Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hukumatlararo qo‘shma komissiya kinematografiyaga oid hamkorlikni muhokama qildi

Hukumatlararo qo‘shma komissiya kinematografiyaga oid hamkorlikni muhokama qildi

O‘zbekiston va Rossiya Hukumatlari qo‘shma komissiyasi yig‘ilishida Toshkentda VGIK filialini ochilishi va «Ipak yo‘li durdonasi» kinofestivali bo‘yicha hamkorlik muhokama qilindi. Muhokamalar davomida «Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent Xalqaro kinofestivali doirasida rus kinosi kunlarini o‘tkazish bo‘yicha tashabbus ilgari surildi. Rossiya tomoni O‘zbekiston tarafning bu tashabbusini to‘liq quvvatladi. Shuningdek, Rossiya Madaniyat vaziri Olga Lyubimova Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filialining Toshkentda ochilishini olqishladi. Filial bo‘yicha barcha zarur ishlar amalga oshirilishi ma’lum qilindi.

Shu munosabat bilan bugun Butunrossiya davlat kinematografiya institutida institut rektori Vladimir Malishev va O‘zbekiston kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar Toshkentda ochilishi rejalashtirilayotgan Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filiali bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishdi. Uchrashuv davomida VGIK rahbariyati bilan tuzilgan shartnoma mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uchun qo‘yilgan muhim qadamlardan biri ekanligi ta’kidlandi.

– Hozirda 7 nafar o‘zbekistonlik yoshlar VGIKda ta’lim olayotgan bo‘lsa, joriy yil yana 30 nafar abituriyent ushbu oliy ta’lim muassasasining talabasi bo‘lishi tarafdorimiz, – deydi Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov. – Bundan tashqari, yana 15 nafar yoshlarni institutning aktyorlik ustaxonalarida tahsil olishga yuborishni rejalashtirmoqdamiz. Yosh kinoijodkorlarning ta’lim olishini yaxshilashning eng muhim yo‘li bu – Toshkentda VGIK filialining tashkil qilinishi bo‘ladi. Filial taqdimotini «Ipak yo‘li durdonasi» XIII Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida o‘tkazishni maqsad qilganmiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring