Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Karimberdi To‘ramurod

Qo‘rqsang – yozma! Yozdingmi – qo‘rqma!

Chingiz Aytmatov. Alamli va omadli bolalik

Chingiz Aytmatov. Alamli va omadli bolalik

Chingiz Aytmatov 28 yoshga kirganidagina adabiyotsiz yashay olmasligini his qiladi.

Foto: «respub.kg»

Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligiga

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2-aprel kuni «Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida» qaror imzolangani to‘g‘risida xabar bergan edik. «Xabar.uz» sayti ham mazkur qaror ijrosiga muvofiq turkum maqolalar chop etib bormoqda. Ularning ikkinchisini e’tiboringizga havola qilamiz.

 2-maqola

 Omadli bolalik

Hamma bilavermaydigan narsa shuki, Chingiz Aytmatov mashaqqatli bolalik yillarini bosib o‘tgan. Bolaligi qatag‘on yillariga, o‘smirligi urush yillariga to‘g‘ri kelgan Chingizni mashaqqatli hayotning o‘zi yozuvchi qilib tarbiyalagan edi.

Chingiz Aytmatov 1928-yilning 12-dekabrida Avliyoota shahri yaqinidagi Shakar ovulida tug‘ildi.

«Men Shakar urug‘idanman, otam To‘raqul, uning otasi Aytmat, uning otasi Kimbildi, uning otasi Qonjuchoq. Aytmat bobom qo‘li gul usta edi, ham duradgor, ham temirchi, ham chevar edi, durustgina baxshi ham edi», — deb eslaydi Chingiz Aytmatov o‘z shajarasini.

«Durustgina baxshi ham edi».

Ana shu nuqtadan Chingiz Aytmatovning qismatiga tamal toshi qo‘yilgan, ya’ni uning yozuvchilikka qoni tortgan. Buvisi Oyimxon ena Chingizga ko‘p ertak va afsonalarni so‘zlab bergan. Bu ma’naviyat durdonalari, xalqning ming yillar davomida shakllangan aytimlari, o‘lanlari Chingiz Aytmatov asarlarining teran ildizlari bo‘lib xizmat qildi. Uning bolalarcha tasavvurlari ana shu aytimlar, rivoyatlar, afsonalar, ertaklar, qo‘shiqlar bilan boyidi.

Bu haqda keyinchalik u bunday yozgan: «Ijodkor va xalq – ulug‘vorlikning ikki tutashuvidir. Xalq iste’dodni tug‘adi, shu bilan birga mohir san’atkor yaratgan eng yaxshi kashfiyotlarni ham shu xalq qadrlaydi, asraydi. San’atkor – xalqning, xalq – san’atkorning tayanch nuqtasidir».

Qirg‘izlar qadimdan ko‘chmanchi, chorvador xalq. Ular sahro tabiati va jonzotlari bilan yonma-yon yashab kelishgan. Xalqning ma’naviyati shundan ruh, ilhom olgan, shakllangan. Chingiz Aytmatov ham oxirgi ko‘chishlardan biriga guvoh bo‘lgan, ishtirok qilgan. Besh-olti yoshli bolani otga mindirib qo‘yishgan va u ovuldoshlari bilan birga dovon oshib, safarga chiqqan.

Ana shu ko‘chishda ro‘y bergan voqeani Chingiz Aytmatov ko‘p eslagan, o‘zi anglagan haqiqatni o‘zgalarga anglatolmay, ishontira olmay, hayratga tushgan. Gap shundaki, tish og‘rig‘iga uchragan Chingizni bir shomon davolaydi. Chingiz Aytmatov har xil suratlar tushirilgan matodan tikilgan boshkiyim va ajabtovur kiyimlar kiyib olgan shomon hammani o‘tovdan chiqarib yuborganini, Chingiz bilan yolg‘iz qolishganini, Chingizning ustiga ko‘rpa yopib qo‘yib, qo‘liga qo‘lbola chiroqni berib, uning oloviga og‘zini ochib turishini tayinlaydi va doirasini chertib, qadimiy duolar bilan aytimlarni ayta boshlaydi. Chingizning tish og‘rig‘i taqqa to‘xtaydi va u og‘zidan tushgan, toshlar orasida g‘imirlab yurgan soch tolasidan ham ingichka oq qurtlar — tish qurtlarini ko‘radi. Qizig‘i, ulg‘ayganda ham birorta tish vrachini o‘zi ko‘rgan narsaga ishontira olmaydi...

Bu hayotiy lavhadan shu narsani anglaymizki, qirg‘izlar islom dinini qabul qilganlariga o‘n besh asr bo‘lgan bo‘lsa-da, haligacha qadimiy shomonlik an’analaridan ham voz kechmagan, uni ham qo‘llab yurishar ekan.

Yana bir omad shuki, Chingiz hali sakkiz yoshligida otasi ularni Moskvaga chaqirib oladi va u ikki yil Moskvadagi maktabda o‘qiydi. Bu turkiyzabon yozuvchilar orasida hech kimga nasib qilmagan bir omad edi. Sobiq Sovet ittifoqining barcha xalqlari uchun umumiy til bo‘lgan rus tilini uning poytaxtida o‘rganish, shu tilda saboq olish chinakam baxt edi.

Chingiz Aytmatov o‘zlari Yozuvchilar uyi yaqinidagi yotoqxonada turishganini, darsdan tashqari paytlari qo‘shni bolalar bilan Yozuvchilar uyi bog‘ida o‘ynab yurishganini eslab, «hayotning o‘zi mening yozuvchi bo‘lishimni juda istagan ko‘rinadi», — deydi.

Chingiz Aytmatov yana bir voqeani eslaydi: «Biz qo‘shni bolalar bilan Yozuvchilar uyiga qarashli bog‘ maydonchalarida o‘ynab yurardik. Bir kuni otam meni shu joydagi juda ko‘p odam yig‘ilgan mitingga olib bordi. Keyin bilsam, bu yozuvchi Maksim Gorkiy bilan vidolashuv marosimi ekan».

Omadsiz bolalik

Bolaligining omadsizligi shunda ediki, hali to‘qqiz yoshda bo‘lgan Chingiz ota mehriga to‘ymasdan, suyagi qotmasdan turib otasidan ayrildi. Nihoyatda ta’sirchan, favqulodda katta qalb va fahmu farosat egasi bo‘lgan to‘qqiz yoshli Chingiz boshida qora bulutlar aylanib, qamoqqa olinishi mumkin bo‘lgan otasi ularni poyezdga chiqarib qo‘ygan paytdayoq hamma narsaga tushunadi. U otasi bilan qaytib ko‘rishmasligini ham, endi to‘ng‘ich o‘g‘il sifatida yolg‘iz qolgan onasiga o‘zi yordamchi bo‘lishi, ukalariga o‘zi g‘amxo‘rlik qilishi lozimligini ham tushunib yetadi. To‘qqiz yoshli «erkak» o‘sha kuni otasi bilan ham, bolalagi bilan ham abadiy xayrlashadi...

Yana bir omadsizlik shu ediki, otasi «xalq dushmani»ga chiqarilib, otib tashlangan Chingiz va ukalariga g‘amxo‘rlik qilib turgan amakisi Risqul ham «xalq dushmani» sifatida qamoqqa olinadi. Tunda NKVDchilar so‘roqlab kelganda qo‘rqib ketgan Chingizga «Qo‘rqma, hech narsadan xavotirlanma, men tezda qaytaman» degan Risqul ham benomu-nishon ketadi. Aytmatovlarning barcha erkaklari qatag‘on qurboni bo‘lib ketishadi.

Asarlarga ko‘chgan bolalik

Chingiz o‘n bir yoshida o‘lim bilan yuzma-yuz keladi. Yigirma chaqirim naridan ish topgan onaning mehnat haqi bo‘lgan besh pud bug‘doy va makkajo‘xori donini ijaraga olingan ot-aravada olib kelayotgan ona-bola kimsasiz dashtda ulkan kulrang bo‘riga duch kelishadi. Ona bechora ovulga yetguncha «O‘zing asra!» deb xudoga yolvorib boradi. Bo‘ri yolg‘izligidan bularga hamla qilolmaydi, agar bo‘rilar ko‘p bo‘lishganida dunyo bo‘lajak yozuvchidan judo bo‘lardi...

Ona bechora ovulga yetguncha «O‘zing asra!» deb xudoga yolvorib boradi...

O‘spirin Chingiz va uning tengdoshiga o‘rislar boqayotgan cho‘chqalarini temiryo‘l bekatiga, go‘shtga topshirib kelishni buyurishadi. Ular qisqaroq yo‘lni tanlab, dovon orqali borishadi va dovonda urushdan qochib yurgan bir gala yomonlar qo‘liga tushib qolishadi. Yarim kechasi bu g‘alamislar qimorga andarmon bo‘lib qolganlarida ikki o‘spirin u yerdan qochib ketishadi, ammo...

Odamlardan qochgan o‘spirinlar endi ochiq dalada bo‘ri galasiga duch kelishadi. «Qo‘rquvdan shunday baqirdikki, qadim ajdodlarimiz o‘lim oldidagina shunday qiy-chuv ko‘tarib, dahshatli bir tarzda baqirishgan bo‘lsa kerak. Bu yovvoyi ovozdan cho‘chib ketgan otlarimiz battar tezroq chopishgan bo‘lsa, ovozimizdan qo‘rqqan bo‘rilar bizga hujum qila olishmadi», — deb eslagan bu voqeani Chingiz Aytmatov.

Chingiz Aytmatov o‘spirin yoshidanoq soliqchi, qishloq sho‘rosi raisiga kotiblik kabi ishlarni bajaradi. Ot-aravada temiryo‘l stansiyasiga g‘alla tashiydi. Ana shu narsalar uning «Jamila» qissasida aks etadi.

Endi tasavvur qiling: 1943-yil. Urush avjida. Chingizlarning oilasi «xalq dushmani»ning oilasi maqomida. Azoblar ustma-ust. Yo‘qchilik. Qahatchilik. Shuning ustiga «ana tug‘adi, mana tug‘adi» deb turgan yakka-yu yagona sigirlarini o‘g‘ri o‘g‘irlab ketadi. Bu kulfat «Yuzma-yuz» qissasining kulminatson nuqtasi sifatida asarga ko‘chgan.

Alamli yoshlik

Chingiz Aytmatov institutda a’lo baholarga o‘qib, Stalin stependiyasini olishga musharraf bo‘ladi. Uni hatto institutda olib qolishmoqchi ham bo‘lishadi. Ammo ko‘pchilikda bo‘lgan ko‘rolmaslik, hasadgo‘ylik qirg‘izlarga ham begona emas ekan, «Xalq dushmani»ning o‘g‘li nega «xalqlar otasi»ning stependiyasini olishi kerak?» degan «yumaloq xat» o‘z ishini ko‘rsatadi. Stependiya ham qaytarib olinadi, aspiranturada qolish ham yo‘qqa chiqadi.

Yozuvchilik sari

Chingiz Aytmatov 28 yoshga kirganidagina adabiyotsiz yashay olmasligini his qiladi. Shungacha ham to‘rt-besh hikoya, maqolalar yozib yurgan Chingiz adabiyot bilan jiddiy shug‘ullanish maqsadida Moskvaga yo‘l oladi va 1956 — 1958-yillari Maksim Gorkiy nomidagi adbiyot institutining Oliy adabiyot kursida o‘qiydi...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring