunda prozaga o‘tishi, dramaturgiyaga qo‘l urishi, kinossenariynavis sifatida faoliyat olib borishi, barcha yo‘nalishda mukammal asar yarata olishi – bu uning naqadar mukammallik, yetuk­lik darajasini ko‘rsatadi.

– Shoir, dramaturg, kinossenariynavis va nosir Usmon Azimning kelgusi rejalari haqida nima deya olasiz? Ayni yetuklik pallasidagi ustozning qalbiga armon tuyg‘usi begona bo‘lsa kerak-a?

– Usmon aka hali-hanuz bir zum ham ijoddan to‘xtamaganlar, boshlab qo‘ygan asarlarini tugatish, yangilarini boshlash ilinjida tinib-tinchimaydilar. Men esa ularga ijod qilishlari uchun imkoniyat yaratib berishni o‘z vazifam deb bilaman. Ko‘rib, guvohi bo‘lganingizdek, xonadonimizda pashsha uchsa bilinadigan darajada sokinlik hukm suradi. Bu sharoitni u kishining ijod qilishlari uchun yaratganmiz. Men ayoli sifatida ularning osh-ovqati, kiyim-boshi, uyning saranjom-sarishtaligini ta’minlayman. Chunki, anglaymanki, bu kishiday iste’dod egasi yuz yilda bir marta dunyo­ga keladimi-yo‘qmi, noma’lum. Shoir juda iste’dodli, bilimli inson, uning qalbidagi duru gavharlarini odamlarga, kitobxonlarga qanchalik ko‘p va xo‘p yetkazishga hissa qo‘shish mening kelajak avlod oldidagi burchim, deb bilaman.

Armoni bor, deb o‘ylamayman, chunki Allohga shukr, chiroyli yashayapmiz, farzandlarimiz ham aqlli, esli-hushli, hayotda o‘z o‘rinlarini topishdi. Adabiyotda ham nimagadir erishdim, deb xursand bo‘lib gapirganlarini, shukrona aytganlarini ko‘p eshitaman.  

– Xalq e’tibori va e’tirofidagi, ehtiromidagi inson bilan umrguzaronlik qilar ekansiz, ortda qolgan umr yo‘llaringizga boqib, ko‘nglingizdan nimalar kechadi?

– Men o‘zimni eng baxtli inson bo‘lsam kerak, deb o‘ylayman. Ota-onam men uchun barcha sharoitni yaratishgan. Turmush o‘rtog‘im ham hamisha meni qadr­laydilar, ishlarimdan faxrlanib yuradilar.

– Ayolga baxtli bo‘lishi uchun nimalar kerak?

– Ayol baxtli bo‘lishi uchun, avvalo, sabrli bo‘lishi, o‘z ustida doimiy ishlashi, o‘zini yaxshi ko‘rishi kerak. O‘zini yaxshi ko‘rmagan ayol bosh­qani ham yaxshi ko‘ra olmaydi, qadriga yetmaydi. O‘zini yaxshi ko‘rgan, qadrlagan odam, avvalo, xonadonini pokiza, o‘zini ozoda saqlaydi, ham qalban, ham jisman chiroyli bo‘lishga harakat qiladi, pok bo‘lishi, oilaga yolg‘on aralashtirmasligi, ilm olishdan, izlanishdan, rivojlanishdan to‘xtamasligi, bir joyda qotib qolmasligi kerak.

– Ra’no opa, avvalo samimiy suhbatingiz, shoir, she’ru shuur haqidagi xolis fikrlaringiz uchun tashakkur. Siz bilan suhbatlashar ekanman, dilimdan shunday fikrlar o‘tdi: aslida siz kabi go‘zal xulqli, oqila va olima ayoli bor shoir baxtlidir.

Saodat Matyoqub qizi suhbatlashdi.
(«Adolat» gazetasidan)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring