Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoro tarixiy markazida Xalqaro biyennale boshlandi (foto)

Buxoro tarixiy markazida Xalqaro biyennale boshlandi (foto)

Foto: Xabar.uz / Telegram

Bugun, 6 sentyabr kuni Buxoro tarixiy markazida Markaziy Osiyo miqyosida birinchi yirik festival Xalqaro arxitektura va san’atning ilg‘or yutuqlari asosidagi biyennale boshlandi.

Biyennale 10 hafta davom etadi. Ma’lumot uchun: biyennale — muntazam har ikki yilda o‘tkaziladigan ko‘rgazma.

«Buxoro dunyo e’tibori markazida. Biyennale maydoni ko‘plab xorijiy davlatlar, uzoq-yaqin mamlakatlardan kelgan rassom va hunarmandlarni birlashtirdi.

Muqaddas Buxoro zamini butun insoniyatning mulki, asrlar davomida jahon sivilizatsiyasiga mansub bo‘lgan, azaldan madaniyat, ijod va ilm-ma’rifat markazi sifatida tanilgan shahardir.

Millatlar o‘rtasida hamisha ochiq muloqot ruhi hukm suruvchi ayni maskanda madaniy merosning qadriga yetadigan, uni asrab-avaylaydigan ziyolilar yig‘ilgani tabiiy voqelik.

Masjid gumbazlaridan to ipak gilamlargacha, zardo‘zlik namunalaridan to miniatyura san’atigacha, yog‘och o‘ymakorligidan to shashmaqom musiqasigacha bebaho xazinamiz ko‘plab avlodlar mahorati va iqtidorini o‘zida mujassam etgan.

Bugun madaniyat biz uchun nafaqat go‘zallik va ilhom manbai, balki xalqaro nufuzimizni oshiradigan hamda mamlakatimizning global makondagi qiyofasini shakllantiradigan strategik resurs hamdir», deb yozdi Saida Mirziyoyeva o‘z telegram-kanalida.

Ushbu festival o‘lkaning turistik jozibadorligini yanada oshirish, madaniy meros ob’yektlarini san’at namoyishi maydonlariga aylantirish, sayyohlarning muntazam qayta tashrif buyurishga bo‘lgan qiziqishini shakllantirishga qaratilgan.

Mutaxassislarning fikricha, ushbu san’at anjumani Buxoroni noyob kreativ klaster xabiga aylantirishga ham xizmat qiladi.

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov festival davomida Biyennalega tayyorgarlik ko‘rish jarayonida Buxoroning tarixi qayta tiklangani, eski shahar qismida katta ko‘lamdagi ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirilganini aytdi.

«To‘qqizta madaniy meros ob’yekti restavratsiya qilinib, hudud to‘liq obodonlashtirildi. Umuman, Biyennale buxoroliklar uchun ulkan bayramga, katta to‘yga aylanib ketdi. Buning uchun 157,3 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Albatta, bu ishlar Buxoroning turistik salohiyatini yanada oshirish uchun ham katta imkoniyat berdi», dedi viloyat rahbari.

Biyennale munosabati bilan Buxoroga qo‘shimcha yarim mlndan ko‘proq mehmon va turist kelishi prognoz qilinmoqda. Dunyoning 70 dan ziyod mamlakatidan 300 ga yaqin ijodkorlar qatnashishi kutilmoqda.

Ma’umot o‘rnida: Biyennale munosabati bilan Buxoroga mehmon bo‘lib kelgan har bir sayyoh e’tiborda. Viloyat IIB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlari tomonidan festival doirasida «Rechipes for Broken Hearts» («Siniq yuraklar uchun malham») nomli mahalliy va xorijiy sayyohlarning xavfsizligini ta’minlash tadbirini tizimli tashkil etish yo‘lga qo‘yilgan.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring