Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qatiq zardobiga bosh yuvgan dunyo go‘zali, bir novvosning puli bo‘lgan kokteyl: Chexiyadagi bir  oqshom sururi...

Qatiq zardobiga bosh yuvgan dunyo go‘zali, bir novvosning puli bo‘lgan kokteyl: Chexiyadagi bir  oqshom sururi...

Chexiyaning Karlovi Varisida ayni sayyohlik mavsumi pallasi. Bu yerdagi eng serhasham restoranda noodatiy bir kecha. Shohona bezatilgan zalda ajib bir harorat hukmron. U xuddi Bottichelli asarlaridagi kabi nafis dekoratsiyalar bilan bezatilgan, har bir nuqta o‘zgacha ko‘rinish olgan, shaffof oynavand shiftda maftunkor chex osmoni to‘laligicha o‘z go‘zalligini namoyish etib turibdi, naqshinkor devorlarga alvon va oppoq atirgullar shunaqa mohirlik bilan o‘rnatilganki, xuddi ular tosh orasidan unib chiqayotgandek, yoyinki erkka talpingan botiniy hislar aksi ila betakror latofat baxsh etib turibdi. O‘ttiz nafardan ortiq orkestr ishtirokchilari jamligidagi ijro etilayotgan sehrli ohanglar zalga to‘rt tomondan o‘rnatilgan maxsus ovoz kuchaytirgichlardan shunday mayin taraladiki, ular butun vujudingiz orqali singib, ongingizni asir etib, ajib lirik tuyg‘ular baxsh etadi. Ijroda fransuz kompozitori Pol Marianing mashhur simfoniyalaridan biri. Restoran mijozlari bir necha oylar avval o‘zlari buyurtma qilgan joylarini orziqib egallay boshlashdi. Shu lahzadanoq barcha dunyoviy omillar muallaq holatga tushdiyu, jilolangan vaqtning bu bo‘shlig‘i latif bir ta’sirchanlik kasb etib, atrofni baxt garmonlari egallay boshlaydi.

Qarshimdagi stolda ko‘zni qamashtiruvdek maftunkor bir xonim o‘tirar, egnida binafsha rangidagi uzun libosi, karatlar bilan o‘lchaniladigan yorqin taqinchoqlari bilan juda hamohang edi. Libosning tepa qismlari ochiq bo‘lib, o‘sha joylariga mohirlik bilan oppoq harir to‘r qoplangan va bu unga sirlilik va o‘zgacha ulug‘vorlik bag‘ishlardi. To‘r ichidan ko‘rinayotgan oppoq  nafis  bo‘yin va yelkalar unga dengiz marvarididek sirlilik kasb etar va bu qanoatsiz ko‘zlarni yana o‘ziga chorlayverar edi. Oppoq va g‘uborsiz bu vujud tug‘ma go‘zallik bilan birga yillar davomida sayqallanib,shunday betakrorlikka ega bo‘lganmikan? Ma’lumotlarga ko‘ra, jahon miqyosida o‘tkaziladigan go‘zallik tanlovlari ishtirokchilarini tayyorlash uchun yillab ularning organizmi kerakli vitamin, minerallar bilan boyitilar ekan, yuz tiniqligida aks etadigan har bir omil hisobga olinib, hatto ichaklar devoridagi shlaklar tinimsiz yuvib borilishi va mikrofloralar yaxshilanishi va yana qancha sog‘lomlashtiruvchi muolajalardan keyin mo‘’jizali kokteyllar ichirilar, shu orqali teri rangi yanada tiniqlashar, ideal qomat yuzaga kelar ekan. Ammo zimdan kuzatayotganim — bu go‘zal ayol shuncha amallarni qilgan ekanmi yoki yaratganning in’omi ila unga hadsiz shu chiroy ato etilgan ekanmi?! Uning uzun timqora sochlari oppoq yelkalar uzra parishon yoyilgan va old qismiga qistirilgan jiloli toj xuddiki sevgi ma’budasi Afroditaning sochiga taqilgan gulchambar misoli turibdi. Ajabo, uning vujudi ham aynan Afroditaniki kabi — afsonalarga ko‘ra, uning tanasi dengiz mavjlaridan yaralgan ekan.

Dastlab qanaqadir ichki g‘urur bilan o‘zimni o‘sha “Afrodita”ga befarqdek ko‘rsatishga intildim. Sabr ila, uning ginali nigohlariga noma’lum matonat bilan, go‘yo beparvodek, restoranning oynavandidan tikilaman. Tashqaridagi mayin tomchilayotgan yomg‘ir o‘zgacha shukuhli ko‘rinar, bu tasvir va ichkaridagi muhit ifodalab bo‘lmas darajada ajoyib edi.

Nihoyat, bardoshimni jilovlay olmay, yonimga restoran xizmatchisini chaqirib, choychaqa qistiraman-u, u ayol kim ekani bilan qiziqaman. Quyuq choychaqadan shod xizmatchi zum o‘tmay qo‘limga bir parcha qog‘ozni tutqazdi. Angladimki, qarshimdagi go‘zalning millati grek, o‘zi Shvetsiyada yashaydi. U Chexiyaga onasi bilan kelgan (katta ehtimol bilan oilali emas, yolg‘iz). Eng qimmat pansionatga joylashgan, qizig‘i, o‘zi bilan pardozchisini hamroh qilib kelgan ekan. Demak, bu mo‘’jizali qo‘ng‘iroq sochlar o‘sha hamrohning mehnati mahsuli. Shu sochlarga termilaman-u, xotirimdagi yana bir o‘xshashlik yilt etib yodimga tushadi, beixtiyor yoshlik paytlarni yodimga olaman. Esimda, qishlog‘imiz go‘zali Nigoraning sochlari ham xuddi shunaqa jozibali edi. Umrida biror marta soch balzami yoki dazmoli ishlatmagan oddiy qishloq qizining sochlari “afrodita”nikidan kam emasdi. Bu ikki go‘zal sochlarining mushtarakligi sabablarini yillar o‘tib, anglagandek bo‘laman. O‘zimni onamda ko‘rganim kabi ko‘pgina qishloq ayollarida bir yaxshi urf bor bo‘lib, ular yosh qizchalarning sochini qatiq zardobida yuvib parvarishlaydi. Buning nechog‘liq foydali ekaniga esa yaqinda dunyoga mashhur fransuz parfyumeriya kompaniyasi shampuni tarkibida aynan shu qatiq zardobi borligini bilgach amin bo‘ldim. Faqat u maxsus vositalar yordamida kukunga aylantirilib, keyin qo‘shilar ekan. Mikroelementlarga boy bu qo‘shimcha soch ildizini mustahkamlab, sog‘lom jilosini ta’minlar ekan. 

Qizig‘i, bir martalik soch turmagi falon ming yevro turadigan yunon go‘zalining ham, qatiq zardobi vositasidagi shifobaxsh amallarni ado etgan qishloq go‘zalining ham qarashlari bir-biriga juda o‘xshash edi. Ikkisi ham o‘ziga tikilayotgan nigohlarni ich-ichidan sezib, nimanidir his etib turar, fursat kutib, o‘sha kuzatuvchi nigohlar chekinganiga amin bo‘lgachgina, qisqa sinchkov nazar tashlar, keyin yana hushyorlik bilan ko‘zlarini boshqa nuqtaga olib qochar edi.

O‘shanda Nigora  yashaydigan ko‘k darvozali uy men uchun allaqanday sirli, mavhum va yetib bo‘lmas ajabtovur bir maskan edi. Esimda, bir safar qorli  oqshom edi. Men  doimgidek tanish ko‘k darvoza qarshisida edim. Nigora kelganimni sezishi uchun ko‘cha chetida g‘amlangan g‘o‘zapoya g‘aramidan cho‘plarni sug‘urib, oppoq qorlarga harflar teraman, shu tarzda dil izhori yozib ketaman. Ammo o‘shanda qor ostida qolib ketgan bu izhor kabi, qaysar g‘urur tufayli muhabbat ham izhorsiz, qalbda mangu qolib ketgan edi...

Shu iztirobli xayollar bilan qarshimdagi maftunkor xilqatga ko‘z tashladimu, g‘ururni yengib, keskin jasorat bilan unga iltifotli imo qildim, u nazokat bilan javob qaytardi. Shunda bir shahd bilan devordagi g‘unchalardan uzib, mo‘’jaz gulchambar yasadimu, qalin salfetkaga “Afroditaga – sarhush Dionisdan” deb yozdim. Xizmatchiga shularni Fransiya klassikasi hisoblangan Moet/Chandon shampan vinosi bilan birga olib borishini buyurdim. Afrodita shampan va gulchambarga, eng asosiysi, maktubga mamnuniyat bilan tabassum izhor etdi. Bir paytlar Napoleon etiboriga sazovor bo‘lgan o‘sha shampan to‘ldirilgan qadahini mamnun va ajib ishora bilan sekin ho‘plab qo‘ydi. Unga javoban qo‘limdagi Tinch ummonidan keltirilgan qanaqadir dengiz o‘ti va tansiq mevalar uyg‘unligida tayyorlangan kokteyldan ho‘playman. Bir ho‘plami katta bir novvosni pulidan qimmat bu noyob ichimlikdan o‘zgacha bir ta’m qidiraman. Ammo qachonlardir bolaligimizdagi ichgan, qadrdon ta’mli o‘sha limonaddan afzal jihatini topolmayman. Shunda beixtiyor yana xotiralarim bilan beixtiyor bolalik tomon yuzlanaman.

Bolaligimizda qiziq bir urf — to‘ylarda limonad o‘g‘irlash odati bo‘lardi. Qishloqda kimnikida to‘y bo‘lishini(u vaqtlar hamma to‘ylar hovlilarda o‘tardi) avvaldan ko‘pchilik bilar, shu asnoda bolalar o‘rtasida limonad o‘g‘irlash operatsiyasi rejasi tuzilardi. Operatsiya eng olg‘ir, uddaburon jo‘raboshi tomonidan tuzilar,har bir ishtirokchiga qat’iy vazifalar qo‘yilardi.

“Hoshim akaning to‘yida sen qaysi vazifani bajarasan”, surishtirib qoldi jo‘raboshi. ”O‘tgan safargidek sustkashlik qilmassan, chalg‘ituvchi bo‘lasanmi yoki olib qochuvchi”?  Kimdir bu noxush vazifadan bo‘yin tovlasa bormi, bolalarning “shirin” davrasidan chetda qolishi tayin edi. Shu  sabab ko‘pchilik bu “zavqli” ishga bosh qo‘shishga majbur edi.

To‘y kuni kelib, operatsiya tashabbuskorlari davrani zimdan kuzata boshladi. Hamma ishtirokchilarga stollar va o‘lja olish nuqtalari taqsimlandi. Men chalg‘ituvchi vazifasidaman va stol qarshisida jur’atsiz turib, maxsus imo-ishorani, operatsiya vaqtini kutaman. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, stol qo‘riqchisi vazifasida o‘zimning akam. Oppoq ko‘ylak, qora shim kiygan, qo‘lida limonad ochqich moslama va sochiq. Oltita stolda “limonad operatsiyasi” bir paytda boshlanishi lozim. Reja aniq. Chalg‘ituvchi vazifasidagi bola qo‘riqchiga pomidor otadi va u o‘zi bilan andarmon bo‘lgan chog‘, boshqa birov limonadni olib qochadi. Ana, maxsus ishora berildi, tabiiyki men turgan stol yonida operatsiya amalga oshmadi. O‘z akamning oq ko‘ylagiga pomidor irg‘itmadim. Ammo narigi stollarda, nimalardir sodir bo‘ldi. Davra chetidan jo‘raboshi ishni do‘ndirib, ikkita limonadni olib qochdi. Doim tanbeh va tahdid bilan cheklanadigan qo‘riqchi bu safar uni qat’iy ta’qib qila boshladi, ammo limonadxo‘r ham bo‘sh kelay demasdi. U yo‘l-yo‘lakay limonadlardan biri ochiq ekanini bilib qoldi va sabri chidamay undan yutoqib icha boshladi. Shu asnoda qo‘riqchi unga yetib olib, yelkasiga musht tushira boshladi. Limonad lazzatidan bahramand jo‘raboshimiz, yelkasiga tushayotgan zalvorli mushtga ham parvo qilmay, shishani qo‘yay demasdi. Ozg‘in gavdasi musht zarbidan qaltis silkinib ketar, u esa bor e’tiborini shishaga qaratib, o‘zini emas, shishani avaylar edi...

Nihoyat, to‘yxonadan amallab chiqib, kelishilgan tanish manzilda yig‘ilamiz, oltita emas to‘rt dona shisha o‘g‘irlashga erishibmiz. Guruh a’zolari operatsiyaning men kabi noshud qatnashchilariga biroz ginali e’tiroz bildirishsa-da, o‘ljani birga baham ko‘ra boshlashdi. Shishalardagi limonad qolmaguncha davra bo‘ylab aylana boshlaydi. Barchamizni birgina narsa — shishalar tugab qolishi chuqur xavotirga solardi.

Shularni entikib xotirlar ekanman, hozirgi holatim bilan o‘sha o‘tgan damlarimni taqqos etaman. Butun ongu shuurim bilan xulosa qilishga urinaman va hayot lazzatlariyu, baxtli lahzalar aslida olis-g‘urbatdagi hashamatda yoki dabdabada emas, balki odatiy o‘tayotgan g‘animat lahzalarimizda ekanini, chinakam eyforiya esa o‘sha g‘o‘zapoya g‘arami ortida yoki limonadlar ichilgan makkajo‘xori dalasida qolganini his etib qolaman.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring